Goʻzallik


Saqlash
19:05 / 26.05.2023 0 3133

Goʻzallik – nafosatshunoslik kategoriyasi boʻlib, narsa-hodisalarning nafisligi va nafosatini ijtimoiy-ma’naviy jihatdan baholovchi mezon, ijtimoiy hayotda biron bir narsa yoki kishiga xos xususiyatlarning shaklan va mazmunan uygʻunligini anglatadigan, turli shakllarda namoyon boʻladigan va insonda yoqimli tuygʻu, zavq, kuchli hayrat hissini hosil qiladigan tushuncha. Manbalarda goʻzallikka berilgan tavsiflar bu borada yaxlit yondashuv, umume’tirof etilgan ta’rif yoʻqligidan dalolat beradi. Masalan, "Huvarnosi Ahura Mazda koʻp goʻzaldir, goʻzaldir juda" (Zardusht), "Goʻzallik – bu gʻoyalardan iborat gʻoyaning gʻoyasi" (Aflotun), "Goʻzallik – bu turli musiqalar, yaxshi xulq-atvorga toʻgʻri keladigan, odamlar erishishga havas qiladigan narsalardir" (Abu Nasr Forobiy), "Har qanday goʻzallik, goʻzallikni anglay olgan muhabbat belgisidir" (Abu Homid Gʻazzoliy), "goʻzallikka muhabbat qoʻyishning asosida ham aql, ham hissiyot yotadi" (Ibn Sino), "Goʻzallik barcha tillarda vasf etiladi va har qanday aqlga hush keladi" (Umar Hayyom), "Goʻzallik – manfaatsiz maftunlikning, muhabbatning obyekti" (I.Kant), "Goʻzallik – hodisaga aylangan erkinlik" (F.Shiller), "Bizga taalluqli boʻlmagan hamma narsa goʻzal!" (A.Shopengauer) shular jumlasidandir. Odatda goʻzallik xushnudlik, zavq baxsh etuvchi hodisa sifatida ham talqin etiladi. Bu goʻzallikka nisbatan sodda, joʻn va yuzaki qarashdir. Aslida goʻzallik yoqimlilik tuygʻusi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan kishilarda estetik did, ijtimoiy-axloqiy fazilatlarning shakllanishi hamda ma’naviy ehtiyojlarning barqarorlashuviga xizmat qiladi.

 

Goʻzallikning yaratilishi xususida ikki xil qarash mavjud. Birinchisi – inson tafakkuri va mehnatining mahsuli natijasida yaratiladigan goʻzallik boʻlib, bunda aql, tafakkur, bilim, ilhom va hissiyot ustuvordir (san’at va badiiy ijod namunalari, ilmiy asarlar va kashfiyotlar, moddiy ne’matlar, ma’naviy qadriyatlar va hokazo). Ikkinchisi – inson salohiyatidan tashqarida yuzaga keladigan, uning tafakkuri va bilimining mahsuli boʻlmagan goʻzallik boʻlib, unda makon va zamon oʻzaro uygʻun holda namoyon boʻladi (purviqor togʻlar, cheksiz ummonlar, osmon jismlari va hokazo). Insoniy goʻzallik uning uchinchi shaklidir. Bunda nafaqat tashqi koʻrinish, qiyofa, balki insonning «ichki dunyosi», ma’naviy-axloqiy fazilatlari ham muhim oʻrin tutadi. Inson tabiiy goʻzallikni dastlab koʻrish, soʻng eshitish, ta’m, hid bilish va tana sezgisi orqali his etadi. Biroq, mazkur beshta sezgi ham goʻzallikning mohiyatini toʻliq anglash uchun yetarli emas. Goʻzallik uygʻunlik, maqsadga muvofiqlik, mutanosiblik, me’yor, tartiblilik, hamohanglik, moslik, yaxlitlik, birlik, tenglik kabi tushuncha – unsurlarning mavjudligini ham talab etadi. Bu tushunchalar narsa-hodisalarning goʻzalligi va chiroyining turli jihatlarini ifoda etadi. Masalan, yilning har bir faslida oʻziga xos goʻzallik namoyon boʻladi. Biroq, fasl xususiyatlari uning maftunkorligidagi unsurlar bilan mos, mutanosib va hamohang boʻlmogʻini talab etadi (daraxtlarning uygʻonishi va koʻklam bezanishi – bahoriy goʻzallik, qahraton sovuq va borliqning oppoq qorga burkanishi – qish chiroyi timsolidir va hokazo). Mazkur jihatlar goʻzallikdagi maftunkorlik, foydalilik, moʻ’jizaviylik kabi sifatlarni takomillashtiradi. Bu sifatlar qulaylik, manfaatdorlik, zavqlanish, lazzatlanish singari goʻzallik xususiyatlarini belgilaydi. Ana shu sifatlar va xususiyatlar uygʻun boʻlgan narsa-hodisalar oʻzida goʻzallikni namoyon etadi va u insonlarga hush yoqadi. Shuning uchun ham estetika – nafosat falsafasi fanida goʻzallik eng yuksak qadriyat sifatida e’tirof etiladi. Shu ma’noda, goʻzallik ham inson tafakkuri va mehnatining mahsuli, ham tabiiy tarzda vujudga keladigan hodisa, ham bilishning mahsuli boʻlgan falsafiy-estetik tushunchadir. Goʻzallik muammosi falsafa, adabiyotshunoslik, san’atshunoslik kabi sohalarda oʻrganiladi.

