Bilasizmi?
Individualizm (lotincha individium – bo‘linmas) – insonning shaxsiy hayoti jamoaga bog‘liq bo‘lmagan, faqat uning o‘ziga tegishli alohida bir hodisa deb qaraydigan, jamiyat manfaatlaridan inson huquqlarini mutlaq ustun qo‘yadigan falsafiy-axloqiy ta’limot. Individualizmning nazariy talqini negizida har qaysi shaxsning yagona beqiyos ekanini, uning huquqlarini mutlaqlashtirish yotadi. Aksariyat hollarda inson tabiatining o‘zida individualizm mavjud deb hisoblanadi. Individualizmning mohiyatini asoslashga qaratilgan qarashlar shaxsni jamoaga qarshi qo‘yish, shaxsiy manfaatlarni jamiyat manfaatlaridan ustun ko‘rish bilan bog‘liq holda qadimgi zamonlardan boshlab shakllangan. Ayrim faylasuflar antik davrlardayoq shaxsiy va jamiyat manfaatlari o‘rtasida keskin ziddiyat vujudga kelishi mumkinligiga e’tibor qaratgan. Bu ziddiyat turli falsafiy oqim va maktablar vakillari tomonidan o‘ziga xos tarzda talqin etilgan. Masalan, Aflotun va uning maktabiga mansub faylasuflar shaxs manfaatlari jamiyat manfaatlariga to‘liq bo‘ysundirilishi zarurligini asoslashga intilgan. Kiniklar esa, aksincha, ijtimoiy hayot qadriyatlarini butunlay inkor etib, shaxs erkinligi va manfaatlari ustuvorligini yoqlab kelgan. Mazkur ta’limotga yunon faylasufi Antisfen asos solgan bo‘lsa-da, falsafiy adabiyotda uning shogirdi, kinizm oqimining yorqin vakili – g‘ayriodatiy xatti-harakati va yurish-turishi bilan shuhrat qozongan Diogen bu masalada ko‘proq tilga olinadi. U boy-badavlat oilaga mansub bo‘lishiga qaramay, tilanchilik bilan kun kechirgan va bochka ichida yashagan. Uning qarashlari biryoqlamaligi bilan ajralib turgan. Diogenning fikricha, inson erkinligi cheksiz bo‘lishi, davlat ham, oila-nikoh munosabatlari ham, axloqiy qadriyatlar ham unga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bunday yondashuv jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini yemirib, turli buzg‘unchiliklarga sabab bo‘ladi. (Bugungi kunda ayrim Gʻarb mamlakatlarida individual haq-huquqlarini himoya qilish bahonasida qip-yalang‘och bo‘lib namoyishga chiqadigan yoshlar, bir jinsdagi odamlarning nikohdan o‘tishini qonunlashtirishni talab etayotgan ba’zi guruhlar kiniklar ta’limoti, ularning g‘oyalari hamon boshqacha shakllarda yashab kelayotganidan dalolat beradi.) Ushbu maktab vakillaridan Antisfen, Sinoplik Diogen, Kratetning fik richa, insoniyat tarixi davomida shakllangan barcha ijtimoiy munosabatlar, madaniy ko‘nikmalarga, jumladan, axloq va odob me’yorlariga ham barham berish zarur ekan. Go‘yoki, ular insonning asl mohiyatini tashkil etadigan tabiiy mayl va intilishlarning erkin namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qilar emish.
Individ ma’nan faqat o‘ziga, o‘z vujudidagi tabiiy ehtiyojlarga tayanishi mumkin emish. Hatto inson uchun eng muqaddas bo‘lgan tuyg‘u – vatanparvarlikka zid ravishda o‘zlarini "dunyo fuqarolari" – kosmopolitlar deb e’lon qilgan kiniklar har qanday jamiyatda inson o‘z bilganicha, o‘z qonunlari asosida yashashi kerak, degan g‘oyani ilgari surib, har qanday axloqiy chegaralarni inkor etgan. Uyg‘onish davrida individualizm ilmiy konsepsiya sifatida shakllandi. Gobbs, Gelvesiy, Golbax kabi Yevropa ma’rifatparvarlari esa, individualizmni inson faolligi, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatining universal mezoni sifatida e’tirof etadi. Ularning fikricha, hatto inson tomonidan o‘z yaqinlariga yaxshilik qilish zamirida ham o‘z manfaatlarini to‘g‘ri anglash yoki "oqilona xudbinlik" (Golbax) tuyg‘usi yotadi. Kant inson tabiatiga xos bo‘lgan xudbinlikni "o‘ta ketgan badbaxtlik" sifatida baholab, bu toifadagi odamlarni faqat o‘z foydasi va manfaatini ko‘zlab yashaydigan "axloqiy egoist" deb ataydi. Shopengauer har bir insonning o‘ziga xos yashashi uchun yo‘naltirilgan iroda-intilishni individualizmning asosi deb hisoblagan. Shuningdek, Shtirner, Nisshe, Sartr, Bergson va Yaspers singari Gʻarb faylasuflarining qarashlarida ham individualizm masalalari yorqin ifodasini topgan. Kishilar dunyoqarashini boshqarish, ularning qalbi va ongiga ayrim mafkura poligonlarining manfaatlariga javob beradigan standartlarni sun’iy ravishda zo‘rlab singdirish yo‘lidagi urinishlar tobora avj olayotgan va keng miqyos kasb etayotgan hozirgi globallashuv davrida Gʻarb mamlakatlarida individualizm nigilizm, skeptisizm, sinizm, volyuntarizm, anarxizm, egoizm, avtoritarizm kabi keskin ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q