Tanqidchilarni tanqid qilgan, qazi dazmollashni maslahat bergan Said Ahmad


Saqlash
23:06 / 09.06.2023 0 1938

Egalarini topgan gap

 

1979-yili jamoatchilik isteʼdodli munaqqid Ozod Sharafiddinovning ellik yilligini nishonladi. Odatda bunaqa toʻylarning tantanali qismidan soʻng yo oʻsha kuni, yo bir kun oʻtkazib, yoru birodarlarga choy berish rusumga aylangan. Ziyofat Toshkentning eng mashhur “Zarafshon” restoranining ixcham zallaridan birida boʻldi. Shubhasiz, tavallud toʻylarida aslida gapga chechan munaqqidlar xuddi kimoʻzarga oʻynaganday yubilyarning faoliyatiga baho berishda hotamtoy boʻlib ketishadi.

 

Aksariyat toʻylarda birinchi boʻlib gapga chiqadigan Said Ahmad aka boshlovchining: “Gapirasizmi?” degan imo-ishorasiga: “Keyinroq”, deb indamay oʻtirar edi. Said aka gapirsa davraga jon kirishini biladiganlar akam oʻtirgan tomonga bot-bot qarab qoʻyar, baʼzi oʻzini yaqin oladiganlar: “Gapiring”, deganday imo qilishar edi. Said aka esa tez-tez sigareta tutatar, gapirayotgan notiqning gaplariga zimdan nazar solar, agar gapirguday boʻlsa, oʻshalarning gap-soʻzlaridan bironta ilmoq, bahonai sabab topish ilinjida xuddi poygaga qoʻshadigan tulporday talpinib oʻtirar edi.

 

Navbatdagi soʻz munaqqidlarning otaxoni Izzat Sultonga berildi. Oʻzingiz bilasiz, Izzat aka birovdan gap qarz oladiganlardan emas. Fikrini tiniq va ravon, tesha tegmagan oʻxsha- tish va istioralar bilan yetkazib ayta oladigan notiq. U kishi gap orasida bir oʻxshatish qildi. Albatta bu Said akaning eʼtiborini darrov tortdi, –... Tanqidchilik juda qiyin soha, - dedi Izzat aka gap orasida. – Men, agar joiz boʻlsa, tanqidchilarning ijodini tosh yoʻnadigan ustalarning hunariga oʻxshatgim keladi. Bizning ishimiz nafaqat tosh yoʻnish, balki toshga naqsh oʻyishdek qiyin va masʼuliyatli hunardir...

 

Bu gaplarni eshitib, boyadan beri biron ilmoq, biron bahonai sabab topish ilinjida oʻtirgan Said akaga jon kirdi. “Ana endi qoʻlga tushdilaring, hurmatli toshyoʻnarlar!”

 

Izzat aka gapini tugatishi bilan Said aka imo-ishora orqali boshlovchidan soʻz soʻradi. Boshlovchi ham shuni kutib turgan ekan, shekilli, qoidaga binoan Said akaning hurmat-eʼtiborini joyiga qoʻyib soʻz berdi. Said aka ham goʻyo odat tusiga kirib qolgan odob chegarasidan chiqmay, toʻy bolaga ehtirom saqlab gap boshladi. Umumiy gaplardan soʻng gapning indallosiga koʻchdi:

 

– Toʻgʻri, tanqidchilarimizning mehnatlari ogʻir, masʼuliyatli. Men bu masalada Izzat Otaxonovichdan oʻtkazib biron-bir esda qoladigan gap aytishdan ojizman. Haqiqatdan ham tanqidchi birodarlarimizning ishi tosh yoʻnishdek ogʻir, toshga gul oʻyishdek masʼuliyatli, — dedi bosiqlik bilan. Toʻgʻrisini aytganda, Said aka gapining shu joyigacha zoʻrgʻa chidadi. Nutqining bu yogʻiga jindek jahl, jindek zarda aralashib, tovushi bir baxya koʻtarilib ketganini oʻzi ham bilmay qoldi. – Vey, oʻrtok, tosh-yoʻnarlar, sizlarning dastlaringizdan Chigʻatoy qabristoni yoʻnilgan marmartoshga toʻlib ketdiku! Bas qilasizlarmi, yoʻqmi?

