Bilasizmi?
Imijeologiya (inglizcha imij, qiyofa, tasvir, logiya – ta’limot, fan) – 1) odamlarni yoqimli va jozibali bo‘lishga, insonlarga nur va yorug‘lik yetkazishga undash;
2) u insonning munosib shaxs bo‘lishga qaratilgan ehtiyojini tashqi jihatdan namoyon etishga yordam beradi;
3) har bir fuqaroning olijanob qiyofasi haqidagi orzu va unga ega bo‘lish – demokratik va insoniy jamiyat qurishning zarur sharti;
4) ta’sir etish texnologiyasi. Ingliz adibi Blez Paskal insonlarga ta’sir o‘tkazishning ishontirish va yoqish usuli mavjud bo‘lib, ikkinchisi eng samarali deb ta’kidlar va bu usulni yaxshi o‘zlashtirmaganidan afsuslanar edi;
5) ta’lim tizimida o‘qitiladigan fan.
Imijeologiya o‘zida psixologiya, menejment, notiqlik, axloq, ishchan etiket kabi bir qator sohalardagi bilimlarni sintez qilgan holda mujassam etadi. imijeologiya fani inson, xodim, rahbar, tashkilot, jamoa, firma, shahar, millat, davlat kabi individ va tuzilmalarning mazmun-mohiyati asosida vujudga kelgan tashqi ko‘rinishi, qiyofasi, ularning shuhrat va obro‘ga erishishi borasidagi tarixiy tajribalari, ilmiy asoslari, shakllarini o‘rganadi. Imijmeykerlik faoliyati yordamida ularning shuhratini, nufuzini oshirish imkoniyatlarini ochib beradi. U, eng avvalo, shaxs, rahbar, ijodkor va ishbilarmon odamning qiyofasi, nufuzi, obro‘yi, fikri, so‘zi, harakatlari va ish faoliyatlari yordamida obro‘ orttirish, hurmatga sazovor bo‘lish, shuhrat qozonish, insonning eng yaxshi tomonlarini ochish va targ‘ib qilish, o‘z darajasiga yarasha mavqega ega bo‘lish kabi masalalarni tadqiq etadi.
Imijeologiya inson, xodim, rahbardagi yomon illatlarni yo‘qotish, soxta obro‘ orttirayotganlarni fosh qilish, insondagi eng ajoyib ijobiy xislatlarni umumlashtirgan holda go‘zal va barkamol, jozibali, ko‘rkam, istarali, yoqimtoy odam bo‘lishni o‘rgatadi. Imijeologiya shaxs yoki ijtimoiy tizim haqidagi vizual taassurotdir. Imijeologiya milliy madaniyatning fundamental an’analariga asoslanadi. O‘z imiji sari intilish, jozibador, xushmuomala bo‘lish inson va jamiyat uchun yoqimlidir. O‘zimizga va boshqalarga yoqmaslik tufayli atrofimizda ko‘pgina muammolarga duch kelishimiz mumkin. Gʻarbda imij pragmatik xarakterga ega bo‘lib, imijmeyker xizmatidan siyosiy arboblar ham, taniqli san’atkorlar, boshqa kasb egalari ham foydalanadi. Imijeologiya pedagog va tarbiyachilar uchun asosiy manba hisoblanadi. Imijeologiyaning o‘ziga xos xususiyat va texnologiyasi shundan iboratki, bunda etika, psixologiya va boshqa fanlar uzviy uyg‘unlikda o‘qitiladi.
Imijeologiya hozirgi zamon kishisini tarbiyalashning muhim tarkibiy qismi; turli soha mutaxassislari kasbiy mahoratining muhim elementi; kasbiy faoliyatning piar bo‘yicha mutaxassis, stilist, imijmeyker kabi turlarini farqlash uchun nazariy-uslubiy asosdir. Imijeologiyaning shaxsiy jozibadorlik texnologiyasining eng muhim vazifasi turli yoshdagi odamlarga imij haqida bilimlar berish, ularga bu bilimlarni o‘zlashtirishda hamda shaxslararo va ishga doir munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda bu bilimlardan mohirona foydalanishda ko‘maklashishdan iborat. Biz o‘z ijobiy imijimizni yaratishda qancha ko‘p muvaffaqiyatga erishsak, xulq-atvorimiz ko‘lami shuncha boy bo‘ladi va odamlarning taassurotlarini shuncha samaraliroq boshqaramiz. Odamlar bir-biriga yoqishga harakat qiladigan muloqot jabhalarida janjal-to‘polonlar chiqmaydi, binobarin, ularning sog‘ligi buzilmaydi. Shu sabab odamlarning tashqi tarovati, maftunkorligi sog‘lom turmush tarzining muhim omili, deyish mumkin.
Insonning hayotdagi muvaffaqiyatlari ham uning tashqi tarovati, jozibadorligi, boshqa odamlarga yoqish mahorati bilan uzviy bog‘liq. Bunga erishishda imijeologiya ulkan rol o‘ynaydi. Hamonki shunday ekan, imijeologiyaning quyidagi shioriga so‘zsiz rioya etish maqsadga muvofiqdir: "Toki tirik ekansan, odamlarga yoqish uchun mavjud barcha imkoniyatlardan foydalan". Buyuk mutafakkir Suqrot: "Insonning barkamol hayoti – oliy san’at", deganida to‘la haq edi. "Barkamol hayot" tushunchasi shaxsning munosib imijini ham muhim element sifatida o‘z ichiga oladi. Vladimir Dal imijeologiyaning lug‘aviy ma’nosini obraz va chehra tarzida izohlaydi. Uning fikricha, obraz – mustahkam, turg‘un holat, chehra esa bu shaxsning o‘zgaruvchan tashqi ko‘rinishini ifoda etadi. Sochni zamonaviy turmaklash, qimmatbaho liboslar kiyish, madaniyatli inson qiyofasida bo‘lish – bu hali imij degani emas. Ma’lumki, tadbirkor, odamlar bilan ko‘proq muomalada bo‘ladigan kasb egalari uchun boshqalarda yaxshi taassurot qoldirish muhim ahamiyatga ega.
Odam fiziologik jihatdan ko‘rimsiz bo‘lsa-da, ma’naviy fazilatlari ko‘p bo‘lsa, o‘zgalarning e’tiborini tortadi. Ishbilarmon kishi xushmuomala, ko‘ngli ochiq bo‘lishi, suhbatdoshi bilan so‘zlashganda o‘zining fikrlarini erkin ifoda eta olishi lozim. Uning uchun asosiy sifatlardan yana biri – empatiyadir. Bu insonning ichki dunyosini his etish, uni tushunish, oldindan bo‘ladigan muzokaralar yechimini his etish yoki o‘z hamsuhbatining kayfiyatini bilib, mavzuni o‘zgartirish qobiliyatidir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q