Ideal. Ijtimoiy ideal


Saqlash
14:06 / 15.06.2023 0 1407

Ideal (fransuzcha ideal; lotincha idealus – qiyofa, mukammallik) – inson, xalq va millat tasavvurida barcha ezguliklar timsoliga aylangan, ular doimo intilib yashaydigan muqaddas orzu-a’mol. Keng ma’noda muayyan narsa yoki hodisaning eng yaxshi, g‘oyat qadrli va mukammal holatini anglatadi. Masalan, "Ideal inson", "Ideal jamiyat" va hokazo, tor ma’noda shaxs (inson) qobiliyatlarini ifoda etadigan mezon. Hayotda ayrim guruh va insonlar uchun muayyan adabiy qahramonlar, kino, san’at yoki sport yulduzlari, biron buyuk shaxs, aniq kishi (ota, ona, ustoz) ham ideal bo‘lishi mumkin. Ideal alohida shaxs yoki ijtimoiy guruhning mukammallikka doir sifati, xususiyati, xatti-harakati va faoliyatini ifoda etadi. Ideal axloqiy (shaxsga xos axloqiy sifatlar), ijtimoiy-siyosiy (ijtimoiy tuzum, jamiyat), estetik (go‘zal inson) va hokazo shakllarda namoyon bo‘ladi. Hozirgi vaqtda jahon miqyosida huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati ijtimoiy-siyosiy sohadagi ideal bo‘lib qolmoqda. Estetik ideal insonning go‘zallikka intilishini ifoda etadigan tasavvurlar asosida shakllanadi va tabiiy go‘zallik, insonga xos xulq-atvor, odob me’yorlari va namunalarini aks ettiradi. Ideal inson yoki ijtimoiy guruh xatti-harakatini belgilab beradigan namuna va me’yordir. Ideal qiyoslashga asoslangan ma’naviy tushuncha. Ideal muammosi falsafiy fanlar tarixida muhim o‘rin tutadi. Axloq, ta’lim-tarbiya, ma’naviy barkamollik, nafosatshunoslik, adabiyot, san’at va shu kabi sohalar bilan shug‘ullangan olim va mutaxassislarning ko‘pchiligi bu masalani chetlab o‘tmagan. Idealga intilish shaxsning o‘z zamonasidagi odatiy shartsharoitlardan qoniqmasligi, uni tezroq o‘zgartirish uchun qilingan xatti-harakati sifatida talqin etiladi. Ideal shaxs muayyan tarixiy prototiplar asosida shakllanib, zamonlar o‘tishi bilan afsonaviy sifatlar kasb etishi, ya’ni ideallashtirilishi mumkin. Masalan, odil podsho No‘shiravon – odillik, saxovatli, jo‘mard inson Hotamtoy esa saxovatpeshalik timsoliga aylangan. Inson ideal sari intiladi, uning asosiy mezon va talablaridan kelib chiqqan holda o‘zi va o‘zgalarning xatti-harakatlariga, jamiyatdagi hukmron qarash va mezonlarga baho beradi. Ideal inson hayotidagi eng oliy ma’naviy-axloqiy talab bo‘lib, unga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlar shaxsni kamolotga yetkazadi. Albatta, to‘liq barkamol bo‘lish – imkondan tashqari holat. Lekin idealga erishish yo‘lidagi intilishning o‘zi hech narsaga qiziqmay, intilmay yashashdan ko‘ra a’loroqdir. Ya’ni, shuning o‘zi nisbiy komillikdir. Muayyan tuzum talablari yoki hayot taqozosi bilan ijtimoiy-axloqiy ideallar o‘zgarishi ham mumkin. Lekin bashariyat uchun hech qachon o‘zgarmaydigan ideallar ham mavjud. Bular – adolatli jamiyat, tenglik va do‘stlik, dunyo miqyosida tinchlik-totuvlikning hukmron bo‘lishi, barcha xalqlarning o‘zaro hamkorlik, ahillik va hamjihatlikda yashashi va hokazo. Bunday ideallar insoniyat uchun asrlar davomida yorug‘ mayoq vazifasini o‘tab, uning hayotiga ma’no-mazmun bag‘ishlab kelmoqda.

 

Ijtimoiy ideal – jamiyat, millat va xalq, Vatan yoki ayrim ijtimoiy guruhlar hayotini eng yuksak mezonlar asosida o‘zgartirish haqidagi orzu-umidlar va shunday darajaga yetish yo‘llarini ko‘rsatib beradigan fikr va ta’limotlarni aks ettiradigan tushuncha. Davlat va jamoat arboblari, mutafakkirlar, faylasuflar, ilm-fan yoki san’at ahli ijtimoiy idealni ifoda etadigan kuch bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy ideal qaysi ijtimoiy guruh yoki toifa manfaatlarini ko‘zlashi, hayotiyligi va insoniyatga naqadar foydali ekaniga qarab, ijobiy, taraqqiyparvar, milliy yoki umumbashariy ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin. "Avesto"da ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal ustuvor bo‘lgan jamiyat, qadimgi yunon falsafasida xalqning dono vakillari, donishmandlar boshqaradigan ma’rifatli davlat, axloqiy barkamollik, yunon san’atida esa – jismoniy go‘zallik va harbiy qudrat, qullarni itoatda saqlash, Sharq falsafasi va diniy-ijtimoiy ta’limotlarda adolat, komillik, tasavvuf ta’limotida barcha illatlardan poklanib, faxr va fano maqomiga erishish ijtimoiy ideal hisoblanadi. Insoniyat tarixida umumbashariy ijtimoiy idealdan tashqari har bir mutafakkir yoki san’atkorning o‘ziga xos qarashlari bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Sharq va Gʻarbda Uyg‘onish davrlarida ijod qilgan mutafakkirlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ibn Rushd, Ibn Tufayl, Rafael, Leonardo da Vinchi, Servantes, Lope de Vega, Mikelanjelo va boshqalarning ilmiy va badiiy asarlaridan o‘rin olgan insoniyat baxt-saodati haqidagi ijtimoiy ideallar butun insoniyat uchun hozirgi kunlarga qadar dolzarb bo‘lib kelmoqda. Alisher Navoiyning adolatli jamiyat va komil inson to‘g‘risidagi qarashlari ham ijtimoiy idealdir. Bugungi O‘zbekistonda dunyodagi eng rivojlangan davlatlardagi kabi taraqqiyot va hayot darajasiga erishish, huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish ijtimoiy ideal bo‘lib, xalqimiz bu ezgu maqsad sari izchillik va qat’iyat bilan ilgarilab bormoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 150
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34229
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26598
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25218
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24910
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21795
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//