Bilasizmi?
Iyerarxiya (yunoncha hieros – muqaddas va arche – hokimiyat) – koinotning tuzilishidan to davlat, jamiyat, tabiat, turli tizim va tashkilotlarning quyidan yuqoriga, yuqoridan quyiga, oddiydan murakkabga, murakkabdan oddiy tuzilmalarga qarab yo‘nalgan pog‘onalari, bosqich va darajalari, o‘sish, yuksalish tartiblari. Abu Nasr Forobiy moddiy mavjudotlarning ilohiy ruhga yaqinlik va uzoqlik darajalari haqida bunday deydi: "Bu (olamdagi) mavjudotning tartib va darajalari avvalo quyidan – eng nomukammallikdan boshlanadi. So‘ng mukammal bo‘lguncha va yanada mukammal holatga yetgunga qadar boradi. Ularning eng qadri pasti (barcha tabiiy narsalar olamiga mansub) ilk moddadir. Unsurlar (suv, tuproq, havo, olov) bu ilk moddadan ham qadrliroq sanaladi". Tabiatda mukammallik darajasiga ko‘ra, eng quyidagi ma’danlar nabobat, hayvonot, qushlar olami tomon kamol topib boradi. Tabiatda "Til va tushuncha (ong) sohibi bo‘lgan jonzotdan ortiq mukammal birorta zot yo‘q" (Forobiy. "Madinatul-fozila"). Sharq falsafasiga ko‘ra, aqlli mavjudotlar orasida jismga nisbatan ruh, aqlga nisbatan qalb azizroq hisoblanadi. Ruhlar ham, komillik darajasiga ko‘ra, bir necha pog‘onalarni tashkil etadi. Eng mukammal ruh – oliy ruh – Tangri taolodir. Panteistik ta’limotga ko‘ra, oliy ruh avval birinchi osmonda, so‘ng ikkinchi, uchinchi... va nihoyat, to‘qqizinchi osmonda tajalliy etadi (shu’la beradi). Bu osmonlardan eng yuksagi Tangriga yaqin birinchi osmondir.
Ibn Sinoning eng murakkab falsafiy asarlaridan bo‘lmish "Hay ibn Yaqzon" ("Uyg‘oq o‘g‘li Tirik") qissasida inson axloqiy, ma’rifiy, ma’naviy kamolotining bosqichlari majoziy suvrat va timsollarda tasvirlanadi. Asarda kimsasiz orolda qarovsiz qolgan chaqaloqni kiyik emizib o‘stiradi. Bolaning aqli kira boshlagach, u atrofdagi tabiatni, iqlim sharoitini, nabotot va hayvonot olamini o‘rgana boshlaydi. U aqliy bilimlardan asta-sekin ruhiy va metafizik bilimlarga, keyin esa laduniy, ilohiy ilmlarni o‘rganishga o‘tadi. Ibn Tufayl ham "Hay ibn Yaqzon" asari g‘oyalaridan ilhomlanib, xuddi shu nomda yirik falsafiy asar yozadi. Unda kimsasiz orolda yolg‘iz qolgan Inson Xudo bergan aql-farosati yordamida oddiy bilimlardan asta-sekin murakkab, ilohiy ilmlarni o‘rganish sari borishi va pirovardida aziz-avliyo bo‘lib yetishishi tasvirlanadi. Barcha zamonlarda ruhiy poklanish va yuksalishni, haqqa yaqinlashishni istagan odam uzlat va yolg‘izlikda yashashga intilishi bejiz emas. Tabiat sohasida iyerarxiya oddiy nabotot va kamhujayrali jonzotlar olamidan Insonga qarab taraqqiy etishni bildiradi. Davlat va jamiyat tuzilishida iyerarxiya iqtisod, xo‘jalik, sanoat, madaniyat sohasida, harbiy va huquqiy tashkilotlarda tartib-intizomga amal qilishni bildiradi. Davlat va jamiyat boshqaruvida qishloq fuqarolar yig‘inlari tuman hokimlariga, tuman hokimlari viloyat hokimlariga, ular o‘z navbatida mamlakatimiz hukumatiga, hukumatimiz esa parlamentga va Prezidentga hisobot beradi. Iyerarxiya harbiy va diniy tashkilotlarda katta nufuzga ega. Demokratiya tamoyillari kuchaygan sari iyerarxiya tizimidagi barcha boshliqlar, turli darajadagi kengash a’zolari bilan kelishgan holda ish yuritadi, bunday jamoaviy boshqaruv usulining ijobiy jihati shundaki, unda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi, turli tabaqa va toifalarning manfaatlari hisobga olinadi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q