Bilasizmi?
Inson (arabcha unutmoq) – olamdagi boshqa biologik mavjudotlardan ajralib turadigan muhim xususiyatlarga, ya’ni aql, ma’naviyat, madaniyat, axloq, tafakkur, til va boshqa jihatlarga ega bo‘lgan ijtimoiy vujud, odam zotini anglatuvchi tushuncha. Inson nasliga xos barcha genetik xususiyatlar, axloqiy normalar, uning faoliyatini boshqaruvchi xislatlar ajdodlardan avlodlarga uzatiladi. Boshqa tirik mavjudotlardan insonning tub farqini ko‘rsatadigan xususiyatlardan yana biri uning o‘z amaliy faoliyatini tartibga sola bilishidir. Bu holat insonning insoniyligini belgilovchi eng muhim xususiyat, madaniyat belgisidir. Shuningdek, insonning o‘z turmushi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish malakasiga ega ekani ham uning ustuvor xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Inson hayotida mehnat asosiy o‘rin tutadi. Mehnat tufayli inson o‘zi yashayotgan tabiiy muhitni o‘zgartiradi, moddiy va ma’naviy boyliklar yaratadi, o‘zini takomillashtiradi. Inson organizmining sof fiziologik funksiyalari, qo‘l va oyoqlarning, bosh va yuzning, tog‘aylar, paylar, suyak va muskullarning rivojlanishi ham bevosita jismoniy mehnat va aqliy faoliyat bilan bog‘liq. Bundan tashqari, mehnat insonning ma’naviy, madaniy rivoji uchun ham asosiy shart-sharoit bo‘lib xizmat qiladi. Mehnat tufayli inson tabiatga ta’sir etadi, mehnat qurollari yasab, ularni uzluksiz takomillashtirib boradi. Oilaviy munosabatlar va ma’naviy-axloqiy normalar inson uchun eng muhim xususiyatlardan biridir. Oila va ma’naviyat odamning ijtimoiy-tarixiy mavjudot bo‘lib shakllanganidan dalolat berardi. Bugungi kunda faylasuflar insonni o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan uchta omil – tana, ruhiyat va ma’naviyatning majmui sifatida ta’riflashmoqda. Insonning biologik holati deganda uning tanasida sodir bo‘ladigan morfofiziologik, genetik, miyasida ro‘y beradigan elektro-kimyoviy o‘zgarishlar, uning yoshi, irqi va jinsini ifoda etadigan jihatlar tushuniladi. Insonning ruhiy holati misolida uning his-tuyg‘ulari, kayfiyati, kechinmalari, irodasi, temperamenti tushuniladi. Insonning ma’naviyati jamiyatdagi shart-sharoit va omillar natijasida shakllangan fazilatlar, xislatlar, qobiliyatlar, bilim, ko‘nikma va malakalar yig‘indisi bo‘lib, insonning murakkab, bir butun biosotsial jonzot ekanidan dalolat beradi.
