Korrupsionerlarni millatning o‘zi yetishtiradi


Saqlash
18:11 / 08.11.2021 0 1719

·        Korrupsiya – davrning eng dahshatli epidemiyasi, tom ma’nodagi tojsimon virus.

 

·        Yevropa adabiyotida fohishalik eng ko‘hna kasb sanaladi. Korrupsiya bu jihatdan yana ham ko‘hnaroq: miloddan avvalgi XXIV asrda Shumer hukmdori Uruinimgin poraxo‘rlikka qarshi qonun qabul qilishga majbur bo‘lgan.

 

 

·        Pora bergan uni o‘n barobar ko‘proq qilib qaytarib olish taraddudida bo‘ladi.

Aflotun (mil.avv. V asr)

 

·        Tarixda bus-butun davlat korrupsiya botqog‘iga botganiga misol  – Rim imperiyasi. Bunga o‘zi shohid bo‘lgan Numidiya shohi Yugurta –
(II asr boshi) Rimni “munofiq shahar, agar xaridor topilsa, tag-tugi bilan sotilishga tayyor” deya ta’riflagan ekan.
Aynan Rimda senatorlar sotila boshlagan.

 

·        Qur’oni karim poraxo‘rlikni harom qilgan: “Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz! Va bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini harom yo‘l bilan yeyish uchun hokimlarga uzatmang!”

 

(“Baqara”, 188-oyat; Alouddin Mansur tarjimasi)

 

·        Bulardin gar a’lo, gar adno durur

Kim, andin xaloyiqqa izo durur.

Shah o‘lturmak avlodur ul elni bot

Ki, debdur Nabiy: “Uqtul ul-mu’ziyot”.

Alisher Navoiy (“Mahbub ul-qulub”dan)

 

(Mansabdor kattami-kichikmi, elga aziyat yetkazar ekan, hukmdor undaylarning urug‘ini quritsa a’lo ish bo‘ladi. Zotan, Muhammad s.a.v. hadisidurkim, “Aziyat yetkazuvchilarni daf qiling”)

 

·        Pulga hamma narsani sotib olish mumkin deb o‘ylaydiganlar birinchi navbatda o‘zlarini sotishga tayyor odamlardir.

Frensis Bekon (1561 – 1626)

 

·        Korrupsiyalashgan davlatda halol xizmatchilardan xavfliroq odam yo‘q.

Aleksandr Gersen (1812 – 1870)

 

·        Korrupsionerlarning yelkasida narxi yozilgan pogoni bo‘lsa, odamlar qiynalmas edi.

Mark Tven (1835 – 1910)

 

·        “Chegaraga yaqinlashyapmiz. Kimda kontrabanda bo‘lsa, “ko‘k”idan tayyorlab tursin”.

Bir mamlakat bojxonasida quloqqa chalingan gap

 

·        Agar muhr tagiga pul qo‘yilmasa, bosganda siyohi chiqmay qoladi.

Poraxo‘rning “hikmat”i

 

·        Yolg‘on hukm yetkururiga bois – tamai shum va o‘truk parvona yetkururiga sabab – hirsi mazlum. Nima olurda yolg‘on anga chin o‘rnig‘a va musulmonlarg‘a anga din o‘rnig‘a. Yolg‘on borida chin demagi mahol va rishvat olurda o‘zga so‘z deb, ammo ko‘nglida o‘zga xayol.

Alisher Navoiy (“Mahbub ul-qulub”dan)

 

(Parvona hirsga tobeligidan o‘zini o‘tga uradi, korrupsioner shum nafsiga tobeligidan yolg‘on hukm chiqaradi. Pora berilsa, yolg‘onni chin, chinni yolg‘on o‘rnida qabul qiladi, yana o‘zini musulmonlarga taqvodor qilib ko‘rsatadi. O‘z manfaati uchun to‘g‘ri ish tutishi amrimahol, og‘zida bir so‘z-u, dilida boshqa xayol).

