Dunyo sahnalarini zabt etgan 10 asar


Saqlash
18:05 / 17.05.2023 0 2630

Jahon teatrlari sahnasidan yillar, asrlar davomida tushmay keladigan asarlar borligini bilasizmi? Ular turli did va tasavvur bilan qayta va qayta sahnalashtirilaveradi, tomoshabin ularni deyarli yod olgan, biroq rejissyorlar asarni o‘z talqinida yana cho‘qqiga ko‘tarishni orzu qilaveradi, odamlar esa sahna asarining namoyishi haqidagi e’londan boxabar bo‘lishi bilanoq chipta olishga shoshilaveradi, hech bezishmaydi, ishtiyoq va maroq bilan, xuddi birinchi marta ko‘rayotgandek tomosha qiladilar.

 

Quyida jahon adabiyotining ana shunday mashhurlikka erishgan 10 ta sahna asarini havola etamiz.

 

“Hamlet” – Uilyam Shekspir

 

Sahna asarlari haqida gap ketarkan, xayolga eng birinchi keladigan dramaturg Uilyam Shekspir hisoblanadi. “Romeo va Julyetta”, “Qirol Lir”, “Otello”, “Venesiyalik savdogar”, “Makbet” kabi pyesalari bilan tilga tushgan Shekspir dunyoning ko‘p mamlakatlari sahnalariga chiqqan “Hamlet”i bilan ro‘yxatimizning boshidan o‘rin oldi.

 

Shekspirning shaxsiyati bilan bog‘liq savolli o‘rinlar hali to‘liq ochilganicha yo‘q, biroq bu uning asarlarining sahnadagi doimiy muvaffaqiyatiga soya sola olmaydi. Pyesalari va sonetlari bilan asrlar davomida sayyoraning san’at tarziga ta’sir o‘tkazgan ingliz adibi “Hamlet” ning ilk namoyishidanoq buyuk dramaturg sifatida tan olingan, olqishlangan. 

 

Asar Daniya shahzodasi Hamletning otasi vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgani va onasi bilan turmush qurgan amakisi Klavdiydan o‘ch olgani haqida hikoya qiladi. U maqsadiga yetish yo‘lida hech kimga bo‘ysunmaydi, buning natijasida o‘zini ham, atrofidagilarni ham halokatga tortadi. Goh sovuqqonlik, goh asabiy tushkunlik tufayli o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Hamlet teatr asarlari tarixida mahorat bilan yaratilgan obrazlardan biri sanaladi.

 

“Godoni kutib” – Samuel Bekket

 

XX asr boshlarida boshlangan absurd falsafasi asr o‘rtalariga kelib san’atning qadimiy turlaridan bo‘lmish sahnaga “Absurd teatri” nomli teatr harakatiga aylandi, o‘sha yo‘nalish namoyondalaridan Samuel Bekketning “Godoni kutib” asari esa butun absurd tafakkurini o‘ziga singdirgan va tomoshabinga tushuntirgan asar sifatida tan olindi. Asar shu darajada taniqli bo‘ldiki, hatto pyesani biron marta ko‘rmagan kishilar ham nimanidir kutayotgan tanishining holatini Godoni kutayotganlar holatiga qiyoslaydigan va qanotli iboralaridan foydalanadigan bo‘ldi. 

 

1948-yili fransuz tilida yozilgan asarning ilk namoyishi ham Parijda bo‘ldi. Keyinchalik u butun dunyoga tarqadi, odamlarga olamni qabul qilishning eng pessimist uslubini ko‘rsatdi va klassik asar deya tan olindi.

 

Borliq va borlik markazidagi muallaqlikdan aziyat chekayotgan ikki qahramonning noumid holati haqida hikoya qiluvchi asar albatta zaruriy mutolaa ro‘yxatingizdan joy olishi darkor.

 

“Olchazor” – Anton Chexov

 

Anton Chexovning “Olchazor” asari XIX asrda Rossiyada sodir bo‘lgan ijtimoiy o‘zgarishlarning odamlarga ta’siri haqida hikoya qiladi.

 

Asar qahramoni Madam Ranevskaya vatanidan uzoqda yashaydi va oradan 5 yil o‘tib qizi bilan mamlakatga qaytadi. Lekin bu qaytish isrofgarchilik, boyligini so‘nggi tiyinigacha sarflagan, qarzga botgan oilaning intihosi edi. Ular hatto xizmatkorlariga bergani pullari bo‘lmasligiga qaramay o‘yin-kulgi qilishdan to‘xtashmaydi, doimiy ravishda qarz olishadi va bexuda sarflashadi. Ularning bitta olchazori bo‘lib, uni ham boy berishadi.

 

Yozuvchining “Olchazor”dan tashqari “Vanya amaki”, “6-palata”, “Oqcharloq”, “Ofiserning o‘limi”, “Uch opa-singil” pyesalari ham eng ko‘p sahnalashtirilgan va mashhur asarlar qatoriga kiradi.

 

“Faust” – Iogan Volfgang fon Gyote

 

Nemis adabiyoti klassigi bo‘lmish Gyotening o‘lmas “Faust”i ildizi yozuvchiga qadar ham turli ma’nolarda talqin qilingan xalq ertak va rivoyatlariga borib taqaladi. 