 

Gʻovur-gʻovur boshlandi: birov kulyapti, birov norozi, birov “bopladi” deb chapak chalyapti, boshqasi xoʻmrayib qarab turibdi. Shovur-shovurda Said aka gapini nima deb tugatdi, bilmay qoldik. Faqat bizning bilganimiz shu boʻldiki, gap egalarini topdi.

 

Rahmatulla otaqoʻzi

 

Oltmishinchi yillari adabiy hayot nihoyatda joʻshqin kechardi: hali qarasangiz — turli-tuman simpoziumlar, hali qarasangiz — dekadalaru madaniyat kunlari, hali qarasangiz — yozuvchilarning syezdlari... Xullas

 

Xullas, mana shunday dekadalar arafasida Yozuvchilar uyushmasida qandaydir bir yigʻin boʻlib qoldi. Bu yigʻinda dekadaga boradiganlar roʻyxati koʻrilishi lozim edi. Oʻzingiz bilasiz, bunaqa yigʻinlar talashish-tortishishsiz oʻtmaydi. Hamma “oʻsha roʻyxatga men ham ilinib qolarmikanman” degan ilinjda raisimiz Yashin akaga moʻltirab qaraydi... Bunaqa qarashning oʻzgacha bir maʼnosi ham bor. Dekada ishtirokchilarini Ittifoq hukumati taqdirlaydi: ordenlar beradi. Bunaqa tadbirlardan soʻng, ehtimolki, uyushmadagi rahbarlar ham almashinishi mumkin.

 

Yigʻilish tugadi. Hamma uyushma binosining hovlisiga choyga chiqishdi. Kattalar alohida bir davra boʻlib oʻtirishdi. Bularning orasida Yashin aka, Abdulla aka, Uygʻun aka, Nazir aka, Mirmuhsin, Ramz Bobojon, Said Ahmadlar bor. Bunaqa davrada shubhasiz hazil-mutoyiba avjiga chiqadi. Said akani bilasiz, gap kelganda otasini ham ayamaydi.

 

Negadir oʻsha paytlarda Yashin aka boʻsharmish, oʻrniga Uygʻun aka tayinlanarmish, degan mish-mishlar yurardi yozuvchilar orasida. Hozirgi davrada ham shunga monand qochiriqlar, uchirma gaplar aylana boshlagach, Said aka shartta koʻnglidagi gapi¬ni hazilga aylantirib, sheʼrga solib aytib yubordi:

 

Rahmatulla Otaqoʻzi,

Sheʼriyatda yetim qoʻzi.

Hushyor boʻling, Yashin aka,

Kresloda ikki koʻzi.

 

Davradagilar “gu-ur” etib kulishdi. Uygʻun aka gap topolmay qolganida aytadigan yagona gapini bu gal ham aytdi:

– Hoʻ, juvarmak!

 

Samimiy maslahat

 

Bir kuni navbatdagi majlisdan soʻng tahririyatda gurunglashib oʻtirib, Oʻtkir Hoshimov soʻrab qoldi:

– Nosir aka, qazini qanday saqlashni siz bilasizku. ToshDUdagi professor oʻrtoqlarim, qazini yoqqa solib qoʻysa yaxshi turadi, deyishdi. Shu gap rostmi?

– Qazingiz bormidi?

– Ikkitagina bor edi, — dedi u, – Yangi yilga atab olib qoʻygandim.

Albatta doʻstlaringizning aytganini qilib, yoqqa solib qoʻydingiz

– Xuddi shundoq.

– Buning ustiga dogʻ qilinmagan yoqqa shundaymi?