 

·        Kilklari no‘gi aqrab nishi (ya’ni: korrupsioner qo‘lidagi ruchkaning perosi – chayonning nishi), raiyat jonig‘a ul nish tashvishi. Necha bu nishlari mazlumg‘a sanchilg‘ay, umid ulki, boshlari ajal toshi bila yanchilg‘ay”.

Alisher Navoiy (“Mahbub ul-qulub”dan)

 

·        Korrupsiyani yengish – mening prezident sifatidagi asosiy maqsadlarimdan biridir.

Shavkat Mirziyoev (Yadro fizikasi institutidagi

uchrashuvda so‘zlangan nutqdan)

 

·        Korrupsiya – bu oyog‘imizga solingan kishan. 

Shavkat Mirziyoev (Oliy Majlisga

murojaatnomadan)

 

·        Dunyodagi korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida O‘zbekiston oxirgi uch yilda 12 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali bu illat barham topmagan. 

Shavkat Mirziyoev (Korrupsiyaga qarshi kurashga

bag‘ishlangan yig‘ilishdan)

 

·        Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish, tizimining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shart.

Shavkat Mirziyoev (o‘sha yig‘ilishdan)

 

·         Korrupsiyaga qarshi kurashishdan davlat rahbaridan boshqa yana kim manfaatdor? Xalq manfaatdor, albatta, ammo xalqning ta’rifi “kim” degan savolga emas, “nima” degan savolga javob bo‘ladi.

 

·        Korrupsiyaning otasi – poraxo‘rlik, onasi – o‘g‘rilik.

 

·        O‘g‘ri bir kishining molini o‘g‘irlaydi, korrupsioner – tumanning.

 

·        O‘tmishda poraxo‘rlar poraning haromligini bilgan, bugungi korrupsionerlar esa korrupsiyadan topganini halol deb biladi.

 

·        Qing‘ir yo‘llar bilan boyiganning masjid qurishi ham korrupsiya!

 

·        Korrupsiya oqqon xastaligiga o‘xshaydi – ilikkacha singib borgan.

 

·        Korrupsiya bor joyda budjetning barakasi bo‘lmaydi. Korrupsiya yo‘q joyda budjetga kutilganidan ko‘p kirim kelib tushadi.

 

·        Davlat budjeti – samovar. Bu samovar jo‘mragidan davlat tashkilotlariga maosh beriladi. Korrupsiya – samovar tagidagi  teshik. Teshik samovarda esa suv turmaydi. Xarajatlarni kamaytirish evaziga budjetni suvga to‘ldirmoqchi bo‘ladigan moliya idorasi jo‘mrakni yopib maqsadga yetishmoqchi bo‘lgan samovarchiday gap.

 

·        Budjetni to‘ldirish bilan faqat moliyachilar va soliqchilar shug‘ullanishi durust emas – birinchisi ijtimoiy sohalarga ajratiladigan xarajatni kamaytirishga zo‘r bera boshlaydi, ikkinchisi – xilma-xil yangi soliqlar o‘ylab topish bilan. Budjetning kamomadi – korrupsiyaga proporsional, budjetning barakasi – korrupsiyaga qarshi kurash samarasiga.

 

·        Hozirgacha biron korrupsioner korrupsiyadan topganidan soliq to‘lamagan.

 

·        Korrupsiya – yuqoriga qarab chuqur ildiz otadigan daraxtga o‘xshaydi.

 

·         Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi shoxida yursa, korrupsioner bargida yuradi. Ularning o‘rni almashmas ekan, quvlashmachoq tugamaydi.

 

·        Korrupsiyaga qarshi korrupsionerlar bilan kurashib bo‘lmaydi.

 

·        Korrupsiya “ilmi” beshikdan boshlanib tobutgacha davom etadi.

 

·        Korrupsiyaga qarshi kurash – ko‘pincha prezident huzuridan eshikkacha.

