Bilasizmi?
Davlat – butun mamlakat miqyosidagi hokimiyatning maxsus boshqaruv apparatiga tayanadigan, barcha uchun qonunlar chiqaradigan va suverenitetga ega bo‘lgan siyosiy tashkilotni ifodalovchi tushuncha. Davlat jamiyatning hokimiyat kuchiga, shuningdek, ijtimoiy ne’matlar hamda vositalarni taqsimlash imkoniyatlariga ega bo‘lgan qismi hisoblanadi. Har bir davlat betakror ijtimoiy hodisadir. U tarixiy va ma’naviy taraqqiyotning hosilasi, muayyan bir xalqning o‘ziga xos madaniy rivojining natijasidir. Davlat jamiyat rivojining muayyan bosqichida yuzaga kelgan. Ibtidoiy jamiyatda oqsoqollar, urug‘ va qabila boshliqlari hamda diniy hokimiyat sohiblariga tegishli bo‘lgan ijtimoiy hokimiyat asta-sekin davlat hokimiyatiga aylangan. Davlat keng ma’noli tushunchadir. Davlat – jamiyat siyosiy tizimining odamlar, guruhlar, sinflar, tashkilotlarning hamkorlikdagi faoliyatini, o‘zaro munоsabatini tashkil etuvchi, yo‘naltiruvchi va nazorat qiluvchi asosiy institut. Davlat – hokimiyatning bosh instituti. Hokimiyat davlat orqali o‘z siyosatini amalga oshiradi.
Davlatning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
1) davlat hokimiyatining (majburlash, boshqarish apparati) mavjudligi;
2) aholining hududiy jihatdan uyushganligi;
3) suverenitet;
4) huquq ijodkorligi (qonun chiqarishga qodirlik);
5) aholining kam ta’minlangan qismiga yordam berish uchun sarflanadigan soliqlarni yig‘ish;
6) hududni qo‘riqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, umumiy farovonlik maqsadlarini amalga oshirish.
Davlat quyidagi asosiy vazifalarni ado etadi: xo‘jalik yumushlari, fuqarolarning huquqlari va mulk daxlsizligini muhofaza etish, nazorat qilish, mamlakat xavfsizligini ta’minlash, tashqi aloqalar, madaniy-tarbiyaviy ishlar, islohotlarni amalga oshirish va boshqa davlat boshqaruv shakliga ko‘ra, monarxiya va respublikaga bo‘linadi. Monarxiya mutlaq va cheklangan (parlamentar) shakllarda bo‘ladi. Respublikalar prezidentlik respublikasi va parlamentar respublikalarga bo‘linadi. Davlat tuzilish shakliga ko‘ra, unitar, federativ, konfederativ davlatlardan iborat. Davlat siyosiy rejim shakliga ko‘ra, demokratik, antidemokratik, fashistik, totalitar davlatlarga bo‘linadi. Davlat idoralariga vakillik, ijroiya, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va konstitutsiyaviy nazorat idoralari hamda boshqalar kiradi.
Davlat islohoti – milliy davlatchilikni takomillashtirish tamoyillaridan biri, O‘zbekistonda yangi jamiyat qurish, eski tuzumdan bozor munosabatlariga o‘tish usuli. Ushbu tamoyilga ko‘ra, bozor munosabatlariga o‘tish davrida davlat iqtisodiyot va ijtimoiy turmushning barcha sohalarini o‘zgartirish dasturlari va rejalarini tuzadi, ularning izchillik bilan amalga oshirilishiga rahbarlik qiladi. O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishda davlatning xalqqa xizmat qilish funksiyasini kengaytirishni ta’minlash bugungi davrda eng oqilona yo‘l ekani isbotlandi. Hozirgi o‘tish davrida xalq xo‘jaligining, ayniqsa, uning yetakchi tarmoqlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, narx-navoni tartibga solib turish, soliq solish va qarz berishda ma’lum tabaqalarga imtiyozlar yaratish, shuningdek, bevosita yordam ko‘rsatish yo‘li bilan muhim tarmoqlarga madad berish davlatning bu boradagi asosiy vazifalaridir. Islohotlar jarayonida davlatning faol ishtiroki, uning tashabbuskori bo‘lishi, islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini, bozorga o‘tishning asosiy yo‘nalishlari va strategiyasini ishlab chiqish vazifasini o‘z zimmasiga olishi, eng muhimi, ularni bevosita amalga oshirishi davlat islohoti tamoyilining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Unga ko‘ra, davlat islohot jarayonida umummilliy manfaatlarni mujassam ifodalash va himoya qilishga, aholining barcha kuchlarini umumiy maqsadlar yo‘lida jipslashtirishi zarur. Davlat o‘z faoliyatining huquqiy asoslarini, o‘ziga xos shart-sharoitni vujudga keltiradi va tasdiqlaydi. Bunday sharoitda islohotlarning yo‘nalishlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirishning strategik yo‘lini belgilash va uni hayotga izchil tatbiq etish yuzasidan taktik qarorlar qabul qilish davlat zimmasiga yuklatiladi. Ijtimoiy muammolarni hal etishda, aholini ijtimoiy himoyalashning samarali va aniq-ravshan tizimini vujudga keltirishda davlat katta o‘rin tutadi. Tadbirkorlik va ishbilarmonlik tuzilmalarining shakllanishi hamda rivojlanishiga ko‘maklashish ham davlatning burchidir. O‘zbekistonning keyingi yillardagi taraqqiyoti davlat islohoti bo‘lishi naqadar to‘g‘ri ekanligini yaqqol tasdiqlaydi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q