Bilasizmi?
Inson sha’ni – shaxsning qonun asosida himoya qilinadigan, har qanday sharoitda ham daxlsiz hisoblanadigan, asl insoniy mohiyat ifodasi bo‘lgan or-nomusi, qadr-qimmati va g‘ururi, sha’nu sharafi butun ma’naviy borlig‘ini mujassam etadigan tushuncha. Inson sha’ni o‘zlikni, muqaddas ma’naviy asoslarga, otaona, aka-uka, opa-singil, sevikli yor, oila, ijtimoiy guruh, sinf, jamiyat, Vatan, xalq, millat va hokazolarga daxldorlikni anglab yetish, ana shu bog‘liqlik rishtalarini har qanday vaziyatda pok saqlash, ularni mustahkamlashga qaratilgan yuksak his-tuyg‘u, yuksak fazilatdir. Or, oriyat deganda, o‘zi va ota-bobolari, inson nomiga, sha’niga munosib deb bilgan ishlarni qilish, shunday asosda yashash, shunga teskari bo‘lgan ishdan hijolat tortish, uyalish, nomus qilish tushuniladi. Nomus deganda kishining har qanday sharoitda, hatto aziz joni evaziga o‘z obro‘sini saqlashi, oriyat, diyonat, uyat-andisha, sharm-hayoni har narsadan yuqori qo‘yib yashash tushuniladi. Oriyatli odam deb, o‘z inson sha’nini qadrlaydigan insonlarga aytiladi. Insonning qadr-qimmatini yerga urish, sha’nini toptash eng qattiq jinoyatdir. Chunki inson sha’nini saqlash, ya’ni haqiqiy inson bo‘lib qolishga intilish – bu butun insoniyat ulug‘laydigan fazilatdir. Binobarin shunday fazilat egasini kamsitish, haqorat qilish – butun insoniyatga qarshi jinoyat sodir etish bilan barobardir. Shuning uchun inson bilan muomala-munosabatda – u kim bo‘lishdan qat’i nazar uning sha’nini hurmat qilish umumbashariy qadriyatlarning asosini tashkil etadi. Diyonatli, oriyatli bo‘lish xalqimizga xos milliy axloqning muhim tamoyillaridan bo‘lib, inson sha’nini saqlashda bu fazilatlar asosiy o‘rin tutadi. Diyonat vijdon va imonning asosiy shartlaridan biri bo‘lib, halollik, poklik, to‘g‘rilik kabi ezgu tamoyillarga amal qilib, inson sha’ni va burchiga sadoqat bilan yashashni anglatadi. Diyonatli kishi oriyatli bo‘ladi. Oriyat, or-nomuslilik milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘usi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ma’naviy yetuklikning muhim belgisidir. Xalqimiz azal-azaldan or-nomus kuchliligi bilan ajralib keladi. Eng og‘ir va murakkab damlarda ham o‘zligini saqlash, yovlarga qarshi kurashda ota-bobolarimizga or-nomusi kuch-quvvat manbai bo‘lib xizmat qilgan. Or-nomussiz kishilar qadr-qimmatni bilmaydi, ular xiyonatga moyil bo‘ladilar. Bordi-yu ular elga bosh bo‘lsa, ittifoq o‘rnini nifoq, adolat o‘rnini zulm, do‘stlik o‘rnini adovat, muruvvat o‘rnini xasislik, saxovat o‘rnini baxillik, muhabbat o‘rnini nafrat, tavoze o‘rnini kibr, havas o‘rnini hasad, shafqat o‘rnini berahmlik, muloyimlik o‘rnini qo‘pollik, hurmat o‘rnini tuhmat, qanoat o‘rnini ta’na egallaydi. Natijada, jamiyat ma’naviy tanazzulga yuz o‘girib, inson sha’ni toptaladi. Milliy tarbiya jarayonida to‘laqonli shaxs bo‘lib voyaga yetgan individlar insonlik sha’ni uchun kurashga qodir bo‘ladi. Shaxs o‘zi mansub bo‘lgan jamoa, millati va xalq manfaatlarini hamma narsadan, hatto o‘z jonidan ham aziz va muqaddas deb biladi. O‘z qadrini bilgan odamlargina o‘zgalarni qadrlay oladi, chunki bunday shaxslarda qadriyatli ong shakllangan bo‘ladi. Qadriyatli ong sohiblarida o‘z xalqi, millati sha’nini har qanday vaziyatda ham pok saqlash, unga dog‘ tushirmaslik fazilatlari ustuvor bo‘ladi.
