Globallashuv


Saqlash
16:05 / 26.05.2023 0 9708

Globallashuv (lotincha globus – shar, Yer sayyorasi) – ХХ asrning ikkinchi yarmi – ХХI asr boshida jahon taraqqiyotida shakllangan yangi umumsayyoraviy tartibotlar, davlatlar va kishilar oʻrtasida oʻzaro aloqalarning kengayishi va murakkablashishi, dunyo miqyosida axborot makoni, kapital, tovar hamda ishchi kuchi bozoridagi integratsiyalashuv, atrof-muhitga texnogen ta’sirning kuchayishi, ommaviy madaniyat namunalarining keng tarqalishi, axborot-mafkuraviy va diniy-ekstremistik xurujlar xavfining ortib borishini ifoda etuvchi tushuncha. “Globallashuv” atamasi dastlab amerikalik olim T.Levittning 1983-yili “Garvard biznesrevyu” jurnalida chop etilgan maqolasida tilga olingan edi (u yirik transmilliy korporatsiyalar ishlab chiqaradigan turli-tuman mahsulot bozorlarining birlashuv jarayonini globallashuv deb atagan).

 

1985-yilda esa taniqli amerikalik olim R.Robertson “Globalization” iborasini ilmiy muomalaga kiritib, bu tushunchani “odamlar ongida sayyoramizning torayishi hamda dunyoning yaxlit tarzda anglanishi”ni aks ettirib, “dunyoning birlashuvi va kishilar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning kuchayishini” ifoda etadigan jarayon sifatida talqin etadi. Mazkur atamaning mazmun-mohiyati xususida bahs-munozara hamon davom etayotgan hamda bu borada yagona umumiy qarash shakllanmagan, yaxlit konsepsiya yaratilmagan boʻlsa-da, gumanitar ilmning turli sohalarida, chunonchi, ijtimoiy fanlarda ushbu jarayonning oʻziga xos xususiyatlari, namoyon boʻlish shakllari har tomonlama oʻrganilmoqda. Jumladan, iqtisodiyot fanida diqqat-e’tibor asosan moliyaviy Globallashuv, global transmilliy korporatsiyalarning (TMK) shakllanishi, iqtisodiyotning mintaqaviylashuvi, jahon miqyosida savdoning jadallashuvi kabi masalalarga qaratilgan. Tarixiy asarlarda esa globallashuv jarayoni insoniyatning koʻp asrlik taraqqiyot bosqichlaridan biri sifatida talqin etiladi. Siyosatshunoslikda transmilliylashuv jarayonining tezlashuvi, dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikning kuchayishi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirokida yangi umum sayyoraviy tartibning shakllanishi tadqiq etilmoqda. Sotsiologiya sohasi mutaxassislari madaniyatning universallashuvi ta’sirida turli mamlakat va mintaqa xalqlari turmush tarzining yaqinlashuvi hamda bir xillashuvini tasdiqlaydigan dalillarni izlamoqda. Ba’zi faylasuflar ХХI asrda dunyoda yagona axloq, umumiy ma’naviyat, global madaniyat qaror topishini bashorat qilmoqdalar. Boshqalari esa, Kantning yaxlit abadiy dunyo hamda umumdunyoviy hukumat haqidagi gʻoyasiga tayanib, turli millat va xalqlar qadriyatlarining uygʻunlashuvini asoslashga intilmoqda. Keyingi yillarda ilmiy adabiyotlarda turli fan yutuqlarini uygʻunlashtirish asosida hamda insoniyatning birlashuvi, ijtimoiy voqelikning universallashuvi va kishilar dunyo qarashining kengayishi tendensiyalariga tayanib, globallashuv jarayonining umumiy nazariyasini yaratish borasida intilishlar (masalan, A.Vallerstaynning tizimli yondashuvi va hokazo) koʻzga tashlanmoqda. Shu bilan birgalikda, globallashuv jarayonining turli davlatlar va xalqlarning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ma’naviy taraqqiyotiga salbiy ta’sirini ilmiy tadqiq etishga e’tibor kuchayib bormoqda.

 

Globallashuv jarayonining quyidagi umumiy jihatlariga e’tibor qaratish mumkin:

a) globallashuv – insoniyat tamadduni rivojining ichki ehtiyojlarini ifoda etadigan ob’yektiv, tabiiy-tarixiy jarayon;

b) globallashuv – ijtimoiy aloqalarning kengayishi va murakkablashuvi oqibatida sayyoramiz miqyosida iqtisodiyot, texnika va texnologiya, axborot-kommunikatsiya, siyosat, huquq, boshqaruv va boshqa sohalardagi integratsiyalashuv jarayonlarining kuchayishi oqibatida vujudga kelgan holda oʻziga xos tuzilma va institutlarga tayangan holda faoliyat yuritadigan murakkab tizim;

v) globallashuv jarayonining tobora keng koʻlamda namoyon boʻlishi jamiyat hayoti, kishilar turmush tarzi va mentalitetiga (yangi ehtiyojlarning, kommunikatsiya shart-sharoitlari va shakllari, qadriyatlarning paydo boʻlishi, ommaviy madaniyat namunalarini singdirish orqali) jiddiy ta’sir koʻrsatadi;

g) globallashuvning zamonaviy tamaddun rivojining yuqori bosqichi sifatida madaniyat bilan oʻziga xos munosabatlar tizimi shakllanib bormoqda (bir tomondan, madaniy faoliyatning yangi shakl va usullari, uning botiniy mohiyatida tub oʻzgarishlar roʻy bersa, ikkinchi tomondan, madaniyatning globallashuv jarayoniga ta’siri kuchayadi).

 

Hozirgi davrda Oʻzbekistonda, bir tomondan, globallashuv jarayonining afzalliklaridan (jumladan, iqtisodiyotning barcha sohalarini zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida jihozlash, investitsiyalarni keng jalb etish, jahon bozoriga integratsiyalashuv va hokazo) oqilona foydalanish, ikkinchi tomondan, uning salbiy ta’sirini (dunyoning yetakchi davlatlari va transmilliy korporatsiyalarning tabiiy zaxiralarga egalik qilishga intilishi, demokratiyani siljitish strategiyasining amalga oshirilishi, ommaviy madaniyat namunalarining keng tarqalishi, terrorizm va ekstremizmning global tus olishi va hokazo) bartaraf etish borasida pishiq-puxta oʻylangan izchil siyosat olib borilmoqda. Globallashuv jarayonining ijobiy jihatlarini e’tiborga olgan holda uning gʻoyaviy-mafkuraviy ta’siridan ogoh boʻlish, ayniqsa, yoshlarimizni bunday xurujlardan asrab-avaylash gʻoyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 143
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 390
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 149
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 954
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218740
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104491
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34159
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27315
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26548
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25141
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24852
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21703
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//