Bilasizmi?
IMTIHON
– Gʻalvirni suvdan ko‘taradigan vaqt keldi, – dedi domla.
Ma’naviy zaif talabalar “ko‘tarma kran” uchun pul yig‘ishga tushishdi.
Asliddin Mustafo
NASIBA
Deraza ortidan lip etib sharpa o‘tdi.
– Ashraf ota, - dedi Oyjamol. – Nima qildik?
Er-xotin jigar qovurib, endi yemoqchi bo‘lib turishgan edi. Egamqul aftini keskin burishtirib:
– Oshga pashsha tushdi. Yashir, – dedi.
– Ko‘zimiz uchib turuvdi-ya! Qorong‘udayam tinmaydi bu chol.
Oyjamol qovurdoqni yashirdi. Eshik ochildi, ro‘molga tovoq tugib olgan chol ko‘rindi.
– Kampir osh qiluvdi, - dedi chol. – Sizlargayam ilindik…
Shoniyoz Meliboyev
KECHIKISH
– Hech gul bermaysiz... – ma’yus kuldi ayoli.
– To‘yimizda berganman-ku! – hazilga oldi erkak.
– Shungayam o‘n yil bo‘libdi-ya...
– Hali senga ko‘p gul beraman. Hayotimiz oldinda...
Ammo har kuni gulbozordan o‘tarkan, erkak o‘ylardi: “biror kun albatta, gul olaman!”
...Va’dasini bajarib nihoyat guldasta oldi. Uni ayolining qabriga qo‘ydi.
Nodira Ibrohimova
ASKAR
Ona jangga kuzatayotgan o‘g‘lini “boshing toshdan bo‘lsin”, deb duo qildi.
Haykaltaroshlar qahramonning haykalini noyob toshdan ishlashga kelishib olishdi!
Nuriddin Ziyo
E’TIQOD
Qizaloq bolalar uyida ota-onasining yuzini yerga qaratmaslikka tirishardi. Ulg‘ayib, maktabga borgach ham shuni o‘yladi. Bir kuni unga “o‘g‘ri” deb tuhmat qilishganida, endi ota-onasi o‘zini yomon ko‘rib qolishidan qo‘rqib ketdi. Yig‘ladi. Ota-onasiga aybsiz ekanini aytgisi, ularni juda ko‘rgisi keldi...
Axir qizaloq ularni biror marta ko‘rmagandi.
Bayram Ali
GONORAR
Unga gazetadan qo‘ng‘iroq qilishdi.
– Hikoyangiz uchun gonorar chiqdi. Lekin, uni olish uchun pasport va STIR nusxasi, plastik karta raqami kerak bo‘ladi.
U pasportidan nusxa ko‘chirdi, soliq inspeksiyasiga borib to‘rt soat kutib STIR raqami oldi, bankka borib, pul to‘lab nomiga plastik karta rasmiylashtirdi. Keyin bularni gazeta elektron pochtasiga yubordi. Ertasiga plastik kartasiga gonorar tushdi.
O‘ttiz ming so‘m.
Sherzod Ortiqov
BOZORDA
Og‘ir atletika bo‘yicha o‘z ko‘chasida mutlaq birinchilikka davo qilayotgan yosh yigit go‘yoki dunyodagi eng og‘ir buyumni – ko‘ngil qo‘ygan qo‘shni qizining bejirimgina sumkachasini ko‘targancha u bilan rastalar oralab borarkan, orqasiga xalta ko‘tarib o‘tib ketayotgan qaddi kamon kampirni ko‘rib o‘zicha g‘uldiradi:
– Bozorda erkaklar qolmabdi-da!
Bobur Nusratov
YO‘LOVCHI
Men o‘zimni yo‘lovchi deb o‘ylagandim.
Uzoq safarga otlandim. So‘ngra shirin xayollar og‘ushida jimgina orom olishga sho‘ng‘idim. Birdan chaqmoq chaqqanday bo‘ldi. Dahshatli chinqiroq tovushlar va odamning o‘kirik ovozi, yig‘isi aralash faryod qulog‘im uzra vahm soldi. Tanam qattiq chayqaldi. Loqayd va johil haydovchiga baqirgim keldi. Ko‘zlarimni ochdim.
Naqadar dahshat! Naqadar fojia! Haydovchi ekanman.
Manzura Abdullayeva
O‘ZBEK
Aravakash. Yig‘layapti. Vahimaga tushgan. Yukning egasini yo‘qotib qo‘yibdi. Endi nima qiladi?
Dilobar Asliddin qizi
DAHSHAT
Doya ayol yig‘lardi:
– Bepusht ekanman...
Muhammadxon Yusupov
MEHRIBON
Dunyoda faqat yuraklilar qolsin, deganda men navbat kutmay o‘tib ketayotganimda onamga ko‘zim tushdi, onamning qo‘lida yuragi bor edi...
Yoniga chaqirib qulog‘imga sekin gapirdi:
– O‘g‘lim, balki sen qolarsan-a...
Rahmat Bobojon
EHTIYOTSIZLIK
Yaylovda chorvani o‘tlatib yurgan vaqtda holdan toygan onani to‘satdan novvos suzib oldi.
– Ko‘zga qarash kerak edi, oyi, - dedi barzangiday o‘g‘il to‘shakka mixlangan onaga...
Abdulaziz Ahmad
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q