– Qayoqdan bildingiz?! — dedi Oʻtkir rangi oʻchibroq.

Qazidan ayrilibsiz, — dedim men vahimaliroq qilib. — Esingiz joyidami? Dogʻ qilinmagan yoqqa ham soladimi qazini hech zamonda? Sassiq yogʻning butun bad boʻyini, buning ustiga pestitsid, gerbitsit degan dorilarning zahrini shimib olibdida, u jonivor!

– Endi nima boʻladi?!

 

– Endi buning bir yoʻli bor, bolam, — dedi Said aka masalani buyogʻini rivojlantirib. Oʻtkir cholning gapiga umidvor tikildi. – Qazini yogʻdan olasan. Soʻng aptekadan sterilniy doka olib kelib, yaxshilab artasan. Artib boʻlgandan keyin birpas oftobga osib qoʻyasan-u, keyin bir togʻorachaga “Tayd”, agar “Tayd” topolmasang “Ariyel” poroshogi ham boʻlaveradi, oʻshani solib yaxshilab yuvasan. Tagʻin oftobga bir oz osib qoʻyasan. Keyin oddiy tish choʻtkani olib, “Blendamed” tish pastasi bilan, agar “Blendamed” topilmasa, “Kolget” pastasi boʻlsa ham boʻlaveradi, obdan ishqalab yuvib, yana osib qoʻyasan.

 

Gap shu joyga kelganida Oʻtkirning peshonasi tirisha boshladi. Akamiz gapini davom ettirdi:

– Ochiq havoda ikki soatlar chamasi turgandan soʻng “Ravento” degan dazmol bilan yaxshilab, silliq qilib dazmollaysan.

Oʻtkirning toqati toq boʻlib ketdi.

 

– Oʻzimizning dazmolda boʻlmaydimi?

– Boʻlmaydi, — dedi akamiz jiddiy. – Bilasanmi, men aytayotgan dazmolning tagida teshikchalari bor. Ana shu teshikchalaridan parli suv chiqarib, qazini kuydirmay, maromida tekislaydi... Shuning uchun bu dazmol magazinda uch yuz dollar turadi, bolam. Oʻtkir birpas indamay turdida, bizlarning qiqir-qiqir kula boshlaganimizdan oqsoqolning hazil qilayotganini fahmlab qoldi shekilli:

 

– Shu ikkita qazining bahridan oʻtsam qutulaman-mi! — dedi kulib. – Sizning maslahatingizni chamalab qarasam, menga 350-400 dollarga tushadigan. Bu zormanda ikki qazini esa, 400 soʻmga olganman.

 

– Shundoq qilsang ham boʻladi, bolam, — dedi Said aka. – Bu yoqqa olib kelib tashla. Oʻzim bir amallab tozalab olarman...

 

“Slishkom” toʻgʻri chol

 

Kunlardan bir kun Mirtemir aka Said Ahmad akanikiga keladi. Ularning hovlilari bir-biriga juda yaqin. U yoq — bu yoqdan gaplashib oʻtirib, Said Ahmad akaning odatdagi shumligi tutib, gap orasida domlani avray boshlaydi: “Mirtemir aka, deydi u, – Saidadan ehtiyot qilib yurgan yuz soʻm pulim bor edi. Mana, shuni olib qoʻying. Keyin choy ustida sizdan qarz soʻrayman. Berasiz...” Mirtemir aka pulni shubha bilan oladiyu, shimining choʻntagiga soladi. Oʻsha paytdan boshlab u negadir bezovtalanib, joyida oʻtirolmay qoladi. Goʻyo pul choʻntagidan chiqib ketayotganday. Oʻng qoʻli choʻntagining ustida. Saida opa choy olib kirganida goʻyo bir uyat ish qilib qoʻyganday xijolat boʻlib, tipirchilay boshlaydi. Mirtemir akaning bu bezovtaligi Said Ahmad akaning koʻngliga gʻulgʻula soladi: “Bekor qildimda, shu ishni, — koʻnglidan oʻtkazadi u. – Tunov kuni ishlab oʻtirganimda, “qoraqalpoqdan mehmon kelib qoldi, bolam. Yuz soʻm berib tur. Saida bilmasin”, deb olib ketib, ertasiga: “Mana, kecha Said Ahmaddan olgan edim”, deb toʻppa-toʻgʻri Saidaning qoʻliga olib kelib bergan edi. Bunaqa qingʻir ishni bu yaramas cholga ishonib boʻlmas ekanda. Choli tushmagur slishkom toʻgʻri!” Mirtemir aka Said Ahmad akaning pul soʻrashini kutadi. Said aka esa soʻrash uchun qulay paytni. Vaqt oʻtgan sari Mir¬temir aka siqila boshlabdi. Axiyri chiday olmay boyagi omonat pulni choʻntagidan shartta chiqarib, Said Ahmad akaning oldiga otadi.

