Bilasizmi?
Gedonizm (qadimgi yunoncha ҳедоне – zavqlanish, rohatlanish) – insonning butun hayot mazmuni rohatlanishdan iborat, degan gʻoyani ifoda etadigan tushuncha. Gedonizmga binoan rohatlanishga intilish insonning tabiiy ehtiyoji, hayotining asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Gedonizm ta’limotining asoschisi Suqrotning zamondoshi Aristippdir (eramizdan avvalgi 435–355). Aristipp inson ruhining ikki holatini – rohatlanish va ogʻriqni farqlaydi. Birinchisiga yumshoqlik va mayinlik xos boʻlsa, ikkinchisi qoʻpol va ruhiyatning kuchli silkinishlaridan iboratdir. Aristipp fikricha, inson ogʻriqdan qochishi va iloji boricha rohatlanishga intilishi oqibatida baxtga erishishi mumkin, jismoniy ehtiyojlarni qondirish esa inson hayotining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Bu ta’limotga binoan, huzur-halovat, rohatlanish baxsh etmaydigan harakatga e’tibor qaratish va kuch sarflash arzimaydi. Darhaqiqat, inson hayotini rohatlanish va tanaga zavq berish sifatida talqin etish ma’lum asosga ega.
Rohatlanish bir qancha omillar orqali his etilishi va mohiyat jihatidan turlicha boʻlishi mumkin:
a) shaxsning oʻz ustida ishlash natijasida biron-bir nuqsonni bartaraf etishi;
b) birovning tazyiqi va ta’siridan qutulish;
v) biron-bir ezgu ishni amalga oshirish orqali insonning yuksakligini namoyon qilish;
g) oʻz-oʻzini ifoda etish. Rohatlanish insonning jismoniy yoki ruhiy zoʻriqish holatining moʻtadillashuvi, zarur hayotiy funksiyalarining tiklanishida ifodalanadi.
Gedonizm rohatlanishning aynan ana shu talqini negizida keyinchalik yuzaga keladi. Gedonizmning mohiyati yillar davomida oʻzgarib va rivojlanib borgan. Natijada gedonizm haqidagi barcha ma’lumotlar psixologik va axloqiy-etik gedonizmga ajratilgan. Gedonizmning psixologik talqinida insonni harakatga undovchi asosiy kuch bu – zavqlanish va rohatlanishga intilish, deya e’tirof etiladi. Axloqiy-etik gedonizm esa, inson oʻzining yoki oʻzga kishilarning rohatlanishi uchun yashashi kerak, degan gʻoyani targʻib etuvchi turli xil falsafiy yondashuvlarni oʻzida mujassamlashtirgan. Masalan, gedonizmni rohatlanish sifatida targʻib etuvchi yondashuvlardan birining asoschisi Epikur insonning yotsirashdan va jirkanishdan xalos boʻlishi bu – xohish-istaklarni qondirish deya talqin etadi. Bu yondashuvda inson ehtiyojlarining qondirilishi emas, balki azob va baxtsizlikdan xalos boʻlish maqsadi ifoda etilgan. Inson hayotini gedonistik yondashuv asosida talqin qilish falsafa tarixida markaziy masalalardan biri boʻlib kelgan va koʻplab faylasuf-mutafakkirlar ijodida oʻziga xos tarzda ifoda etilgan. Fransuz faylasufi I.Bentamning yozishicha, "Tabiat insonni ikki asosiy borliq: azob va rohat girdobiga tushirgan. Ular bugun biz nima qilishimiz va ertaga nima bilan shugʻullanishimizni belgilab beradi. Hatto haqiqat va yolgʻon, sabab va oqibat mezonlari ham ana shu ikki asosiy negizga tayanadi". Gedonizm ta’limotida insonning mayl va ehtiyojlari jamiyatda oʻrnatilgan ijtimoiy me’yorlarga qarama-qarshi qoʻyiladi, inson erkinligini cheklovchi va uning oʻziga xos xususiyatlarini namoyish etishga toʻsqinlik qiluvchi har qanday ijtimoiy shart va me’yorlar inkor etiladi. Gedonizm ta’limotining ijobiy jihati shundaki, u oʻrta asrlar falsafasida diniy dogmatizmga, axloqni sof diniy talqin etilishiga qarshi chiqqan edi.
Hozirgi davrda ham insonning hayot mazmuni shaxsiy ehtiyojlarni qondirishdangina iborat, degan gʻoyani yoqlab chiqadiganlar oz emas. Ular faqat shaxsiy ehtiyojlarni qondirishni hayotning mazmuni deb biladi va bu yoʻlda mavjud ijtimoiy qonun-qoidalarga bepisandlik bilan qarash, hatto ularni inkor etishgacha boradi. Zamonaviy gedonistlarning "Ishlaging kelmasa – ishlama, eng yaxshi narsaga ega boʻlmoqchimisan, uni qoʻlga kirit" shiori ularning hayot mazmuniga aylangan. Bunday qarashlarning ma’naviy qadriyatlarga zid jihati shundaki, gedonistlar har qanday yoʻl bilan rohatlanishga erishadi, bu yoʻlda boshqalar manfaatini suiiste’mol qiladi, jamiyat talablarini nazar-pisand qilmaydi, umrini aysh-ishrat bilan oʻtkazishga intiladi. Ayniqsa, katta shaharlarning paydo boʻlishi va ularga xos boʻlgan turmush tarzi gedonistik qarashlarning keng tarqalishiga imkon yaratadi. Ayrim olimlar Gedonizmning mohiyatini insonning jinsiy mayllari bilan bogʻliq holda talqin etishga intiladi. Ularning nazarida, jinsiy rohatlanish asosida yuzaga keladigan hissiyotlar jinsiy maylni yanada kuchliroq qondirishga undaydi va shu tariqa asosiy e’tibor faqat rohatlanishga, lazzatlanishga qaratiladi. Gʻarb falsafasida asketizm gʻoyasi ta’limot sifatida namoyon boʻladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q