Bilasizmi?
Gumanizm gʻoyalari – mazmun-mohiyatiga koʻra, bashariyatga xos boʻlgan, insonni inson qiladigan, uning hayotini teran ma’no-mazmun bilan boyitadigan yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni oʻzida mujassam etadigan qarashlar va ta’limotlarni anglatuvchi tushuncha. Gumanizm gʻoyalariga koʻra, har bir insonning asosiy fazilati tabiiy ehtiyojlarini qondirish bilan emas, balki mehnat qilish, aql-idrok va tafakkurga ega boʻlish, fikrlay olish, madaniyat va ma’naviyat sohibi boʻlish bilan belgilanadi. Hozirgi bozor iqtisodiyoti hamda globallashuv jarayoni jamiyat hayotining barcha sohalariga kirib borayotgan sharoitda inson qadr-qimmati masalasi dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. Ma’lumki, jamiyatdagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy munosabatlardagi tub oʻzgarishlar inson tafakkuri va faoliyatiga ta’sir koʻrsatib, uni yanada faolroq harakat qilishga undaydi, bu esa, oʻz navbatida, jamiyat taraqqiyoti mexanizmlarining takomillashuviga olib keladi. Ana shu jarayonda insonparvar gʻoyalardan samarali foydalanish gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday yondashuvning shakllanishi uzoq tarixiy tajribalar bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uning mazmun-mohiyati gumanizm gʻoyalarining muayyan bir davrda jamiyat taraqqiyotiga koʻrsatadigan ta’sirida namoyon boʻladi.
Azaldan gumanizm gʻoyalari tabiiy-ilmiy, falsafiy, axloqiy, estetik, ijtimoiy-siyosiy qarashlar bilan mutanosib ravishda rivojlantirildi. Masalan, Gʻarbda gumanizm gʻoyalari shakllanishida qadimgi Sharq falsafiy tafakkuri va hurfikrlilik an’analari, yunon va rim madaniyati, materiya va ruhning abadiyligi, aqlning faolligi, iroda erkinligi, determinizm, averroizm gʻoyalarining ahamiyati beqiyos boʻlgan. ХIII–ХVII asrlar davomida Italiyada gumanistik gʻoyalar rivojida Leonardo da Vinchi, Jordano Bruno, Galiley, Makiavelli, Fransiyada ХV–ХVI asrlarda yashab ijod etgan Monten, Rame, Sharron, Leferd Etapl, Dole, Germaniyada VI–ХVII asrlarda Myuntser, Reyxlin, Gutten, S.Frank, Kepler, Angliyada ХVI–ХVII asrlarda Tomas Mor, F.Bekon, Gollandiyada Rotterdamlik Erazm, Polshada Kopernik va uning izdoshlari, Shveysariyada Paratsyels, Chexiyada Kompenskiy kabi mutafakkirlarning gumanistik gʻoyalari muhim ahamiyat kasb etgan. Sharq falsafiy tafakkurida Gumanizm gʻoyalari ulugʻ ajdodlarimizning qarashlarida oʻz aksini topgan. Jumladan, Imom Buxoriyning “Al-Adab al-mufrad” (“Odob durdonalari”), Imom Termiziyning “Al-jome’ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) asarlarida gumanizm gʻoyalarining mazmun-mohiyati ilm egallash, ota-ona va farzandlarning bir-birini hurmat qilishi, ta’lim-tarbiya, xulq-odob qoidalari, halollik, poklik, saxiylik, adolat, insof va boshqa insoniy qadriyatlarda ifodalanadi. Forobiyning ta’kidlashicha, insonni baxt-saodatga eltuvchi jamoa haqiqatan fazilatli, yetuk, xosiyatli jamoadir. Insonning kelajagi, uning baxt-saodati haqida gʻamxoʻrlik qilish, qaygʻu-alamiga sherik boʻlish hissi oʻzgalarda, birinchi navbatda, davlat arbobida shakllangan boʻlmogʻi lozim. Mutafakkir inson kamoloti muammosini ilm bilan bogʻlaydi. Uning fikricha, voqyelik sir-asroridan boxabar boʻlmasdan, Alloh in’om etgan aql ne’matidan mavjud imkoniyat darajasida foydalanmasdan turib, yetuk inson martabasiga erishib boʻlmaydi, chunki inson dunyo taraqqiyotining eng mukammal va yetuk yakunidir.