 

·        Korrupsiyalashgan oliy ta’lim tizimi – zaharlangan daryoday gap, suvi qancha ko‘paysa, shuncha zarar.

 

·        Korrupsionerlar Oydan tushmaydi, xorijdan yuborilmaydi, ularni millatning o‘zi yetishtiradi.

 

·        Korrupsiya binosining birinchi qavati – “Faqat maoshga yashab bo‘lmaydi” degan o‘y, ikkinchi qavati – “Manfaatsiz bir qadam ham bosmayman” degan xo‘y.

 

·        Korrupsionerlar quyonday tez bolalaydi.

 

·        Korrupsioner korrupsionerning qo‘lini yuvadi, ko‘zini cho‘qimaydi, bir-birini qorong‘ida ham topaveradi.

 

·        Korrupsioner ma’rakalarda binoyidek odam, shaytonu shaytonvachchalar bilan xilvatda suhbat quradi.

 

·        Korrupsioner bir jihatdan misli ko‘rshapalak – oshkoralikdan o‘lgudek qo‘rqadi. Shuning uchun jurnalistlarni dushman debbiladi.

 

·        Korrupsioner “yegan og‘iz uyalar” prinsipini yaxshi ko‘radi, shuning uchun so‘zamollarning og‘zini moylab turadi.

 

·        Korrupsioner boshqa jihatdan yumronqoziq – o‘z ishini zimdan qiladi.

 

·        Korrupsioner Xudoning borligiga ishonmaydi, pulga sig‘inadi.

 

·        Boshlovchi korrupsionerning orzusi – ishxona boshlig‘ini qo‘lga olish. Yakunlovchi korrupsionerning orzusi – turma boshlig‘ini qo‘lga olish.

 

·        Korrupsioner qiyomatda ham korrupsiya vositasida qutulaman deb o‘ylaydi... Agar o‘ylasa.

 

·        Korrupsionerning sevimli iboralari: “Boshqalardan qaering kam?”, “Hamma ham o‘g‘irlaydi”, “Eng ishonchli do‘sting – pul”.

 

·        Korrupsionerning o‘ziga nasihati: “Men qilmasam, boshqasi qiladi; men olmasam, boshqasi oladi; men yulmasam, boshqasi yuladi; men ilmasam, boshqasi ilib ketadi”.

 

·        Korrupsioner vijdoniga pora berib uni tinchlantiradi. Bu poraning nomi – “dunyoga bir marta kelasan” degan e’tiqod.

 

·        Korrupsionerlarga havas qiluvchilar ozmi?

 

·        Korrupsionerning dasturxonidan ushoqlarni terib yuruvchilardan ehtiyot bo‘ling.

 

·        Korrupsioner nazdida halol amaldor – qip-qizil ahmoq.

 

·        Korrupsionerni duo qilish Shaytonni duo qilishdir, korrupsionerni maqtash – Hannosni maqtashdir, korrupsionerga xizmat qilish – Iblis xizmatini qilishdir.

 

Bobong pand berganda qayoqda eding?

Maktab dars berganda qayoqda eding?

Eshitmaganmiding borligin Xudo?

Xalqning qarg‘ishidan qo‘rqmaysanmi yo?

Sichqonday kemirib yashashmi asling,

To‘ng‘izday semirib yashashmi qasding?

Nimasan? Qandayin ochko‘z, och ofat,

Yurtning boshiga bir balo kasofat,

Ishingdan shayton ham xijolat bo‘lur,

Qachon yeb to‘yasan, ey, sen baloxo‘r?!

(Abdulla Orifona)

 

 

 

                                                                  Abdulla A’zam Baloxo‘rlik

Tafakkur jurnali, 2020 yil 3-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 558
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 125
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 335
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219372
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104769
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35822
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27961
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27680
Kompetentlik

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 27324
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25610
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 23083
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//