Bir kuni...
Ma’lumki, AQSH – demokratiya vatani sifatida nom qozongan. Bu yurtda davlat rahbarlari ikki muddatdan ortiq hukmronlik qila olmaydi. Har doim ham shunday bo‘lganmi? Bu savolga “yo‘q” deb javob bersa bo‘ladi. “Otlar kechuvda almashtirilmaydi” – Ikkinchi jahon urushi davrida Amerikaga prezidentlik qilgan Franklin Delano Ruzvelt 2 emas, 3 emas, naq 4 marotaba prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan. Quyida ushbu prezident haqidagi siz bilmagan ba’zi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashamiz.
Prezidentning prezidentlar bilan qon-qarindoshligi
Onasi tomondan “Mayflower” oilasiga borib taqalgan Franklin Massachusets elita maktab-internatiga borguncha Nyu-Yorkdagi Xayd-parkda baxtli bolalik davrini o‘tkazgan.
Garvard kollejiga o‘qishga kirgach, u yerda Anna Eleanor Ruzvelt – Franklin Delanoning beshinchi amakivachchasi va amaldagi prezident Teodor Ruzveltning jiyani (va cho‘qintirgan qizi) bilan uchrasha boshlaydi. Yoshlar 1905-yilda turmush qurishadi va Teodor Ruzvelt nikoh marosimida Eleanoraning cho‘qintirgan otasi sifatida ishtirok etadi. Teodor Franklinning mamlakat rahbari bo‘lgan eng yaqin qarindoshi bo‘lsa-da, u o‘z shajarasi yana 10 nafar prezidentga bog‘lanishini da’vo qiladi.
Qonunlarga tishi o‘tmasdi
Garvarddan so‘ng Franklin Kolumbiya universiteti yuridik fakultetiga o‘qishga kirdi. U yerda shartnomalar va fuqarolik protsessuallari kurslari bo‘yicha imtihonlardan o‘ta olmay, yozgi darslarga qatnashga majbur bo‘lgan. “Franklin Ruzvelt namunali talaba emasdi, tabiiyki keyinchalik advokatlik bilan ham shug‘ullanmadi”, deb eslagandi universitet professorlaridan biri. “Uning qonunchilikka layoqati yo‘q edi. Mehnat qilib bu kamchilikni yo‘q qilishga harakat ham qilmasdi.” Darhaqiqat, Ruzvelt 1907-yilda advokatlik imtihonini topshirib, Kolumbiya universitetini tark etdi va ilmiy daraja olish uchun ham qaytib kelmadi. Oilaviy bordi-keldi uning Nyu-Yorkdagi nufuzli Karter Ledyard va Milbern firmasiga ishga joylashishiga ko‘mak berdi. Kichik muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, hech qachon bu kasbda to‘liq qolishni tasavvur qila olmagan va siyosat bilan shug‘ullanishni afzal ko‘rgan. Oilaviy aloqalari tufayli 1910-yilda Nyu-York shtati senatiga o‘rnashadi, muvaffaqiyat bilan o‘tgan saylov kampaniyasida unga mahalliy demokrat liderlar ko‘mak beradilar. Ruzveltning siyosiy potensiyasi, iste’dodi shu yerda ko‘zga tashlandi va ko‘p o‘tmay senator sifatida obro‘si ancha ko‘tarildi. Franklin 1913-yilda dengiz floti kotibi yordamchisi, 1920-yilda vitse-prezidentlikka nomzod, 1929-yilda Nyu-York gubernatori va 1932-yilda prezidentlikka nomzod bo‘ldi.
Barcha prezidentlik saylovlarida g‘olib
Janublik oq tanlilar, katoliklar, yahudiylar, afro-amerikaliklar, kasaba uyushma a’zolari va kichik fermerlar Ruzveltning Oq uyda to‘rt muddatga saylanishi uchun “Yangi yo‘nalish koalitsiyasi”ga birlashgan edilar. U 1932-yilda birinchi marta prezidentlik saylovida qatnashganida mamlakatda Buyuk depressiya avjiga chiqqan edi. O‘shanda Ruzvelt 472–59 ovoz bilan uncha mashhur bo‘lmagan amaldagi prezident Gerbert Guverni mag‘lub etadi. Keyin 1936-yilda Kanzas gubernatori Alf Lendonni (sakkiztaga 523 ovoz), 1940-yilda biznesmen Vendell Uilkini (82 qarshi, 449 rozi ovoz) va 1944-yilda Nyu-York gubernatori Tomas Dyuini (99 foiz; kamida 432 ovoz) mag‘lub etadi. Har saylovda umumiy ovozlarning kamida 53,4 foizini o‘z foydasi hal qilib g‘alaba qozonadi.