 

“Faust” adabiyot bilan birga falsafa va tabiiy fanlar sohalarida ham asarlar yozgan nemis adibning durdona asari hisoblanadi. Asar Faustni turli yo‘llar bilan aldamoqchi bo‘lgan Mefisto va o‘z haqiqatini topishga urinayotgan Faust haqida.

 

Yozuvchi asarni 18 yoshida “Urfaust” nomi bilan yoza boshlagan, 1806-yilda “Faust 1”, 1832-yilda “Faust 2” nomi bilan ikkita katta qism qilgan hamda asarni o‘limidan biroz oldin, 83 yoshida yozib tugatgan.

 

“Telbaning kundaligi” – Nikolay Gogol

 

Rus adabiyotining ko‘plab namoyandalari singari Gogolning ham bir qancha asarlari qancha yillardan buyon teatr repertuariini bezab keladi. U “Revizor” pyesasi orqali rus byurokratiyasi, “O‘lik jonlar” asari bilan esa rus jamiyati, uning maqsadi va oxir-oqibat borar yeri qayer ekani haqida so‘z yuritgan.

 

Gogolning hayotga tashna shizofreniya kasalligi bilan og‘rigan bemor ichki dunyosi haqida so‘z yurituvchi “Telbaning kundaligi” asari boshqa nasriy asarlari kabi dunyo miqyosida shuhrat qozongan, o‘quvchida mehr uyg‘ota olgan durdona asarlardan biridir.

 

“Burjua zodagonlari” – Molyer

 

Komediya janri ustasi Molyerning “Burjua zodagonlari” asari takabburlik, noto‘g‘ri munosabat, sinfiy nizolar haqida.

 

Asarlarida odamlarning zaif tomonlari haqida aqlbovar qilmas mulohazalar bildirgan yozuvchining ushbu asari ham jahon teatr sahnasida haddan tashqari ko‘p o‘ynalib kelayotgan asardir.

 

Mazkur asarda XVII asrdagi burjuaziya, aristokratiya satirik tarzda ochib beriladi.

 

“Qo‘g‘irchoq uyi” – Genrik Ibsen

 

Norveg dramaturgi Genrik Ibsen bu pyesani 1879-yilda yozgan. Ayol huquqlari va feminizm haqida so‘zlab bo‘lmaydigan bir zamonda Ibsen ayolning oila va ijtimoiy hayotdagi o‘rni haqida gapiradi.

 

Asar qahramoni Nora bolalik va o‘smirlik yillarida otasining aytganiga bo‘ysunishga majbur bo‘lib, o‘z fikrini erkin bayon etolmaydi. Nikohdan keyin ham bu taqdir uni taqib etadi. Eri va otasi tomonidan qo‘g‘irchoqdek o‘ynatilgan Nora hech qachon belgilangan chegaralardan chetga chiqmaydi. Nora shaxs bo‘lishdan oldin ona, xotin bo‘lishga majburlanadi.

 

Asar davomida o‘quvchini bitta savol o‘yga toldiradi: Nora “ideal ayol” tushunchasi noto‘g‘ri ekanligini tushuna boshlaganida nima bo‘ladi?

 

“Uch tiyinlik opera” – Bertolt Brext

 

XX asrning taniqli shoir va dramaturglaridan biri Bertolt Brext “Berliner ansambl” teatrining asoschilaridan.

 

Yozuvchining ko‘plab pyesalari ushbu ro‘yxatdan o‘rin egallashga loyiq bo‘lsa-da, “Uch tiyinlik opera”sini alohida keltirishni joiz deb bildik. Tilanchilar orqali burjua tuzumini tahlil qiluvchi bu asar har bir adabiyot ixlosmandi o‘qishi shart bo‘lgan kitoblardan biridir.

 

“Sotuvchining o‘limi” – Artur Miller

 

Amerikalik adib Artur Millerga Puliser mukofotini tuhfa etgan “Sotuvchining o‘limi” asari ham ushbu ro‘yxatning muhim bandlaridan.

 

Keksa sotuvchining kapitalistik tuzumda omon qolish va oilasini himoya qilish haqidagi asar Amerika orzusining real hamda shafqatsiz tanqididir. Asar AQSHning raqobatga dosh bera olmagan, illyuziyalar bilan o‘zini aldagan, oilasi uchun o‘zini qurbon qilgan keksa sotuvchining hayoti fonida jamiyatning soxta qadriyatlari va fojiali holati bayon etiladi.

 

“Kaligula” – Alber Kamyu

 

Nobel mukofoti sovrindori, yozuvchi va dramaturg Alber Kamyu tomonidan 1944-yilda yozib tugatilgan “Kaligula” asarida sevikli ayolining o‘limidan so‘ng baxt, ozodlik, qudrat va axloqiy qadriyatlardan shubhalangan yosh Rim imperatori Kaligulaning o‘z hokimiyatidan foydalanib hech narsani tan olmasligi, shu barobarda Rim xalqi va o‘zini halokatga yetaklagani haqida so‘z yuritiladi.

 

Rahmat BOBOJON tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 761
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 214
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 410
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219731
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104917
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37089
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 29642
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28987
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27987
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26058
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24036
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//