 

Goʻzallikning nazariy va amaliy tahlili, ma’naviy va axloqiy mohiyati, ijtimoiy va siyosiy ahamiyatini ochib berishga qaratilgan tadqiqotlarni quyidagicha turkumlash mumkin:

 

1) goʻzallik tushunchasining tamoyil, qonuniyat va qadriyat sifatida estetik tafakkur tarixida tutgan oʻrnini yoritish

2) goʻzallikni san’at, adabiyot, madaniyat hamda badiiy ijod jarayonlariga ta’siri masalalarini tahlil etish;

3) tabiat, jamiyat va inson munosabatlarida goʻzallikning namoyon boʻlish xususiyatlariga doir tadqiqotlar;

4) goʻzallikning moddiy ne’matlar yaratish hamda texnikaviy taraqqiyot jarayonlari bilan bogʻliq boʻlgan muammolar;

5) komil insonni tarbiyalashda goʻzallikning amaliy ahamiyati bilan bogʻliq boʻlgan izlanishlar;

6) goʻzallikning milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy jarayonlar bilan bogʻliq aksiologik-falsafiy jihatlarini oʻrganish.

 

Mustaqillik qoʻlga kiritilgach, goʻzallik kategoriyasini milliy-ma’naviy qadriyatlar va yangicha qarashlar negizida ilmiy tadqiq etish, uning ijtimoiy hayotga ta’sirini xolisona baholashga ehtiyoj tugʻildi. Zotan, insonning jamiyat, tabiat bilan oʻzaro munosabatining rivojlanib borishi pirovardida uning goʻzallikka boʻlgan yondashuvi va qarashlarining yangilanishiga sabab boʻladi. Goʻzallik estetikaning boshqa kategoriyalari orasida keng qamrovli xususiyatga ega ekanligi bilan ajralib turadigan nisbiy tushuncha. Hozirgi davrda goʻzallikning ijtimoiy hayot, sanoat, telekommunikatsiya, san’at, ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita yoki bilvosita ta’sirini kuzatish mumkin. Goʻzallik bozor munosabatlarida qiymat kasb etuvchi mexanizm, ishlab chiqarishda shakl va mazmun, texnikaviy taraqqiyotda sifat va qulaylik vositasi, maishiy turmushda esa farovonlik manbai sifatida takomillashmoqda. Bugungi kunga kelib, goʻzallik tushunchasi estetika fani doirasidan chiqib, turli sohalarda keng qoʻllanayotganini kuzatish mumkin. U nafaqat koʻzni quvontiruvchi timsol, balki ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sifatida mutanosiblik, uygʻunlik, moslik, maqsadga muvofiqlik, me’yor mavjud boʻlgan joyda yaqqol namoyon boʻladi. Hozirda dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida koʻplab estetik markazlar tashkil etilgan. Bu markazlar estetika, xususan, goʻzallikning amaliy ahamiyatiga doir ishlarni amalga oshirish, muayyan tadbirlar ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Mazkur markazlar moda, kosmetologiya, sheyping, manikyur, pedikyur, makiyaj estetikasi bilangina cheklanib qolmasdan, balki goʻzallikning ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatini yuksaltirishga ham e’tibor qaratmogʻi lozim. Zero, goʻzallik narsa-hodisalarning namoyon boʻlishigina emas, balki insonning oʻsha narsa-hodisalarga boʻlgan munosabati hamdir. Uni tadqiq etish – inson va uning farovonligiga oid narsa-hodisalarni oʻrganish, goʻzallikning yangi qirralarini kashf etish demakdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 143
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 390
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 149
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 954
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218740
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104491
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34158
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27315
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26544
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25139
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24852
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21703
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//