Antik davr falsafiy ta’limotlarida, masalan "Avesto"da inson koinotdagi oliy aql, ya’ni Yaratgan bilan uyg‘un holda yashashi asoslanadi. Demokrit ta’limotida esa inson "kichik olam", mikrokosm, sofist Protagor fikricha, "barcha narsalarning mezoni" sifatida talqin etiladi. Aflotun va Arastu nazarida, inson mazmun-mohiyati bir-biridan tubdan farq qiladigan ikki asos: ruh va jism birligida namoyon bo‘ladi. Sharq Uyg‘onish davriga mansub Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarning qarashlarida insonning mazmun-mohiyatiga yangicha qarash va yondashuvlar paydo bo‘ladi. Bu davrda ilgari surilgan insonparvarlik konsepsiyalarida insonning o‘ziga xos ma’naviy olami, kamoloti va ijodiy imkoniyatlari cheksiz ekaniga alohida urg‘u beriladi. Bunday holat Gʻarb Uyg‘onish davri mutafakkirlari ijodi uchun ham xosdir. Masalan, Piko della Mirandola "Inson fazilatlari haqidagi nutqlar" asarida insonni mustaqil rivojlanish, o‘z voqeligini erkin shakllantirishga qodir bo‘lgan yakkayu yagona mavjudot sifatida ta’riflaydi. R.Dekart tafakkur – inson mavjudligidan dalolat beradigan yagona omil ekanini qayd etadi. I.Kant nazarida, "Inson o‘zi nima?" degan savol hal qiluvchi bosh masalaga aylanishi kerak. Bu o‘rinda faylasufning inson masalasiga yondashuvi Suqrotning "Tabiat nima?" emas, "Inson nima?" degan savolga javob izlash kerakligi haqidagi fikrlariga hamohangdek ko‘rinadi. Ma’lum darajada bunday yondashuv XVII– XVIII asr nemis falsafasidagi empirizm va romantizm yo‘nalishlari vakillari (Gyote, Gerder, Shiller, Fixte) tomonidan qayta tiklanadi va rivojlantiriladi. Gyote va Gerder inson masalasiga panteizm an’anasi ruhida yondashib, uni tabiatning ajralmas qismi, ruhiy xususiyatlari, instinkt va hayotiy kuchlari mavjudot sifatida tasavvur etadi.
Insonning tarixiyligi masalasi mantiqiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan Gegel falsafasida inson faoliyatiga "dunyoviy ong" obyektivlashuvining oliy bosqichi sifatida qaraladi. Inson masalasiga ratsionalistik konsepsiyalarga qarshi bo‘lgan XVIII–XIX asr irratsionalistik oqimlarida asosiy e’tibor insonning tafakkurdan tashqaridagi xususiyatlari: hissiyotlari (Gaman, Yakobi), irodasi (Shopengauer), intuitiv his etish qobiliyati (Baader), hayotiy kuch, mayl va intilishlari (hayot falsafasining naturalistik biologik yo‘nalishi), mavjudlik omiliga (Kyerkegor) qaratiladi. Masalan, Nisshe insonning biologik mavjudot sifatida hayvonot olami bilan birligini ta’kidlab, uning mazmun-mohiyati ong va tafakkur bilan emas, hayotiy kuch va mayllarining o‘yini bilan belgilanishini uqtiradi. XX asrda inson masalasi personalizm, ayniqsa, ekzistensializm yo‘nalishi vakillarining (Xaydegger, Kyerkegor, Sartr, Merlo Ponti) tadqiqot mavzusiga aylanadi. Ekzistensializm falsafasida inson erkinligi yuksak qadriyat sifatida baholangan bo‘lsa-da, ma’naviy negizga asoslanmagani sababli, Gʻarb jamiyatida axloqsizlik, maishatparastlik, g‘ayritabiiy shafqatsizlik mayllarining kuchayishiga to‘sqinlik qila olmadi. Afsuski, Gʻarbdagi zamonaviy falsafiy tadqiqotlarda ham inson masalasiga asosan texnik-texnologik nuqtai nazardan yondashilayotgani, insonning madaniy darajasi, ma’naviy-axloqiy takomiliga xizmat qiladigan omillar tahliliga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani insonparvarlik g‘oyalariga zid oqim va qarashlar, axloqsizlik mayllarining namoyon bo‘lishiga olib kelmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda inson tushunchasining mazmun-mohiyatini anglash uchun bu masalaga yuksak ma’naviyat nuqtai nazaridan yondashish zarur. Shu bois yurtimizda barcha islohot va o‘zgarishlar inson uchun, uning manfaatlari uchun amalga oshirilmoqda.
