Jinoyat


Saqlash
10:06 / 10.06.2023 0 1933

Jinoyat – ma’naviyat tamoyillariga zid bo‘lgan, huquqiy talablar, qonun-qoidalar, axloqiy me’yorlarga mensimasdan munosabatda bo‘lish oqibatida, o‘zgalar haq-huquqlarini buzish natijasida sodir etilgan hodisa. Ma’naviy kategoriya sifatida jinoyat tushunchasi kishilarning nopok maqsadlarni amalga oshirish yo‘lidagi jinoiy xatti-harakatlarini aks ettiradi. Bashariyat taraqqiyoti davomida jamiyat rivoji va ravnaqi uchun xizmat qiluvchi ezgu muddaolarni maqsad qilib olganlarga zid ravishda, ba’zan jinoyatlar ham sodir etiladi. Bu hodisalar insonlar ma’naviyati va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilmaydi, balki uni tanazzulga yetaklaydi. Shu bois insoniyat tarixining barcha bosqichlarida jinoyat hodisasi qoralanib keladi va unga qarshi kurash olib boriladi. Jinoyatni keltirib chiqaruvchi sabablar va motivlarni aniqlash unga qarshi kurashda nihoyatda muhim. Zero, har qanday jinoyat, avvalo, ijtimoiy hodisa sifatida tasodifan ro‘y bermaydi. Hattoki, ba’zan tasodifan ro‘y bergan, jinoyat deya talqin etiladigan hodisalar ham, aslida muayyan ijtimoiy ildizlarga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun jinoyatning sabablarini aniqlamasdan, unga qarshi kurash ko‘zlangan samarani bermaydi. Agar jinoyatga qarshi kurash olib borilmasa, bir jinoyatning ikkinchisini keltirib chiqarish xavfi ortib boradi. Bu esa, jamiyat hayotida jinoyatchilik deb atalmish hodisaning ildiz otishiga olib keladi, bunday holda jamiyatning ma’naviy hayotiga katta putur yetadi. Jinoyatchilik tufayli davlat va jamiyatga katta moddiy va ma’naviy zarar yetishi, kishilarning tinch-osoyishta turmushi izdan chiqishi, hayotda barqarorlik o‘rniga beqarorlik va tartibsizliklar ro‘y berishi mumkin. Binobarin, jinoyat amaldagi axloqiy, ma’naviy, huquqiy tamoyillarga yot hodisadir. Huquqshunoslikda jinoyat qonunda ko‘zda tutilgan bo‘lib, jamiyat uchun xavfli holat (harakat yoki harakatsizlik ko‘rinishidagi), ijtimoiy tuzum, mamlakat siyosiy va iqtisodiy tizimi, fuqarolar mulki, huquqi va erkinligi, huquq-tartibotga tahdid solish deb ta’riflanadi. Jinoyat izdan chiqqan xulq-atvor, huquqbuzarlikning eng xavfli turi. Boshqa huquqbuzarliklardan (fuqaroviy-huquqiy, ma’muriy-huquqiy va boshqalardan) jamiyatga xavfliligi (Vatanga xoinlik yoki qotillik faqat jinoiy-huquqiy maqomda bo‘lishi mumkin) yoki uning darajasi (ma’muriy va jinoiy jazolanadigan bezorilik, brakonyerlik va hokazo) bilan ajralib turadi. Har qanday jinoyatning muhim belgisi (uning moddiy belgisi deb ham ataladi) uning xavfliligi hisoblanadi, ya’ni jamiyat, davlat va ayrim fuqarolar manfaatlari uchun zararliligida ko‘rinadi. Jinoyat tavsifi (sifat jihati) va jamiyatga xavflilik darajasi (miqdoriy tavsifi) bo‘yicha bir-biridan farqlanadi.

 

Har qanday Jinoyat belgisi g‘ayrihuquqiylik, ya’ni oldindan man etilganlik tamoyilining qonunda ko‘zda tutilganligidir. U yoki bu harakatni jinoyat deb tan olish uchun yana bitta belgi – aybdorlik talab etiladi, ya’ni shaxsning o‘z xatti-harakatiga va uning ehtimoli bo‘lgan oqibatlariga munosabatini hisobga olish kerak bo‘ladi. Jinoyat, odatda, aybdor shaxs uchun sud hukmi bo‘yicha jazolanish majburiyatini yuklaydi. Biroq jinoyat va jazoning uyg‘unligi mutlaq holat emas, ya’ni barcha mamlakatlardagi mavjud qonunchiliqda jinoiy javobgarlikdan yoxud jazoni aniq o‘tashdan ozod qilish mumkinligi ko‘zda tutilgan (hukm ijrosini kechiktirish, shartli hukm qilish va boshqalar). Shuning uchun xatti-harakatlarning jazoga loyiqligi barcha jinoyatlar uchun majburiy jihat sifatida emas, balki jinoiy-huquqiy ta’qib xavfi va jazoning belgilanishi sifatida baholanadi. Bu, o‘z navbatida, alohida og‘ir, katta ijtimoiy xavf tug‘dirmaydigan, kam ahamiyatli, o‘rtacha og‘ir jinoyatlarni tasniflash, ularga xos huquqiy oqibatlar ro‘yxatini belgilash va jazo tayinlashda muhim amaliy ahamiyatga ega.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 137
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 245
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 289
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224596
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107620
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 54816
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39547
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39522
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 30948
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30347
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29803
Alpomish

//