
Jamiyat (arabcha umumiy) – tabiatning bir qismi, borliqning alohida shaklini ifodalaydigan falsafiy tushuncha; odamlar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o‘rtasida amal qiladigan ko‘plab munosabatlar majmuasi, o‘zida moddiylik va ma’naviylikni, obyektivlik va subyektivlikni, tabiiylik va ijtimoiylikni mujassamlashtiradigan tushuncha. Jamiyat g‘oyat murakkab ijtimoiy tizim bo‘lib, u odamlar o‘rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, mafkuraviy va hokazo munosabatlarning, tarixan tarkib topgan oila, jamoa, millat, din, davlat, axloq va hokazolarning majmuidir.
Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish ham, ulardan birini muhim, boshqasini nomuhim deb hisoblash ham birday xato, uning ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqdir. Ularni boshqarish va takomillashtirishda davlat tashkilotlari va kishilarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari muhim rol o‘ynaydi. Insoniyatning ulug‘ mutafakkirlari doimiy o‘zgarish va rivojlanishda bo‘lgan jamiyatning tub mohiyatini bilishga, insonning jamiyatdagi o‘rni va rolini belgilashga, taraqqiyot mantig‘ini anglashga harakat qilganlar. Qadimgi davrda jamiyat mohiyati mifologik, diniy ta’limotlar orqali izohlangan. Jamiyat mohiyatini ilmiy-falsafiy bilish, uning yaxlit ilmiy manzarasini yaratish insoniyat ma’naviy taraqqiyotining buyuk yutug‘i bo‘ldi. Ilmiy bilimlar va falsafiy tafakkurning rivojlanishi bilan jamiyat mohiyatini ilmiy asosda o‘rganish imkoniyati vujudga kelgan. Vatanimizdan yetishib chiqqan Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy singari ulug‘ mutafakkirlar jamiyatning paydo bo‘lishi, mohiyati va istiqbollari to‘g‘risida ilg‘or ilmiy qarashlarni ilgari surganlar. Bu borada Forobiyning fozil jamiyatni barpo etish to‘g‘risidagi g‘oyalari, Ibn Sinoning jamiyatning paydo bo‘lishi kishilarning birdamlikka bo‘lgan tabiiy ehtiyojidan kelib chiqqanini, mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi jamiyat taraqqiyotining asosi ekani haqidagi fikrlari muhim ahamiyat kasb etadi. Beruniy birinchi bo‘lib sivilizatsiyalarning paydo bo‘lishida tabiiy-geografik omilning hal qiluvchi rol o‘ynaganini asoslashga harakat qilib, jamiyat hayotida oila, til va madaniyatning ahamiyatini ko‘rsatgan. Osiyolik mutafakkirlarning ta’limotlari keyinchalik yevropalik olimlar tomonidan ijodiy rivojlantirildi.
XIX asr o‘rtalariga kelib jamiyatni ilmiy asosda tadqiq etish, yetilgan ijtimoiy muammolarni oqilona hal etishda fan yutuqlaridan foydalanish, jamiyat istiqbolini oldindan ko‘rish hayotiy zaruratga aylandi. Gʻarbiy Yevropaning Gegel, G.Spenser, E.Dyurkgeym, M.Veber, V.Pareto singari nazariyotchilari jamiyatni tabiiy-tarixiy jarayon, murakkab ijtimoiy sistema sifatida tadqiq etdilar. Har bir o‘zgargan tarixiy davrda jamiyat mohiyatini yangicha idrok etish, unga yangicha yondashish zaruriyati paydo bo‘ladi. Turli tarixiy davrda yaratilgan jamiyat to‘g‘risidagi ta’limotlarda davr ruhi, jamiyatning ma’naviy salohiyati o‘z aksini topadi. Har bir tarixiy davrda jamiyatning ma’naviy-intellektual salohiyati, siyosiy va huquqiy madaniyatiga muvofiq ravishda siyosiy boshqarish usuli shakllanadi va amal qiladi. Demokratik jamiyat bozor munosabatlari vositasida boshqariladi, davlat iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishga yordam beradi, bunda ijtimoiy raqobat, manfaatdorlik iqtisodiy rivojlanishning muhim qonuniyati sifatida amal qiladi. Demokratik davlat jamiyat ma’naviy hayotini takomillashtirish, jamiyatning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ilm-fanni taraqqiy ettirish haqida ko‘proq g‘amxo‘rlik qiladi. Davlat jamiyat ma’naviyatining homiysi sifatida ta’lim-tarbiya sohasida tub islohotlarni amalga oshiradi. Jamiyat tarkibini turli sinflar, sosial qatlamlar va guruhlar ham tashkil etadi. Bu tarkibning xilma-xilligi mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi, mulkchilik turli shakllarining mavjudligi bilan bog‘liq.
Mustaqillik davrida O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar va demokratik jamiyat qurish tajribasi jamiyat taraqqiyotini huquqiy davlatsiz tasavvur etib bo‘lmasligidan dalolat beradi. Bu borada ijtimoiy farovonlik va totuvlik komil inson shaxsini shakllantirishga, fuqarolik jamiyati asoslarini yaratishga, huquqiy bilim va madaniyatni rivojlantirishga bog‘liq jarayon ekanini ko‘rsatdi. Bugungi kunda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, hayotni erkinlashtirish, fuqarolik jamiyatini barpo etish, demokratik institutlarni yanada rivojlantirish mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishidir.
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q