Tarixga murojaat qilaylik. Buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur butun Yevropani zir titratgan Yildirim Boyazidni nima uchun jangu jadalda yengib, tiz cho‘ktirdi. Chunki u Sohibqironning sha’niga tegadigan gaplarni aytgan edi. Shuning uchun Amir Temur, garchi uni buyuk hukmdor va sarkarda sifatida hurmat qilsa-da, o‘z sha’nu sharafi uchun u bilan jang qilishga majbur bo‘ladi. Xalqimiz qadim-qadim zamonlardan buyon tarixan kamtar, kamsuxan, tabiatan mard, mehnatsevar, oilaparvar, bolajon, saxovatpesha, mehmondo‘st, bag‘rikeng, qalbi pok bo‘lib, uning bu fazilatlari millatimiz sha’nini ulug‘lashda, hal qiluvchi ahamiyat kasb etib kelgan. XIX asrda xalqimizning fe’l-atvorini o‘rgangan venger tadqiqotchisi German Vamberi bunday fazilatlarni yuksak baholaydi. U bunday yozadi: "Bu xalqning ijobiy, ma’naviy jihatlari eng avvalo ularning ochiqko‘ngil, mard, jiddiy, haqiqiy turkiy himmatga ega ekanida yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi...". Vamberi "O‘zbeklar bir so‘zni o‘ylab, mulohaza qilib aytgunicha qo‘shni xalq vakillari qanchadanqancha gapni javrab tashlashini aytadi. O‘zbek o‘ylabroq so‘z qotadi, to‘g‘ri gapiradigan, to‘g‘ri harakat qiladigan, ko‘zga tik qaraydigan erkakni mukammallik namunasi deb biladi", deb ta’kidlaydi u. Dalada o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, indamaygina ibtidoiy omochni tortib yurgan oddiy, halol dehqonni ko‘rgan odam uni o‘z yurtining xaloskori deb tasavvur qilishi qiyin ekaniga e’tibor qaratar ekan, Vamberi yozadi: "Aynan shu odam bizning vaqtgacha Markaziy Osiyoning xo‘jayini bo‘lib keldi. Chunki shu oddiy omoch tortib yurgan o‘zbek kerak bo‘lgan paytda otga irg‘ib mina oladi va qo‘liga qurol olib, o‘zini jang maydonida ko‘rsatadi". Bu fikrlar millatimiz vakillarida inson sha’ni asrlar davomida yuksak bo‘lib kelganining xolis e’tirofidir. O‘zbek ayollari haqida gap ketganda, Vamberi ular uyat, nomus, hayo va ibo, iffat, nazokat, shirinzabonlik, oilaga sadoqat, bolalarga cheksiz muhabbat, kiyinishda, yurish-turishda an’anaviy me’yorlariga qattiq rioya qilish kabi sifatlari bilan ajralib turishiga e’tibor qaratadi. Bu ham hech shubhasiz millatdoshlarimizda inson sha’ni yuksakligidan dalolat beradi. Bugungi kunda o‘zlikni ang lagan holda milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi asosida yashash, zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni egallash, mehnatda, hayotning turli sohalarida o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etib, xalqi va yurtiga sidqidildan xizmat etish inson sha’nini yuksaltiradi. Deylik, O‘zbekistonda tayyorlanayotgan mahsulotlar jahon bozorida yuksak baholanishidan g‘urur va iftixor tuyadigan kishilar yomon, sifatsiz mahsulot ishlab chiqarishdan or-nomus qiladi. Shu tariqa millatimiz hamda mamlakatimiz sha’nini ulug‘lagan bo‘ladi. Yoki sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda erishayotgan muvaffaqiyatlaridan faxrlanish hislari inson sha’nini yuksaltirishga xizmat qiladigan omillardandir. Millatlararo va dinlararo munosabatlarni insonparvarlik ruhida qaror toptirish, bugungi globallashuv jarayonlarida o‘z milliy qiyofamiz, dinimiz va ma’naviyatimizni saqlab qolishga intilish millatimiz sha’ni uchun kurashning bir shakli sifatida namoyon bo‘lmoqdaki, buni har bir yurtdoshimiz anglab, tushunib olishi zarur. Keyingi yillarda mamlakatimizda inson sha’ni, uning qadr-qimmati eng oliy qadriyatlardan biriga aylandi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q