Hech bir prezident uzoq o‘tirmaydi
Jorj Vashington 1796-yilda hukumat tepasida o‘tirish haqidagi fikrini aytadi, unga ko‘ra bitta prezident uchun sakkiz yil hokimiyatda bo‘lish yetarli, bu fikr deyarli bir yarim asr davomida yozilmagan qonun sifatida amal qilinar edi. Bir necha prezidentlar, shu jumladan Teodor Ruzvelt ham bu presedentni buzishga harakat qilib ko‘rishdi. Ammo 1940-yilda uchinchi muddatga nomzod bo‘lgan Franklin Delano Ruzveltga qadar hech kim bunday muvaffaqiyatga erisha olmadi. Mamlakat ushbu davrda fashistlar Germaniyasi tahdidi ortib borayotganidan xavotirda edi. Bu xavotir Ruzveltni Oq uyda 12 yildan ko‘proq turishiga olib keldi. Ushbu holat Ruzveltning siyosiy raqiblari tomonidan demokratiya qanotining qirqilishi sifatida ta’riflanadi. Ruzveltning vakolat muddatini hisobga olgan holda, 1951-yilda ratifikatsiya qilingan 22-tuzatish kuchga kirdi. Unga ko‘ra, “hech kim ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi mumkin emas” deya e’lon qilindi.
Uning nogironligi jamoatchilikdan yashirilgan
1921-yilning yozida, Kanadada o‘tayotgan ta’til vaqtida 39 yoshli Ruzvelt kasal bo‘lib qoladi. Unga poliomiyelit tashxisi qo‘yilgan, bu kasallikning hech qanday davosi yo‘q edi. Franklin tanasining belidan pastki qismi shol bo‘lib qoladi, u oyoqlarini qayta ishlatish uchun ko‘p yillar davomida og‘ir jismoniy reabilitatsiyalardan o‘tadi. Garchi ahvoli bir oz o‘nglanib, po‘lat hassa yoki qo‘ltiqtayoq yordamida (odatda biron hamroh ko‘magi bilan) qisqa masofalarga harakat qilishni o‘rgangan bo‘lsa-da, umrining oxirigacha nogironlar aravachasiga mixlanib qoldi. Franklin mustaqil ravishda na kiyina, na cho‘mila olardi. Jamoatchilik uning nogironligi haqida to‘liq tafsilot ololmagan, ba’zi-ba’zida ommaviy axborot vositalari bu haqda gapirganligi sababli qisman ma’lumotga ega edi. Ruzveltning iltimosiga ko‘ra o‘sha paytdagi suratlarning aksariyatida u ochiq mashinada o‘tirgan yoki minbarda turgan holda ko‘rsatilardi. Vaqti-vaqti bilan fotosuratchilar prezidentni nogironlar aravachasida tasvirga olishga urinishgan, biroq maxfiy xizmat xodimlari suratlarni fotokameralardan majburan o‘chirtirishgan.
Buyuk depressiyaga qarshi “Yangi yo‘nalish”
1932-yilda demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida g‘alaba qozongach qilgan nutqida Ruzvelt Buyuk depressiyani “Amerika xalqi uchun yangi yo‘nalish” bilan yengishga va’da bergan edi. Vaqtni boy bermay, o‘zining birinchi 100 kunlik faoliyati davomida Franklin ko‘plab qonunlarni ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi, ularning aksariyati shu kungacha amalda qolmoqda. Noqulay moliyaviy sektorni mustahkamlash uchun Ruzvelt nochor banklarni yoptirib, boshqalarini qayta tashkil qildi. Federal sug‘urtalangan bank depozitlarini qayta tashkil qildi, fond bozori qoidalarini o‘rnatdi va oltin standartidan voz kechdi. Shuningdek, taqiqni tugatish, keng ko‘lamli jamoat ishlari loyihalari orqali bandlikni oshirish, qishloq xo‘jaligiga subsidiyalar kiritish va qishloqlarga elektr energiyasini olib kirish bo‘yicha choralar ko‘rdi. Ushbu islohatlar 1933–1934-yillarda davom etdi. Shundan so‘ng Ruzvelt “Ikkinchi yangi yo‘nalish” deb ataladigan ikkinchi islohotlar davrini boshlab berdi va bu yanada liberal ko‘rinishda rivojlanib bordi. Bu safar Kongress badavlat, kafolatlangan kasaba uyushmalariga jamoaviy muzokaralar o‘tkazish huquqini, ishsizlik va nogironlik bo‘yicha nafaqalarni, shuningdek, nafaqaxo‘rlar uchun ijtimoiy ta’minotni ta’minlaydigan soliqlarni oshirdi. Biroq Ruzvelt Ikkinchi jahon urushi boshlanishiga qadar mamlakatni depressiyadan to‘liq chiqarib yubora olmadi.
