Axloqiy fazilatlar. Axloqiy qarash


Saqlash
16:05 / 15.05.2023 0 3845

Axloqiy fazilatlar – insonni yaxshilikka chorlaydigan, yomonlikdan qaytaradigan axloqiy qarashlarning doimiy odati, amaliy faoliyatga aylanganini bildiradigan tushuncha. U insoniy axloq namunalarini oʻzida mujassam etadi va maʼnaviyatning oʻzagini tashkil etadi. Maʼlumki, Sharq xalqlarining madaniyati, falsafasi, dunyoqarashida insondagi Axloqiy fazilatlari qadimdan ulugʻlab kelingan. Shu maʼnoda, Sharq ijtimoiy fikri va adabiyotini axloqiy fazilatlarlar qomusi deyish mumkin. Sharq mutafakkirlari – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Muso Xorazmiy, Rudakiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Hofiz Sheroziy, Fuzuliy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlar axloqiy fazilatlarlarni oʻz ilmiy va ijodiy faoliyatlarining yetakchi mavzusi deb bilganlar.

 

Axloqiy fazilatlar orasida adolatlilik, bagʻrikenglik, bosiqlik, vazminlik, vafodorlik, vatanparvarlik, vijdonlilik, goʻzallik, diyonatlilik, dilbarlik, donolik, jasurlik, javonmardlik, ziyraklik, zebolik, zakovatlilik, zukkolik, ibolilik, ilmsevarlik, intizomlilik, ishchanlik, iltifotlilik, iffatlilik, kamtarinlik, kamarbastalik, kechirimlilik, latofatlilik, lafzi halollik, matonatlilik, muruvvatlilik, mehr-oqibatlilik, mehribonlik, mehnatsevarlik, moʻtadillik, nafosatlilik, odillik, orastalilik, olijanoblik, oliyhimmatlik, ochiqqoʻllik, rostgoʻylik, rahm-shafqatlilik, sabr- bardoshlilik, saxovatpeshalik, sadoqatlilik, samimiylik, tavozelik, teran fikrlilik, talabchanlik, tejamkorlik, ulugʻvorlik, fozillik, fidoiylik, farosatlilik, xushmuomalalik, xushfeʼllik, qanoatlilik, chidamlilik, shijoatlilik, shirinsuxanlik, oʻktamlik, qanoatlilik, gʻayratlilik, gʻazabni jilovlash, haqqoniylik, halimlik, halollik, hayolilik, hojat barorlik kabi xislatlar insonni ulugʻlaydi, yuksaltiradi, jamiyatdagi munosabatlarni ham mukammallashtiradi. Xalqimiz ana shunday axloqiy fazilatlarlar asosida oʻzining betakror maʼnaviy qiyofasiga ega boʻlib keladi. Mustaqillik yillarida bu fazilatlar yangicha maʼno-mazmun bilan boyib, yuksak maʼnaviy taraqqiyotning eng muhim omillaridan biriga aylanmoqda.

 

Axloqiy qarash – axloqiy meʼyorlar tasnifi, maʼnaviy-axloqiy yondashuv va shu asosda shakllangan tafakkur kategoriyasi. Tor maʼnoda falsafa, sotsiologiya va madaniyatshunoslik fanlari sohasida umuminsoniy axloqiy tamoyillarni ifoda etadigan tushuncha. Keng maʼnoda, insoniyatga oid barcha maʼnaviy hodisalarga axloqiy yondashuvni aks ettiradi. Axloqiy qarashlarda umuminsoniy qadriyatlar, qadrlash mezonlari, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan maʼnaviy qarashlar, ruhiy hodisalar aks etadi. Oila, qoʻni-qoʻshnichilik odobi, korxona va jamoa etikasi, fuqarolik burch-vazifalari hamda ularni oʻrganuvchi mavzu hamda masalalar аxloqiy qarashga kiradi. Axloqiy qarash jamiyat hayotidagi gʻoyaviy, mafkuraviy, maʼrifiy, madaniy va diniy qarashlarga taʼsir koʻrsatuvchi tizimdir.

 

Axloqiy qarash – oila, jamoa va jamiyatdagi intizomning muhim omilidir, uning vositasida intizom tuygʻusi shakllangan kishi oʻz xalqi va Vataniga sadoqat bilan xizmat qiladi, har bir ishni oʻz vaqtida sidqidildan bajaradi. Nemis va yaponlarga xos tartib va intizomning negizida ham axloqiy qarashlarning mustahkamligi mujassam. Bugungi shiddatli globallashuv jarayonlari butun dunyoni oʻrgimchak toʻridek qamrab, Yer shari yaxlit ijt-y makonga aylanib borayotgan ekan, hech bir inson bu oʻzgarishlardan chetda qolmaydi. Oʻz mohiyatiga koʻra, ham noyob, ham murakkab boʻlgan bu hodisa oddiy inson uchun aql bovar qilmas qulayliklar, koʻzni qamashtirar darajadagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarishi bilan birga, talaygina muammolar, tashvish va xavotirlar ham tugʻdirmoqda. Ularning qarshisida odamzod ojiz qolmoqda. Eng yomoni, insonning dunyoqarashi, his-tuygʻular olami, maʼnaviyati jiddiy xavf ostida qolmoqda, baʼzan axloq meʼyorlari ham unutilmoqda. Shunday qaltis vaziyatda odamlarni bunday xatarlardan ogoh etish, el-yurt, keng jamoatchilik eʼtiborini bu masalalarga qaratish, yosh avlodni maʼnaviy sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, ularda axloqiy qarashni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Faqat uygʻoq qalb, teran nigoh va ezgu fikrli kishilargina bunday sharoitda ichki muvozanatni yoʻqotmasdan, moddiy va maʼnaviy mezonlar uygʻunligi asosida yashay oladi. Boshqacha aytganda, jamiyatda sogʻlom muhitni saqlab qolish, uni har tomonlama mutanosib rivojlantirish uchun ham maʼnaviyat, uning amaldagi ifodasi boʻlgan axloq meʼyorlari suv bilan havodek zarur.

 

Bu hayot haqiqatini ham tarixiy va hayotiy dalillar, falsafiy mushohadalar, insoniy kechinmalar orqali yoshlarga anglatish talab etiladi. Azaldan xalqimiz tabiatida jamoaviylik, hamjihatlik, yuksak axloq va odob meʼyorlari hamda anʼanalari asosida yashash hissi ustuvor boʻlib keladi. Bu xalqimiz yashagan daryo boʻylari va vodiylardagi tabiiy sharoitdan kelib chiqadi. Xalqimiz asrlar davomida qadimiy sivilizatsiya va madaniyat asoslarini yaratish asnosida nafaqat cheksiz moddiy neʼmatlar, balki beqiyos maʼnaviy moʻjizalar, sharqona axloqni ham bunyod etgan. Taʼkidlash zarurki, har bir insonning axloqiy qarashi oʻziga xos tizim boʻlib, ular oʻzaro birikib, yaxlit va yagona olamga aylansa, butun bir xalq, millat va jamiyatning axloqiy qarashi bunyod boʻladi. Bu axloqiy qarash yuksalgani sari xalq va millatning kuch-qudrati ham ortib boraveradi, yengilmas kuchga aylanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 27
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 22
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 97
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 198
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 516
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218671
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104453
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33605
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27250
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26260
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24761
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24721
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21618
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//