Vatan ravnaqi


Saqlash
12:05 / 23.05.2023 0 3503

Vatan (arabcha tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt) – kishilarning yashab turgan, ularning avlod-ajdodlari tug‘ilib o‘sgan joy, hudud, ijtimoiy muhit, mamlakatni anglatuvchi tushuncha. Vatan tushunchasi keng va tor ma’noda qo‘llanadi. Keng ma’noda – butun bir xalq, ularning ajdodlari azaldan istiqomat qilib kelgan makon. Tor ma’noda – kishi tug‘ilib o‘sgan uy, mahalla, qishloq. Insonning uyli-joyli, boshpanali bo‘lishi, uning oilasi, bola-chaqasi ham ba’zan Vatan so‘zi orqali ifoda etiladi. Shuningdek, vatan so‘zi mumtoz she’riyatimizda obraz sifatida qo‘llanib, ko‘ngil ma’nosini ifoda etadi. Vatan tushunchasi asrlar davomida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot munosabati bilan o‘zgarib, kengayib, rivojlanib kelgan. Qadimda muayyan qabila yashagan joy uning vatani sanalgan. Jondosh va tildosh qabilalarning uzviy ittifoqidan elat paydo bo‘lgan, elat yashagan hudud el, deb atalgan. Masalan, o‘zbek xalq dostonlarida Chambil eli iborasi ko‘p tilga olinadi. Muayyan hudud doirasida markaziy boshqaruvning paydo bo‘lishi bilan Vatan so‘zi xalq va davlat tushunchalarini ham anglata boshlagan. Xalqning tili, madaniyati, iqtisodiy turmushi, ma’naviyati ravnaq topishi natijasida kishilar o‘rtasida mushtaraklik shakllanadi. O‘zbekiston Respublikasi millati, tili va dinidan qat’i nazar, shu zaminda yashayotgan barcha insonlarning vatanidir. Bu o‘rinda davlat va Vatan ayni bir ma’noni ifodalaydi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi deganda Vatanni tushunamiz, vatan deganda O‘zbekistonni tasavvur etamiz. Sobiq mustabid tuzum davrida hukmron mafkura biz uchun asl Vatan tushunchasini soxtalashtirib, qalbimiz va ongimizga mavhum vatan tushunchasini singdirmoqchi bo‘ldi. O‘zbek uchun umrida borib ko‘rmagan, minglab kilometr uzoqlikdagi giyoh unmaydigan, oylar davomida quyosh yuz ko‘rsatmaydigan joylar ham go‘yoki O‘zbekiston bilan bir qatorda vatan edi. Holbuki, Vatan – tarixan shakllangan, aniq tushuncha. Mustaqillik xalqimiz ongida haqiqiy Vatan hissi, ona-yurt tushunchasini mustahkamlamoqda. Vatanni sevish, uni ulug‘lash, sarhadlarini daxlsiz saqlash, sha’nu sharafini yuksaltirish yo‘lida fidokorona xizmat qilish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash bugungi kunda tom ma’noda shon-sharaf ishiga aylanmoqda.

 

