Dunyoviylik, Dunyoviy g‘oya


Saqlash
11:06 / 05.06.2023 0 357

Dunyoviylik – insonning ma’naviy mezonlarni dunyoga nisbatan o‘lchab yashashini anglatadigan tushuncha. Hadisi sharifdagi "Sizlarning yaxshilaringiz dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni unutmaganlaringiz" degan hikmatning mazmun-mohiyatini anglab, hayotga tatbiq etishi, dunyo va oxirat ishini uyg‘unlashtirishi, dunyo oxirat ekinzori, oxirat uchun amaliyot manbai ekanini tushunish tamoyili moʻtadil yo‘ldir. U foniy va boqiy dunyoning ma’naviy-ruhiy jihatdan uyg‘unligini ifoda etadi. Ulug‘ ajdodlarimiz azaldan dunyo va oxiratning o‘zaro mushtarak holda tasavvur etganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarida ta’kidlanganidek, "Oxiratni o‘ylab dunyoni, dunyoni o‘ylab oxiratni esdan chiqarmanglar", zero dunyo oxirat ziroatgohidir, dunyoni obod qilgan kishining oxirati ham obod bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, hazrat Bahouddin Naqshbandning "Dast ba koru dil ba Yor" (Qo‘ling ishdayu, qalbing esa Alloh bilan bo‘lsin) shiorida ham aynan shu mazmun, ya’ni dunyo va oxirat ishlarini baravar, birga olib borish ma’nosi mujassam. Dahriylik – bu Xudoning borligiga shak keltirish, ishonmaslikdir, dunyoviylik esa Allohga imon keltirgan holda uni qalbda saqlab, Yaratgan in’om etgan aql-zakovat, bilim va tajribani ishga solish, elyurtni obod qilishga hissa qo‘shish, xalqning hurmatini qozonishdir. Zero, "Xalq rozi bo‘lsa, Xoliq rozi bo‘ladi", deydi ulug‘ mutafakkirimiz Alisher Navoiy. Shu kabi xalqimizning "Bekordan Xudo bezor", "Sendan harakat – Xudodan barakat" degan ajoyib iboralari bor. Shu ma’noda uzlatga chekinish, nazru niyoz hisobiga kun ko‘rish, tilanchilik bilan shug‘ullanish Xudoga yoqmaydigan odat. Bu xudojo‘ylik emas, balki tekinxo‘rlikdir, Naqshband hazratlari iborasi bilan aytganda, "birovlarga yuk bo‘lishdir". Holbuki, haqiqiy dindor, e’tiqodli kishi odamlar hojatini chiqarishi, hojatmandlarning yukini yengil qilishi, saxovatli bo‘lishi lozim.

 

Dunyoviy g‘oya – 1) diniy qarashlardan farq qiladigan muayyan g‘oyalarni ifodalash uchun qo‘llanadigan tushuncha; 2) jamiyat va insonni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan sog‘lom fikrlar majmui. Bu g‘oyalarni mazmun-mohiyatiga ko‘ra, umuminsoniy, ilmiy, falsafiy kabi bir necha turlarga bo‘lish mumkin. Dunyoviy g‘oyalar ma’lum bir millat, davlat, xalq va jamiyat ehtiyojlari, maqsad-muddaolari, manfaatlarini amalga oshirish tamoyilini ham o‘zida mujassamlashtiradi, dunyo mamlakatlarining rivojlanish yo‘lini belgilab olishga doir dolzarb g‘oyalarni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu g‘oyalar asosan milliy va umuminsoniy qadriyatlar, demokratiya tamoyillari va boshqa hayotiy haqiqatlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Dunyoviy g‘oyalar adolat va haqiqat, erkinlik va mustaqillik ruhini, taraqqiyot yo‘lidagi olijanob maqsad-muddaolarni ifoda etib, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun xizmat qilmoqda. Ular hurfikrli, mutelik va jur’atsizlikdan xoli bo‘lgan, bilimi va kuchiga ishonib yashaydigan, o‘zining mustaqil qarashlariga ega bo‘lgan kishilar jamiyatining g‘oyalaridir. Shuning uchun hozirgi vaqtda demokratik, umuminsoniy mazmundagi g‘oyalar, irqi, millati va jinsidan qat’i nazar, insonlar, ko‘plab mamlakatlar hayotiga chuqur kirib borib, ularning asosiy g‘oyalariga aylanib bormoqda. Demokratiya asosida shakllantirilgan ijtimoiy bag‘rikenglik va adolat ham uning tarkibiy qismlaridan hisoblanadi. Bu g‘oyalar dunyoviy davlatdagi turli millat va din vakillarining erkin faoliyati, hamjihatligi va haq-huquqlarini kafolatlaydi. Hozirgi kunda dunyoviy g‘oyalar ezgulik yo‘lida butun jamiyat a’zolarining hamkorligini nazarda tutadi, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning muhim sharti hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:38 / 26.09.2023 0 39
Orfeizm

Qomus

12:28 / 26.09.2023 0 39
Oriyat

Qomus

12:07 / 26.09.2023 0 38
Ongsizlik

Qomus

11:51 / 26.09.2023 0 37
Ong

Qomus

11:29 / 26.09.2023 0 26
Onalik baxti

Qomus

10:24 / 26.09.2023 0 29
Ommaviy madaniyat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:36 / 07.12.2021 138 192201
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:05 / 02.12.2021 87 87802
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:57 / 29.12.2021 3 10083
Kompetentlik

Qomus

10:58 / 28.12.2021 4 8687
Manqurt(lik)

Bilasizmi?

11:46 / 11.10.2021 3 6259
Kashtachilik san’ati tarixi haqida bilasizmi?

Bilasizmi?

11:54 / 08.11.2021 1 6024
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya

Hikmat

10:22 / 21.10.2021 0 4853
Til – dil kaliti