Inson ma’naviyati – insonga xos bo‘lgan ichki ruhiy holat va uning ijtimoiylashgan shakllari; millat, davlat va jamiyat ma’naviyatining tarkibiy qismi; insonning ruhiy va aqliy olamini ifoda etadigan atama sifatida shaxsning axloqiy, madaniy, falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, diniy tasavvurlarini o‘z ichiga oladi. Inson ma’naviyati jamiyatda mavjud bo‘lgan ko‘p qirrali munosabatlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy shart-sharoitlar asosida, turli institutlar ta’sirida shakllanadi. U jamiyat a’zolarining o‘zaro munosabatlari, ularning hayotiy tajribalari davomida sayqallanib, rivojlanayotgan qadriyatlar tizimi sifatida kundalik hayotda muhim o‘rin tutadi. Inson o‘z ma’naviyatini u o‘zini shaxs sifatida anglaganidan boshlab, hayotining oxirigacha shakllantirib, rivojlantirib boradi. Insonning tashqi ko‘rinishini qaddi-qomati, gavdasi, xatti-harakati va kiyinishi tashkil etsa, uning ichki olami fikr yuritishi, orzu-istaklari, intilishlari, his-tuyg‘ulari, e’tiqodi, dunyoqarashi va maqsad-muddaolaridan iborat. Ma’lumki, inson ko‘p ming yillik taraqqiyot jarayonida o‘zini o‘rab turgan tabiatni, turli voqea-hodisalar, real hayotiy jarayonlarni kuzatib, ularning vujudga kelish sabablari va rivojlanish qonuniyatlari to‘g‘risida mushohada qilishi natijasida turfa tasavvur va tushunchalarga ega bo‘lgan. Inson ma’naviyati uning ma’rifati va madaniyatlilik darajasi bilan bog‘liq. Chunki u ma’naviyatga muttasil o‘qish, uqish, o‘rganish, idrok etish, tajriba orttirish orqaligina erishishi mumkin. Inson ma’naviyati qanchalik mukammallashib borsa, u shuncha barkamol bo‘lib, jamiyat ravnaqiga ko‘proq hissa qo‘shadi. Ma’naviyatli inson nima maqsadda yashayotganini aniq tasavvur etib, umrini mazmunli o‘tkazish yo‘lini axtaradi, jamiyat a’zolari bilan muomala qilish madaniyatini egallab boradi.
Ma’naviyatli inson har bir masala va muammoga aql-idrok, insof va adolat nuqtai nazaridan yondashadi, vijdon, insof, iymon, or-nomus, to‘g‘rilik va yolg‘on, halol va harom tushunchalari mohiyatini tushunishga intiladi. Shu tariqa u yaxshilikka boshlovchi amallarni bajarib, yomon xatti-harakatlardan o‘zini tiyadi. Ona Vatani, millati va xalqini sevish, demak-ki, vatanparvarlik, millatparvarlik va xalqparvarlik xislatlari inson ma’naviyatining asosiy ijtimoiy omillaridir. Ma’naviyatli insonlar ko‘paygan jamiyatda aql, sog‘lom fikr, yaxshi xulq, insof va adolat tantana qilib, turli salbiy illatlar barham topadi. Natijada jamiyat a’zolarining kelajakka ishonchi ortib, ular o‘z faoliyatlarini Vatan va xalq ravnaqi yo‘lida safarbar etadi. Inson ma’naviyatini u mansub bo‘lgan millatning asrlar davomida shakllangan ildizlari, ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti, millatning tarixiy-siyosiy tajribalaridan olinadigan ruhiy kuch-quvvat, har qaysi davrning ilg‘or yangilik va an’analari boyitib boradi. Shu sabab mustaqil O‘zbekistonda inson ma’naviyatini yuksaltirish masalasiga katta ahamiyat berilmoqda. Bu harakatlarning barchasi inson ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
2 Izohlar
Umidjon
23:04 / 14.04.2024
𝙼𝚊𝚚𝚘𝚕𝚊𝚐𝚊 𝚐𝚊𝚙 𝚢𝚘'𝚚
Odina
11:02 / 29.02.2024
Maqola judayam sermazmun fikr va ğoyalarga boy . Ammo ba'zi joylarda fikrlar bir- biriga mutanosib emas . Va uni yozgan mualliflarga óz minnatdorchilikligimni bildirman