Bilasizmi?
Zolim – zulm qiluvchi kishi, jaholat yo‘lida zo‘rlik va zulmni odat qilib olgan shaxsga nisbatan qo‘llanadigan atama. Insoniyat tarixida zolimlar doimo qoralangan, adabiyot va san’atda ularning timsoli sifatida ko‘plab obrazlar yaratilgan. Zolimlik nafaqat o‘zgalarga, balki zolimning o‘ziga nisbatan ham munosabatni anglatadi. "Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim" degan maqol bejiz aytilmagan. "Avesto" kitobidagi zulmat va zulm xudosi Axriman, nomini abadiy qoldirish ilinjida Rim shahrini yoqib yuborgan imperator Neron ana shunday zolim kishilar timsolidir. Insoniyat tarixida ro‘y bergan ko‘plab qirg‘inbarot urushlar, bosqinchiliklar, turli xalqlar va mamlakatlarni istibdodga, azob-uqubatga solgan istilolar zolimlik oqibatidir. Bugungi kunda terrorchilik, odam savdosi, ma’naviy-mafkuraviy tahdid va xurujlarga sabab bo‘layotganlarni ham zolimlar deyish mumkin.
Zulm (arabcha ezish, qiynash) – zolimlarning mazlumlarga zo‘ravonlik bilan qilgan yoki qiladigan jabri, shafqatsiz ezish, istibdodni yoki o‘zgalarning joni, moli, obro‘si, nasli, ma’naviyati kabilarga ziyon yetkazishni ifodalovchi tushuncha. Zulm inson tabiati va ma’naviy buzuqligining oqibatidir. Shuning uchun insonni komillikka undovchi barcha dinlarda ham zulm qattiq qoralanadi. Jumladan, sahih hadislardan birida Alloh taolo nomidan shunday deyiladi: "Ey, bandalarim! Men zulm qilmoqni o‘zimga harom qilganman va shu zulm qilmoqni sizlarga ham harom qilganman. Binobarin, sizlar bir-birlaringizga zulm qilmangizlar". Bu borada xalqimiz "Kimki bo‘lar dilozor, undan elu yurt bezor" yoki "Bir ko‘ngil imorati – Ming Makka ziyorati", deya saboq beradi. "Injil"da ham zulm do‘zaxiy illat sifatida qoralangan va nafaqat amalda, balki og‘izda aytilgan haqoratli so‘zni ham zulm sifatida talqin etilgan: "Qadimgilarga: "Odam o‘ldirma; kim odam o‘ldirsa, javobgarlikka tortiladi", – deb aytilganini eshitgansizlar. Lekin men sizlarga aytaman: kimki birodariga behuda g‘azablansa, javobgarlikka tortiladi. Kimki birodariga axmoq desa, oliy mahkamada javob beradi. Kimki birodariga telba desa, jahannam olovida javob beradi". Ayrim e’tiqodlarda insongagina emas, har qanday jonzotga, hatto qurt-qumursqalarga ham ozor yetkazish zulm hisoblangan. Xususan, daosizm, lamaizmga e’tiqod qiluvchi kishilar bexosdan yo‘ldagi biron qumursqani bosib ketmaslik uchun qadam bosayotgan yerini supurib yurganlar. Tarixdan ma’lumki, adolat va ezgulikka suyangan hukmdorlar o‘z saltanatlarini mustahkamlagan va aksincha, zulmni qurol qilib olganlar esa yurtni inqirozga olib kelgan. Bundaylar tarixda yovuz nom qoldiradi. Xususan, qirg‘inbarot II jahon urushini boshlagan Gitler, qatag‘onlar siyosatini yurgizgan Stalin zulmkor insonlar timsolidir.
XX asrning birinchi yarmida Italiyada Mussolini boshchiligidagi fashistlar N.Makiavellining "Hokimiyatni saqlab qolishni istovchi odam zolimlikka tayanishi kerak", degan fikrini qurol qilib olib, millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan urush g‘oyasini bayroq qilib olgan edilar. Mutafakkirlar ko‘proq zulmning kishi tabiati, ma’naviy darajasi bilan bog‘liq sabablariga e’tibor qaratishgan. Xususan, bu borada Alisher Navoiy shunday deydi: "Ulki, zarar shevasin tavr etar, Elga demakim, o‘ziga javr etar". Abdulla Avloniy zulmni yomon xulqlar qatorida tilga olib, shunday saboq beradi: "Adolat obi hayotu, sitam erur zulumot, Bu zulmat ichra kirganlarga yo‘q hayot va najot". Yoki "Xazon zamoni kelsa, guliston yo‘q o‘lg‘ondek, Na yerda hukm surar zulm, mahv bo‘lur barakot". Gʻarb faylasufi Frensis Bekon shunday deydi: "Faqat nafrat va qo‘rquvgina zo‘ravonlik qilishga majbur etadi... Zo‘ravonlikka yo‘g‘rilgan choralar zamirida yovuzlik yotadi". Rojer Bekon zulmning asosini johillikda ko‘radi va "Toki johillik mavjud ekan, inson yovuzlikka qarshi biron chora topa olmaydi", deya fikr yuritadi. Zulm unga qo‘l urgan odamni o‘zligidan mahrum etadi. Zero, "Zulm – o‘z-o‘ziga dushmanlik, to‘xtovsiz ravishda o‘zlikdan qochishga undovchi bezovtalik ibtidosi"dir (Yakob Byome).
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q