Vatan manfaati – yuksak ma’naviy tamoyillardan biri; Vatanning ozodligi va mustaqilligi, uning hududida yashayotgan xalqning tinchligi va osoyishtaligi, bugungi va kelajak hayotini, huquq va manfaatlarini, barcha milliy boyliklarni asrab-avaylash, boyitish va himoya qilish bilan bog‘liq barcha maqsad-vazifalarni ifoda etadigan tushuncha. Vatan manfaati milliy manfaatlarning ayni ifodasidir. Dunyodagi har qaysi mustaqil davlatning manfaati uning hududida yashayotgan xalq uchun vatan manfaatidir. Vatan va uning farzandi bo‘lgan insonlarning shaxsiy manfaatlari o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. Chunki Vatan bo‘lmagan taqdirda insonning shaxsiy manfaatlarini ta’minlash – ona tilida muloqot qilish, milliy qadriyatlari bilan faxrlanish, oila qurish, farzandlar o‘stirish, ajdodlar an’anasini munosib davom ettirish imkonsiz bo‘lib qoladi. Vatanga muhabbat uning manfaati yo‘lida qayg‘urish, ajdodlar merosiga sadoqat, milliy ma’naviyatdan bahramandlik, bashariyatga hurmat, kelajak oldida mas’ullik tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Haqiqiy vatanparvar insonlar o‘z manfaatlarini Vatanning taqdiridan, millati, xalqining milliy qadriyatlaridan, orzu-istaklaridan ayri holda tasavvur qila olmaydi. Inson o‘zligini qanday anglasa, Vatanini ham shunday anglaydi. O‘zligini anglamagan odam Vatanni ham anglamaydi, vatan manfaati yo‘lida biror ezgu ish qilishni xayoliga ham keltirmaydi. U nafaqat Vatanni, hattoki millati, ota-onasi, oilasi, farzandlari, yoru birodarlari oldidagi burchini ham his etmaydi. Inson haqiqiy baxtga erishishi uchun faqat moddiy boylikning o‘zi yetarli emas. Ham moddiy, ham ma’naviy boylikni o‘zida mujassamlashtirgan odamgina chinakam baxtga musharraf bo‘lishi mumkin. O‘z manfaatini vatan manfaati dan yuqori qo‘yadigan kimsalar baxt-saodatni faqat moddiy boylikka ega bo‘lishda deb bilishadi. Afsuski, bugungi kunda «Qayerda yashash yaxshi bo‘lsa, o‘sha yer men uchun Vatan» deb yurganlar ham topiladi. Bunday kimsalarga «Vatan», «Vatan manfaati» degan tushunchalar begona. Mamlakatimizda o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan, haq-huquqlarini yaxshi taniydigan, o‘z kuchi va aqliga ishonib yashaydigan, shaxsiy manfaati bilan vatan manfaatini uyg‘un ko‘ra oladigan shaxs ma’naviyatini qaror toptirish masalasiga katta e’tibor berilmoqda.

 

Vatan ravnaqi – milliy istiqlol mafkurasi – har bir kishining manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uyg‘unlashtiradigan, uni xalq baxt-saodati yo‘lida xizmat qilishga da’vat etadigan bunyodkor g‘oyadir. U milliy istiqlolning oliy maqsadlaridan biri bo‘lmish barchamiz uchun muqaddas sanalgan Vatanimizning ravnaqini ta’minlash, uning jahon maydonida munosib o‘rin egallashiga erishishini nazarda tutadi. Vatan ravnaqi g‘oyasini amalga oshirish bevosita jamiyatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy rivojlanishiga bog‘liq. Bunda birinchidan, hozirgi ijtimoiy barqarorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, jamiyatni boshqarishda ommaviy tashkilotlarning (xususan, mahallaning) mavqeini oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish tamoyillari nihoyatda muhim. Ikkinchidan, hayotda demokratik tamoyillarning ustuvorligi, muqobil partiyalar, jamiyatning barcha jabhalarini erkinlashtirish, davlatning islohotchilik funksiyasi, aholi siyosiy ongi va madaniyatini oshirishda katta ahamiyatga ega. Uchinchidan, bozor munosabatlariga xos mulkchilikning shakllanishi, iqtisodiyotning tarkibiy tizimidagi o‘zgarishlar, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bunda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. To‘rtinchidan, tarixiy merosimizning tiklanishi, aholi intellektual salohiyatini oshirish, fan va ilmiy muassasalar, san’at va adabiyotni rivojlantirish, komil insonni tarbiyalash bo‘yicha milliy ta’lim dasturining izchil amalga oshirilishi, xalqaro madaniy aloqalarni kuchaytirish ham Vatan ravnaqiga xizmat qiladi. Beshinchidan, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida qonun ustuvorligiga erishish, huquqiy-demokratik jamiyat qurish sohasidagi tajribalar, davlatimizning xalqaro huquq normalariga amal qilishi – Vatan ravnaqini ta’minlaydigan shart-sharoitlardir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

10:08 / 28.08.2024 0 94
“El”ning “el”ligi nimada?

Hikmat

09:08 / 26.08.2024 0 240
Kamgap rohib

Bilasizmi?

14:08 / 20.08.2024 0 372
Hamshira so‘zining ma’nosi singilmi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 212005
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 100652
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 25677
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 25238
Kompetentlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18654
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 18018
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 17390
Xarakter

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 16220
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

//