Iymon


Saqlash
16:06 / 16.06.2023 0 2210

Iymon (arabcha ishonch) – 1) xudoga bo‘lgan ishonch-e’tiqod; ko‘ngilda ishonish va tilda iqror bo‘lish;

2) umuman, ishonch;

3) muayyan fikr, oliy g‘oyaning haqiqatligiga komil ishonish, shu ishonchni e’tiqodga aylantirish.

Shuning uchun ham iymon so‘zi e’tiqod so‘zi bilan yonma-yon kelib, iymon-e’tiqod tarzida ishlatiladi. Iymon inson ongi va ruhiyatiga singgan, undan mustahkam o‘rin olgan dunyoqarash sifatida qudratli harakatlantiruvchi kuch, inson irodasini mustahkamlash vositasidir. Iymon tufayli odam ruhi ezgulik sari intiladi, ijtimoiy-siyosiy hayotning insoniylashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, har qanday g‘oya va dunyoqarash insonning iymon-e’tiqodiga aylangandagina harakatlantiruvchi moddiy hamda ruhiy kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Umuminsoniy axloqiy qadriyatlar – so‘z bilan ish (amal), til va dil birligi, insof, diyonat, halollik-poklik, vijdonlilik, sadoqat, muhabbat, vatanparvarlik, shuningdek, oila, jamiyat, xalq va butun insoniyat oldidagi burchni anglash kabi fazilatlar iymonlilik shartlari hisoblanadi.

 

Ishonch bilan iymon tushunchalari odatiy (kundalik) ongda ko‘pincha bir ma’noda qo‘llanadi. Nazariy ongda ular o‘rtasidagi yaqinlikdan tashqari tafovut ham borligi e’tiborga olinadi. Ishonch odamlar va ularning uyushmalari o‘rtasidagi axloqiy-ruhiy holat sifatida o‘zaro munosabatlar insoniy tus olishiga xizmat qiladi. Ishonch muhiti qaror topgan joyda ko‘p muammolar osonroq, beozorroq hal bo‘ladi, odamlarning ko‘p vaqti va quvvati behuda sarflanmaydi. Ishonchsizlik va shubha barqaror muhitda inson shaxs sifatida shakllanishi qiyinlashadi. Iymon ishonchga nisbatan chuqur falsafiy mazmunga ega. U dunyoqarash va e’tiqod bilan uzviy bog‘liq bo‘lgani sababli alohida nodir ruhiy holat sifatida namoyon bo‘ladi.

 

Hozirgi davrda butun jahonda diniy dunyoqarash bilan birga ilmiy-falsafiy dunyoqarash ham mavjud. Ayrim odamlarda diniy ong ustuvor bo‘lib, ularda iymon diniy aqidalar haqligiga ishonch asosida shakllanadi, ba’zi kishilarda esa ilmiy haqiqatlarga ishonch ustuvor bo‘lgani sababli, ularda iymon dunyoviy bilim, falsafiy dunyoqarash negizida yuzaga keladi. Qur’oni Karimda iymonli insonlarning belgilari quyidagicha tavsiflanadi: ular mo‘min, halim, itoatkor, so‘zi bilan amali bir, poklik va halollikka intiluvchi, o‘z va’dalari, shartnomalariga rioya etuvchi, ibodatiga amal qiluvchi va shuning uchun jannat vorislari bo‘lgan kishilardir. Ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarda iymon tushunchasi bilan e’tiqod tushunchasini aynan bir narsa deb talqin qilish holatlari uchraydi, hatto e’tiqodni iymondan ustun qo‘yadigan qarashlar ham bor. Aslida e’tiqod odamning ongi, ahvoli, ruhiyati bilan bog‘lanib ketadigan, olamdagi narsa-hodisa va jarayonlarga alohida munosabatni qaror toptiradigan ma’naviy-ruhiy holatdir.

 

Muayyan g‘oya va dunyoqarashga his-hayajon asosida yondashuv ma’nosida e’tiqod iymonga yaqin turadi, shuning uchun ham ba’zan e’tiqodni iymon tushunchasining ma’nodoshi yoki uni to‘ldiradigan tushuncha sifatida qo‘llaydilar. Sobiq sovet falsafasida iymon tushunchasi tadqiq etilmas edi. Hozircha bizning zamonaviy falsafada ham u alohida tadqiqot ob’yekti bo‘lgani yo‘q, uni o‘rganish, tahlil etish nihoyatda muhim. Umuman aytganda, uch narsaning butunligidan iymon hosil bo‘ladi: e’tiqod, iqror va amal. E’tiqod – chin dildan ishonish; iqror – so‘zda buni tan olish; amal – ishonchni yaxshi ishlar bilan isbotlash. Alisher Navoiyning "Mahbub ul-qulub" asarida quyidagi satrlarni o‘qiymiz: "Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q. Har kimda bu ikki yo‘q – iymon yo‘q va har kimda iymon yo‘q – andin odamiyliq kelmak imkoni yo‘q". Ya’ni, iymonsiz kimsa – odam emas. Tilimizda iymon so‘zi keng qo‘llanib, o‘ta muhim tushunchalarni bildiradi. Xalqimizda "Iymonsiz" so‘zidan ortiq haqorat bo‘lmasa kerak. Bu haqorat zamirida ishonch-e’tiqodi yo‘q, xudodan, dindan qaytgan ma’nolaridan tashqari vijdonsiz, yaramas, razil, diyonatsiz degan mazmun ham ifodalanadi. Inson e’tiqodsiz, fikrlashsiz yasholmaydi. Shaxsning e’tiqodi masalasi muhim muammolardan bo‘lib, uning shakllanishi, iymonlilik darajasi ko‘p jihatdan ijtimoiy omillarga ham bevosita bog‘liq.

 

Bugungi kunda bu masalaga e’tibor ortib borayotganining boisi shundaki, inson, ayniqsa, yoshlar uchun g‘oyat zarur bo‘lgan mafkuraviy immunitetning shakllanishida undagi iymon-e’tiqod muhim ahamiyat kasb etadi. Agar biz yoshlarimizda bolalikdan boshlab sog‘lom e’tiqod va yuksak dunyoqarash asoslarini shakllantira olsak, ular ma’naviyati boy, mustaqil fikrli va olijanob shaxslar bo‘lib kamolga yetadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34227
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26598
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25205
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24909
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21794
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//