Ibn Sinoning inson toʻgʻrisidagi qarashlarida ilm va axloqiy fazilat mushtarakligi, insonning donishmand va olijanob shaxs darajasiga koʻtarilishi mumkinligi ta’kidlanadi. Axloqiy ravnaq imkoniyati shubhasizdir, chunki “goʻzallikka va axloqiy kamolotga intilish insonga xos xususiyatdir”. Mutafakkirning ta’kidlashicha, kishilar tayyor sifatlar, koʻnikmalar, fazilat va illatlar bilan dunyoga kelmaydi. Ular aslida hayotda shaxsiy va oʻzgalar tajribasi, ajdodlar an’analari, ta’lim-tarbiya natijasida shakllanadi va muayyan ijtimoiy mavqyega erishadi. Mahmud Qoshgʻariy esa insonlarga yaxshilik qilish, oʻzaro hurmat, mehr-shafqatli boʻlish, nochorlarga saxovat koʻrsatish kabi fazilatlar haqida soʻz yuritadi. “Xalqqa yaxshilik qil, – deydi mutafakkir, – uni suv ostiga tashlasangda, uni suv ustida koʻrasan”. Yusuf Xos Hojibning insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan ilgʻor gʻoyalari keyingi davrlarda tafakkur rivojlanishida muhim oʻrin tutadi. Ahmad Yugnakiyning ijodiy merosida ham inson va uning fazilatlariga alohida e’tibor qaratiladi. Alloma saxiylik, yaxshilik, mehr-shafqat, doʻstlik, kamtarlik, tavoze’ kabi insoniy xislatlarni yuksak baholaydi. “Yaxshi yaroqli oshingni kishiga yedir, yaroqli narsa (kiyimlik) topsang, yalangʻochlarning yirtilgan kiyimini butla”, – deydi mutafakkir. Xalqimiz ma’naviy dunyosining shakllanishiga gʻoyat kuchli va samarali ta’sir koʻrsatgan ulugʻ zot – hazrat Alisher Navoiyning gumanizm gʻoyalari rivojiga qoʻshgan hissasi ham beqiyosdir. Ulugʻ bobomizning bebaho ma’naviy merosi, uning oqillik, odillik, saxiylik, iffatlilik, shijoatlilik, poklik kabi tuygʻularning inson hayotida tutgan oʻrni, harom-xarish, riyokorlik, hazar qilish haqidagi gʻoyalari xalqimizni, jamiki insoniyatning ma’naviy yuksalishi, jamiyatimizda yuksak fazilatlarni qaror toptirishda xizmat qilib kelmoqda.
Keyingi davrlarda yashab ijod etgan mutafakkir va adiblar ijodida ham insonparvarlik gʻoyalari oʻz davridagi ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan uzviy bogʻliq tarzda ifodalangan. Masalan, Yusuf Qorabogʻiy ijtimoiy hayot muammolari, axloq-odob masalalariga e’tibor qaratib, jamiyatdagi adolatsizlik, zoʻravonlik, oʻzboshimchalik, shafqatsizlik, insonga nisbatan behurmatlik va manmanlikni qoralaydi, aql-zakovat ra’yiga quloq tutish, baxt-saodat, jismoniy va ruhiy-ma’naviy kamolot sari intilishni inson hayotining mazmuni, deb biladi. Bobur, Mashrab, Nodira, Anbar Otin asarlarida ham gumanizm gʻoyalari bilan uygʻunlashgan qarashlar ilgari surilgan; tenglik, adolat, insof, odamgarchilik kabi fazilatlar tarannum etilgan. Xulosa qilib aytish mumkinki, ijtimoiy-falsafiy tafakkur tarixida ilgari surilgan insonparvarlik gʻoyalari orqali inson va jamiyatning har bir davrga xos maqsad-muddaolari, orzu-umidlari va dunyoqarashi oʻz ifodasini topgan. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning asosiy maqsadi – inson, uning haq-huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini ta’minlash, insonparvarlik gʻoyalarini keng targʻib etishga qaratilgan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q