Ijtimoiylashuv. Ijtimoiy munosabatlar. Ijtimoiy muhit


Saqlash
16:06 / 15.06.2023 0 12000

Ijtimoiylashuv – biron-bir voqea-hodisa, shaxs yoki harakatning ijtimoiy mohiyat kasb etib, ko‘pchilikka daxldor bo‘lib, ijtimoiy munosabatlar mujassamiga aylanib borishini anglatadigan tushuncha. Ijtimoiylashuv jarayoni va uning o‘ziga xos xususiyatlari falsafa, sotsiologiya, ijtimoiy psixologiya, pedagogika, tarix va etnografiya fanlari tomonidan o‘rganiladi. Ijtimoiylashuvning falsafiy talqiniga ijtimoiy psixologiya asoschisi G.Tard poydevor yaratgan. Shuningdek, ijtimoiylashuv muammolari Z.Freydning klassik psixoanalizida, interaksionizmda, marksizm vakillari L.Vigotskiy va A.Leontyev ijodida, T.Parsonsning tarkibiy-funksional tahlilida tadqiq etilgan. Hozirgi kunda ijtimoiylashuv jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari Chikago va Ayova dagi simvolik interaksionizm maktablari va "psixodrama" yo‘nalishi namoyandalari tomonidan o‘rganilmoqda. Ijtimoiylashuv kishilik madaniyati, xususan, milliy madaniyat an’analarini o‘zlashtirib borish jarayoni sifatida ham talqin etilishi mumkin. Madaniy muhitga moslashish jarayoni sifatida ijtimoiylashuv insonning butun umri bo‘yi davom etadi, biroq bu jarayon bolaning 2 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan davrida boshlanadi. Mazkur davrda bola madaniy qadriyatlarni o‘rganish jarayonidan uzib qo‘yilsa, ijtimoiylashuv jarayoni to‘xtab qoladi.

 

Insonning madaniy an’analarni o‘zlashtirish jarayoni uning individualligining shakllanishi bilan hamohangdir. Shu bois, ijtimoiylashuv jarayonining intihosida shaxs tarixiy tipining individual variantlari yuzaga keladi. Ushbu jarayon davomida shaxs tomonidan ijtimoiy rollarning o‘zlashtirilishi "lazzatlanish – azoblanish" (Freyd ta’biri) tamoyili yordamida muvofiqlashtirib boriladi. Ijtimoiylashuv jarayoni murakkab mexanizmga ega. Bu mexanizmning ruhiy va ijtimoiy-madaniy jihatlari mavjud. Ijtimoiylashuv mexanizmining ruhiy jihati individ tomonidan ma’lum ijtimoiy rollarning qabul qilinishi (yoki qabul qilinmasligi)da namoyon bo‘ladi. Uning ijtimoiy-madaniy jihati esa insonning til, san’at, din va shu kabilar orqali madaniy qadriyatlarni o‘zlashtirish jarayonini qamrab oladi. Ijtimoiylashuv jarayoni o‘z bosqichlariga ega. Bu bosqichlarni aniqlashda turli yondashuvlar asos qilib olinadi. Masalan, J.Midning ontogenetik yondashuvi individual ijtimoiylashuv bosqichlarini belgilab beradi. Uning fikriga ko‘ra, bu bosqichlar quyidagilardan iborat: 1) psixogenetik bosqichda individ o‘z ehtiyojlarini qondirish yo‘llarini o‘rganadi; 2) simvolik bosqichda individning simvollari (obrazlar, ideallar va boshqalar) shakllanadi; 3) aqliy-konseptual bosqichda individ simvollari tizimi uning faoliyatini boshqaruvchi mexanizmga aylanadi.

 

Ontogenetik yondashuvdan farqli o‘laroq, filogenetik yondashuvda (M.Petrov) ijtimoiylashuvning tarixiy evolyutsiyasiga e’tibor qaratiladi. U quyidagi bosqichlarga bo‘linadi: 1) nominatsiya bosqichida ismlarning ahamiyati katta bo‘ladi; har bir ism o‘z mazmuniga ega va ma’lum faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘ladi; 2) kasbiy-qabilaviy bosqichda ma’lum mazmunga ega bo‘lgan nomlar alohida individlarga emas, balki biror faoliyat turi bilan mashg‘ul bo‘lgan oila, urug‘ va qabilalarga berila boshlaydi (masalan, qadimgi Yunonistonda tabiblik qiluvchilar o‘zlarini asklepidlar, temirchilik qiluvchilar esa gefestidlar deb ataganlar); 3) universal-mantiqiy bosqichda ijtimoiy faoliyatning har xil turlari shakllanib, o‘zlashtirila boshlaydi, maxsus ta’lim institutlari vujudga keladi. Ijtimoiylashuv jarayonini tadqiq etishda ham ontogenetik, ham filogenetik yondashuvlarni inobatga olish zarur. Ijtimoiylashuvning ijtimoiy funksiyalari quyidagilardan iborat: 1) ijtimoiy-tarixiy jarayon subyektini shakllantiradi; 2) madaniyat va sivilizatsiya taraqqiyotida vorisiylikni ta’minlaydi; 3) individni ijtimoiy muhitga moslashtirish orqali jamiyatning to‘qnashuvlarsiz taraqqiy etishiga zamin yaratadi. Bugungi kunda ijtimoiylashuv muammolarini o‘rganishda falsafiy, sotsiologik, ijtimoiy-psixologik va tarixiy-etnografik tahlil natijasida yaratilgan uslub va yondashuvlardan kompleks foydalanish tendensiyasi yuzaga kelmoqda.

 

Ijtimoiy munosabatlar – jamiyat hayotida moddiy va ma’naviy faoliyatlar natijasida turli subyektlar o‘rtasida qaror topadigan o‘zaro munosabat va harakat mezonlari. Ijtimoiy munosabatlar moddiy va ma’naviy munosabatlarga bo‘linadi. Moddiy ne’matlar ishlab chiqarish jamiyatning yashashi va rivojlanishining asosini tashkil etadi. Shu sabab ijtimoiy munosabatlardan eng muhimi ishlab chiqarish va iqtisodiy munosabatlardir. Ishlab chiqarish munosabatlari boshqa hamma ijtimoiy munosabatlar – siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy va hokazo munosabatlarning xarakterini belgilaydi. Barcha ijtimoiy munosabatlarning ishlab chiqarish munosabatlariga bog‘liq ekanini tushunish jamiyat tarixiy taraqqiyotining qonuniyatlarini ilmiy ravishda izohlashga imkon berdi.

 

Ijtimoiy muhit – insonning ijtimoiy mavjudot sifatidagi asosiy bilim, tajriba va ko‘nikmalarini, xususiyatlarini shakllantiradigan moddiy va ma’naviy shart-sharoitlar majmuasi. Ijtimoiy muhit, keng ma’noda, ijtimoiy-iqtisodiy tizimni, ishlab chiqarish munosabatlari, ijtimoiy institutlar majmui, ijtimoiy ong shakllari va jamiyat madaniyatini qamrab oladi (makromuhit). Tor ma’noda, inson bevosita yashaydigan, mehnat qiladigan oila va jamoa, o‘quv dargohi, madaniyat maskanlarini o‘z ichiga oladi (mikromuhit). Ijtimoiy muhit shaxs ma’naviyatining shakllanishi va rivojlanishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Xalqimizning "Qush uyasida ko‘rganini qiladi", "Qarisan-qartasan – o‘z naslingga tortasan" kabi maqollarida ana shunday ta’sirning mohiyati o‘z ifodasini topgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 149
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34225
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25205
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24909
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21793
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//