AQSH Oliy sudining bir nechta Yangi yo‘nalish qonunlarini bekor qilganidan charchagan Ruzvelt 1937-yil boshida uni to‘qqiz nafardan 15 nafar sudyalargacha kengaytirishni taklif qildi. Tanqidchilar hokimiyatlar bo‘linishi buzilishi deb qoralagan ushbu “sudyalar to‘plami” rejasiga ko‘ra nafaqaga chiqishdan bosh tortgan 70 yoshdan oshgan har bir sudya uchun yangi o‘rin qo‘shilishi kerak edi. Franklin Delano bilan fikrdosh bo‘lgan demokratlar Kongressning ikkala palatasida ham ko‘pchilikni tashkil qilsalar-da, shu qarorga nisbatan prezidentni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdilar. Ammo oxir-oqibat baribir Ruzvelt g‘alaba qozondi. Oliy sud boshqa hech qachon Yangi yo‘nalish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini bekor qilmadi, Ruzvelt vafot etgan vaqtida amaldagi to‘qqiz sudyadan yetti nafarini prezident tayinlagan edi.
Yapon-amerikaliklarning qamoqqa olinishi uchun ruxsat berilishi
1941-yil dekabr oyida Pearl-Harborga qilingan qo‘qqis hujumdan so‘ng AQSHdagi yaponlarga qarshi kayfiyat keskin oshdi. Misol uchun, Kaliforniyada gubernator, Kongress delegatsiyasi, ko‘plab gazetalar va AQSH armiyasining yuqori darajali qo‘mondonlari yaponiyaliklarni josuslik va qo‘poruvchilik harakatlarini uyushtirmasliklari uchun ko‘chirishga chaqirishdi. Shundan so‘ng AQSH tarixidagi eng sharmandali holatlardan biri deb hisoblangan voqea sodir bo‘ladi. Boshqa ko‘p masalalarda gumanitar bo‘lgan Ruzvelt yaponlar ishi bo‘yicha Urush departamentiga o‘zi ma’qul deb o‘ylagan chorani amalga oshirishni buyuradi. 1942-yil fevral oyida 120 000 ga yaqin yaponlar (ularning uchdan ikki qismi Amerika fuqarolari) majburan dushman mamlakat fuqarolarini saqlash lagerlariga ko‘chirildi, ularning mol-mulklari talon-taroj qilindi. Kelib chiqishi nemis va italyan bo‘lgan amerikaliklarga esa bundan yaxshiroq taqdir nasib qildi. Bir necha o‘n yil o‘tgach, Kongress yaponlardan rasman uzr so‘radi va repressiyadan tirik chiqqan har bir mahbusga davlat hisobidan 20 ming AQSH dollari ajratdi.
Samolyotda safarga chiqishni boshlab bergan ilk prezident
Havo yo‘llari orqali qatnov ancha xavfli bo‘lgan davrda Ruzvelt birinchi marta 1932-yilda prezidentlik saylovi kampaniyasini o‘tkazish uchun Chikagoga uchib borgandi. Keyinroq 1943-yil yanvar oyida Boyeing-314 samolyotida Mayyamidan havoga ko‘tarildi va urush davrida samolyotda mamlakatni tark etgan birinchi prezidentga aylandi. Safar chog‘i Trinidad, Braziliya va Gambiyada to‘xtab, ikkinchi samolyotga – TWA C-54 ga o‘tirdi. Bu samolyot prezidentni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill bilan konferensiyaga, Marokashning Kasablanka shahriga olib bordi. Uning o‘limidan bir necha oy avval yana ko‘plab reyslar, jumladan, Maltadan Sovet Ittifoqiga parvozlar amalga oshirildi.
Laziz BAXTIYOROV tayyorladi
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q