– Qoʻy, bolam, ikkinchi munaqa ahmoq ishlarni qilma!

Shu gapdan keyin Mirtemir aka yengil tortibdi, Said Ahmad aka gʻalati ahvolga tushibdi. Saida opa esa hech narsaga tushunolmay hayron emish.

 

Trijdi

 

Nima desangiz dengu, oʻzbek yozuvchilarning ichida Hakim akaday vazmin, Hakim akaday jaydari, Hakim akaday odamoxun, Hakim akaday kamtarinni ming axtarsangiz ham topolmaysiz. Axir, koʻp yillar uyushmamizning firqa kotibligi vazifasida ishlab yurgan paytlarida ustoz Abdulla Qahhor: “Hakim Nazir uyushmamiz binosining toza havo kirib turadigan tuynugi”, degan gapni bekorga aytmaganda.

 

Shunaqa yozuvchilarimiz borki, manfaat chiqadigan joy boʻlsa, eshikning turumini buzib boʻlsayam ichkariga kirishadi. Oladigan narsa chiqib qolguday boʻlsa, har qanaqa andishani bir chetga surib qoʻyib, oʻsha narsani olmay qoʻymaydi. Vaholanki, u narsani olish kerak emas, beradigan tomon oʻzi berishi kerak. Oʻsha narsaga sazovor boʻlish kerak. Hakim aka esa miq etmaydi: hech kimga arz ham qilmaydi, shikoyat ham.

 

Shu Hakim akamni Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga nomzod qilib uch marta koʻrsatishdi. Haytovur, uchinchisidan keyingi qoʻyilishida koʻnishdi shekilli, berishdi.

 

Mukofotni olishdan avval qandaydir bir yigʻin boʻlib qolib, proza majlisi boʻlsa kerak, Said aka oʻsha yigʻinga boshlovchilik qildi. Yigʻin oʻrtalab qolganida shumligi tutdi shekilli, akamiz Hakim akaga oʻrischalab soʻz berdi: Слово имеет трижды не лауреат Госпремии Узбекистана писател Ҳаким Назир...

 

Zalda qiqir-qiqir kulgi koʻtarildi. Hakim aka haligi gapdan loladek qip-qizarib minbarga chiqdi. Baʼzi oʻrischasi chala kishilar: “Hakim akasi tushmagur qachon uch marta mukofot olib ulguribdi?!” deb tushunishsa, oʻsha mukofotni bermay monelik qilganlar boʻyinlarini egib, zil ketishdi. Shu gap turtki boʻldimi yo boshqa biron sababi bormi, har qalay keyingi qoʻyilganida Hakim akamizga berishdi mukofotni.

Nosir FOZILOV

 

Muborak FOZILOVA tayyorladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 84
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 195
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 505
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 925
“Birpas”mi, “ikkipas”?..

Qatra

18:10 / 30.10.2024 0 238
“Yashashga shoshilaman”



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218643
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104444
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33519
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27231
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26186
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24682
Alpomish

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24680
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21598
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//