Idealizm


Saqlash
16:06 / 14.06.2023 0 5035

Idealizm (yunoncha idea – g‘oya, fikr) – insoniyat tafakkur tarixidagi eng qadimgi o‘ziga xos falsafiy yo‘nalishlardan biri. U ong va ruhni borliqning yagona asosi deb e’tirof etadi. Idealizm olam ong, "mutlaq g‘oya", "dunyoviy ruh" ifodasi, go‘yoki ko‘lankasi, deb hisoblaydi. Idealizmga ko‘ra, moddiy olam emas, bizning ongimiz real tarzda mavjuddir. Moddiy borliq, narsa-hodisalar dunyosi, tabiat esa ong, sezgi, his-tuyg‘u, tasavvur va tushunchalar hosilasidir. Idealizm, o‘z mohiyatiga ko‘ra, ikki – subyektiv va obyektiv idealizmga bo‘linadi. Subyektiv idealizm borliqning asosi sifatida alohida individium, subyektning ongi va sezgisini tan oladi. Uning asoschisi ingliz faylasufi va yepiskopi J.Berklidir. Olimning fikricha, narsa-hodisalarning barcha sifat va xossalari inson sezgilarining namoyon bo‘lishi, xolos. Ya’ni, moddiy jismlar bizning ongimizdan tashqarida obyektiv tarzda mavjud emas, odamlarning sezgi, his-tuyg‘ularigina real mavjuddir. Bunday qarash pirovard natijada solipsizm deb ataladigan holat – voqelikni aks ettiradigan sub’yektdan o‘zga barcha real narsa-hodisalar, inson va insoniyat rad etiladigan darajaga olib keladi.

 

Obyektiv idealizm esa borliqning asosi sifatida individual ong, sezgini emas, aksincha, mutlaqlashtirilgan, ilohiylash tirilgan ongni, "universal iroda", "mutlaq g‘oya" kabi kategoriyalarni qabul qiladi. Obyektiv idealizm tarafdorlarining fikricha, har qanday insonda mutlaq g‘oya mustaqil ravishda mavjud bo‘ladi.

 

Idealizm qadimgi zamonlarda vujudga kelgan. Aflotun qadimgi yunon obyektiv idealizmining yorqin namoyandasidir. Uning falsafiy qarashlarida doimo o‘zgarishda bo‘lgan moddiy dunyoga o‘zgarmas, abadiy, har qanday harakatdan xoli bo‘lgan "haqiqiy borliq", ruhiy mohiyatlar olami, g‘oyalar saltanati qarshi qo‘yiladi. Aflotun g‘oyalar olamini barcha narsalarning ibtidosi, moddiy olamni esa uning mahsuli deb biladi. Uningcha, real jismlar g‘oyalar olamining aksidir. Masalan, daraxt, ot, suv u dunyodagi mavjud daraxt, ot, suv to‘g‘risidagi g‘oyalarning nishonasi, hosilasi, xolos. Aflotun qadimgi yunon falsafiy tafakkurida shakllangan sensualistik ta’limotlarni rad etadi. Uningcha, sezgilar haqiqiy bilim manbai bo‘la olmaydi, chunki ular narsa-hodisalar olamidan begonalashmagan. Haqiqiy bilim manbai insonning o‘lmas ruhiy xotiralaridir. Ular g‘oyalar olamini idrok etish oqibatida yuzaga keladi. Aflotun falsafasida dialektika bahs-munozara jarayonida ishlatiladigan tushunchalarni qiyoslash va tahlil qilish san’ati sifatida talqin etiladi. Idealizm falsafiy tafakkur tarixida materializm bilan muntazam bahsga kirishib, turli dunyoqarashlar rivojiga asos bo‘lib keldi. Idealizm falsafiy tafakkur tarixida platonizm, pifagorizm, realizm, kabbilizm, spiritualizm, tomizm va neotomizm, kantchilik, tasavvuf, empiriomonizm, ekzistensializm, irratsionalizm kabi ta’limotlarda o‘z ifodasini topdi. Dunyoning kattagina hududida marksizm falsafasi hukmron bo‘lgan XX asrda idealistik ta’limotlar va ularning vakillari erishgan ilmiy yutuqlar ko‘p hollarda kamsitilib, soxtalashtirildi, idealizm reaksion oqim sifatida baholandi va uni to‘laqonli o‘rganish, targ‘ib etish taqiqlandi. Buning aksi o‘laroq, materializm ilm-fanning charog‘on yo‘li, nurli g‘oyalar saltanati sifatida talqin qilinar edi. Amalda esa buning aksini ko‘ramiz. Yunon faylasufi Aflotun bahsmunozara madaniyatida dalillash – argumentasiya sohasida inson dahosi qo‘l urmagan yangi jabhalarni kashf etdi; nemis faylasufi Gegel inson tafakkurining nechog‘liq murakkab mohiyatga ega ekanini, dialektik tarzda fikr yuritish muhimligini tahlil qilib berdi; venalik psixiatr Z.Freyd "libido" ta’limoti (jinsiy moyillik ta’limoti) asosida ongdagi ongosti qatlamida sodir bo‘ladigan jarayonlarni teran tahlil etishga muvaffaq bo‘ldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 297
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 269
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 621
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 366
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 541
Kelajak bor



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 233076
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112803
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 65593
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 55340
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49700
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39143
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 38261
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 37073
“Avesto”

//