Dinlararo munosabatlar


Saqlash
09:06 / 05.06.2023 0 1547

Din (arabcha ishonch, ishonmoq) – 1) ijtimoiy-ma’naviy hayot hodisasi, ilohiy kuchlarga ishonch-e’tiqod asosida shakllangan g‘oya va qarashlar tizimi; 2) borliqni yaratuvchi va boshqaruvchi oliy mavjudot, ya’ni Xudoga nisbatan munosabat, tasavvur, urf-odat va marosimlar majmui. Ibodat ob’yektiga ko‘ra – jonivorlar, ruhlar, jin-alvasti, butlar, turli ilohlar va Allohga sig‘inuvchi diniy ta’limotlar bir-biridan farqlanadi. Genezisi va tarqalishiga ko‘ra, dinning eng qad., milliy va jahon dinlari kabi shakllari mavjud. Har bir din o‘ziga xos sig‘inish ob’yekti va rasm-rusum, ibodat, urf-odat va aqidalarga ega.

 

Din va diniy ta’limotlar ilohiyotchilar (ulamolar), ateistlar (dinni inkor etuvchilar) va dinshunoslar tomonidan o‘rganilgan. Fanda dinning paydo bo‘lishi to‘g‘risida yagona fikr yo‘q. Islom dini ta’limotiga ko‘ra, din – Alloh tomonidan o‘z payg‘ambarlari orqali bashariyat olamiga joriy etilishi zarur bo‘lgan ilohiy qonunlardir. Tabiat va insonni yaratgan, ayni vaqtda insonga to‘g‘ri, haqiqiy hayot yo‘lini ko‘rsatadigan va o‘rgatadigan ilohiy qudratga ishonchni ifoda etadigan ta’limot. Falsafada din – ijtimoiy-tarixiy hodisa, kishilik jamiyati taraqqiyotining muayyan bosqichida paydo bo‘lgan ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida talqin etiladi. Dinning mohiyati turlicha izohlansa-da, uning asosida ishonch, e’tiqod tuyg‘usi yotadi. Insoniyat tarixida din turli shakllarda namoyon bo‘lgan. Dinning dastlabki ko‘rinishlari fetishizm, totemizm, animizm, sehrgarlik va boshqalardir. Shuningdek, urug‘-qabila dinlari, milliy dinlar (iudaizm, hinduizm, sintoizm, daosizm, konfusiychilik), jahon dinlari (buddizm, xristianlik, islom) vujudga kelgan. Yer kurrasida eng ko‘p tarqalgan, jahon xalqlarining asosiy qismi e’tiqod qiluvchi jahon dinlariga buddaviylik, xristianlik va islom kiradi. Din inson hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan murakkab ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy vazifalarni bajaradi. Xususan, u kishilarning axloqiy va ma’naviy qadriyatlar, tarixiy va madaniy merosdan bahramand bo‘lishiga xizmat qiladi. Ayni paytda har bir din turli urf-odat, marosim va bayramlar orqali o‘z qavmi turmushini tartibga solish, nazorat qilish, kishilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini yo‘lga qo‘yishga harakat qiladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, dinning madaniy-ma’naviy yuksalishning qudratli omili sifatidagi o‘rni va ahamiyati ortib bormoqda.

 

Din falsafasi – dinning mazmun-mohiyati, ijtimoiy hayotdagi o‘rnini tushuntirishga yo‘naltirilgan falsafiy bilim sohasidir. Din hamisha falsafiy tahlil obyekti bo‘lib kelgan. Din haqidagi falsafiy qarashlar dastlab muayyan ta’limotlarda aks ettirilgan bo‘lsa, XVIII–XIX asrlarga kelib, din falsafasi alohida fan sifatida shakllandi. Bunda B.Spinoza, F.Shelling, G.Gegel, L.Feyerbax kabi faylasuflar hamda F.Shleyermaxer, T.Til, S.Kyerkegor kabi teologlarning xizmati katta bo‘lgan. Hozirgi davr falsafiy ta’limotlarida ham din falsafasi o‘ziga xos tarzda talqin va tahlil etilmoqda. Bunday yondashuvlarda zamonaviy Sharq falsafiy ta’limotlari, Gʻarb maktablari (naturalizm, materializm, ekzistensializm, pragmatizm, pozitivizm, analitik falsafa kabi) ta’siri katta. Hozirgi vaqtda din falsafasi o‘z muammolari, tadqiqot predmeti va obyektiga ega bo‘lgan, nisbatan mustaqil falsafiy bilim sohasiga aylandi.

 

Dinlararo munosabatlar – din asosida yuzaga kelgan turli ta’limotlarga e’tiqod qiluvchi ayrim kishilar, kichik yoki katta guruhlar o‘rtasidagi xilma-xil aloqalar. Bu ijtimoiy munosabatlarning alohida turi bo‘lib, unda dinlarning o‘ziga xos jihatlari: ta’limoti, e’tiqodi, tashkilotlari va boshqalar namoyon bo‘ladi. Turli dinlarga xos xususiyatlar, chunonchi, hududiylik (sintoizm) – asosan Yaponiya hududida tarqalgan, induizm – Hindistonda, islom, buddaviylik, xristianlik barcha qit’alarda; shakllanish davri (iudaizm 3000 yildan ko‘proq, xristianlik 2000 yilga yaqin, islom o‘n besh asrdan buyon mavjud) bilan bog‘liq jihatlar ham dinlararo munosabatlarga ta’sir ko‘rsatgan. Shaxslararo diniy munosabatlar kundalik hayotiy faoliyatda namoyon bo‘ladi. Guruhiy diniy munosabatlar turli konfessiya vakillari o‘rtasidagi muzokaralar, diniy nizolar va ixtiloflarda yuzaga keladi; tinchlik vaqtida ham muayyan mamlakat hududida istiqomat qilayotgan xalqlar orasida turli e’tiqoddagi kishilarning, diniy rahbarlarning tinch-totuv yashash, har qanday masalani murosa asosida hal qilish borasida o‘zaro muloqot yuritishi mumkin. Diniy faoliyatning turli ko‘rinishlari o‘ziga xos dinlararo munosabatlarni yuzaga keltiradi. Masalan, o‘z diniy ta’limotini himoya qilish va boshqalarini tanqid qilish, boshqa e’tiqoddagilarni o‘ziga og‘dirish uchun da’vat qilish jarayonida ham dinlararo munosabatlar namoyon bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

10:04 / 16.04.2024 2 344
Velosiped

Qatra

10:04 / 15.04.2024 0 786
Onasini eng uzoq kutgan farzand

Qatra

14:04 / 08.04.2024 0 332
Toshbaqaning xatosi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 410
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 566
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 424
Hurfikrlik



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 141 203960
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95270
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 21452
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 1 18153
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 4 14507
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 7 13448
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 12152
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11558
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya