Axloqiy madaniyat. Axloqiy tarbiya


Saqlash
16:05 / 15.05.2023 0 16190

Axloqiy madaniyat – jamiyatdagi axloqning yuksaklik darajasini, fuqarolarning axloqiy saviyasini aks ettiruvchi tushuncha. U shaxsning jamiyatdagi asosiy axloq meʼyorlarini egallashi va oʻzgalar bilan shu asosda munosabatda boʻlishi, oʻzini axloqiy tomondan muntazam takomillashtirib borishi singari jihatlarni oʻz ichiga oladi. Axloqiy aqidalarning eng muhim omillaridan biri – muomala odobi. Insonlar bir-biri bilan hamkorlik qilmasdan, oʻzaro tajriba almashmasdan, oʻzaro taʼsir koʻrsatmasdan yashashi mumkin emas. Binobarin, muloqot, muomala inson uchun asosiy ehtiyoj, zarurat. Muomala odobi oʻzgalar qadr-qimmatini, hurmatini joyiga qoʻyishni, anʼanaviy axloqiy-meʼyoriy talablarni bajarishni taqozo etadi. Maʼnoli va ravon soʻzlash, suhbatdoshni tinglay bilish, nutq madaniyati muomalaning muhim jihatlarini tashkil etadi. Muomala odobida muloqotning asosiy vositasi boʻlmish til katta ahamiyatga ega. Xalqimizda “Siz” ham, “sen” ham bir ogʻizdan chiqadi» degan dono naql bor. Shu bois muloqot paytida suhbatdoshga hurmat ifodasi sifatida har bir soʻzni suhbatdoshining koʻngliga, qiziqishi va kayfiyatiga qarab, yoshini kasbu kori, ijtimoiy hamda oilaviy ahvolini eʼtiborga olib, hurmatini joyiga qoʻyib gapirish, muloqot jarayonida oʻrinsiz harakatlarga yoʻl qoʻymaslik lozim.

 

Muomala odobida kishining koʻz-qarashi, nigohi, soʻzsiz (noverbal) harakatlari ham muhim rol oʻynaydi. Maʼlumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qoʻl harakatlarida uning soʻzga aylanmagan hissiyoti, talablari oʻz aksini topadi. Shu maʼnoda, muomala odobida kishilarning nasihat qilmasdan, odob oʻrgatmasdan bir-biriga taʼsir koʻrsatishi ham diqqatga sazovordir. Axloqiy yetuklik muomala odobini egallashdan boshlanadi. Axloqiy madaniyatning oʻziga xos munosabatlar ifodasi – etiketdir. Axloqiy madaniyat muayyan holat uchun faqat bir xildagi qoidalashtirilgan xatti-harakatlarni taqozo etadi. Axloqiy madaniyatning qamrovi shu qadar kengki, u oddiy insoniy munosabatlardan xalqaro miqyosda qabul qilingan muomala qonun-qoidalargacha oʻz ichiga oladi. Masalan, siyosiy arbob etiketi, mehmondorchilik axloqiy madaniyati, mezbon etiketi va hokazo. Axloqiy madaniyatning zamonaviy koʻrinishlari bilan birga, milliy-anʼanaviy shakllari ham bor, ularsiz har qaysi xalq hayotini tasavvur qilish qiyin. Masalan, salomlashish odobini olib koʻraylik. Axloqiy madaniyat qoidasiga koʻra, koʻchadan oʻtib ketayotgan odam guzarda yoki darvozasining oldida turgan kishilarga salom berishi, bu asnoda oʻng qoʻl chap koʻkrakda, yurakning ustida turishi, bosh esa taʼzimga yengil egilishi lozim. Koʻrishish madaniyatida esa qoʻlning uchini berib salomlashish koʻrishayotgan odamga nisbatan odobsizlik va mensimaslikni bildiradi. Axloqiy madaniyatning yana bir jihati bor: unda odob bilan goʻzallikning uygʻunligini koʻrishimiz mumkin. Yaʼni, Axloqiy madaniyat orqali odobning qatʼiy qonun-qoidalari chiroyli xatti-harakatlar vositasida amalga oshiriladi. Kasbiy odob axloqiy madaniyatning yuksak shakllaridan boʻlib, uning jamiyat hayotidagi oʻrni beqiyosdir. Muallimlik odobi, sanʼatkor odobi, jurnalist odobi, rahbar odobi singari kasbiy odob turlari bunga misol boʻla oladi. Kasbiy odob amaliy axloq tarzida namoyon boʻladigan maʼnaviy hodisadir.

 

Axloqiy tarbiya – jamiyat maʼnaviy hayotidagi muhim ijtimoiy hodisa boʻlib, odob-axloq tizimini, axloqiy fazilatlarni zamon talablari asosida har qaysi avlod ongiga singdirish shakli. Axloqiy tarbiya adabiyot, psixologiya, etika va estetika fanlari oʻrganadigan ilmiy kategoriyadir. Axloqiy tarbiya deganda oʻsib kelayotgan avlodda xulq-odob meʼyorlariga mos keladigan, zamon talablariga javob beradigan insoniy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan ilmiy va amaliy harakatlar tizimi tushuniladi. Insonning axloqiy hayoti uning axloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliq.

 

Axloq toʻgʻrisidagi fanlarning asosiy vazifasi axloqiy barkamol inson va jamiyatni tarbiyalashning yoʻl-yoʻriqlarini koʻrsatib berishdan iborat. Axloqiy tarbiya shu yoʻldagi uzluksiz amaliy jarayondir. Inson axloqiy tarbiya orqali axloqiy qadriyatlarni anglab yetadi, oʻzida axloqiy tajribalar, koʻnikma va fazilatlarni shakllantiradi, axloqiy meʼyorlar va tamoyillar asosida yashashga oʻrganadi. Axloqiy tarbiya insoniyat tarixi mobaynida ikkita muhim masalaga javob izlaydi: biri – qanday yashamoq kerak, ikkinchisi – nima qilish keragu nima qilmaslik lozim. Axloqiy tarbiya – insonni komillikka eltuvchi yoʻl. Uning vositalari koʻp, biri anʼanaviy tarbiya boʻlsa, ikkinchisi zamonaviy tarbiyadir. Odatda, har ikki turdagi vositalardan samarali foydalaniladi. Maktabgacha axloqiy tarbiyada ertak va rivoyatlar, pand-nasihatlar ruhidagi, anʼanaviy tarbiya oʻyin va oʻyinchoqlar vositasidagi zamonaviy tarbiya bilan oʻzaro uygʻun holda qoʻllanadi.

 

Axloqiy tarbiyaning eng kuchli vositasi – sanʼat. U aholining barcha tabaqasini – turli yosh va kasbu kordagi insonlarni qamrab oladi. Axloqiy tarbiyaning barcha zamonlar uchun dolzarb boʻlgan yoʻli namunaviylik tamoyilidir. Axloqiy tarbiyaning aqliy-maʼnaviy va jismoniy tarbiya bilan qoʻshib olib borilishi ham maqsadga muvofiqdir. Shaxsning axloqiy tarbiyasi uning muomala odobi, etiket qoidalariga rioya etishi, kasbiy odobi hamda oʻzgalarga nisbatan munosabatning barcha turlarida koʻrinishi mumkin. Axloqiy munosabatlar – kishilar faoliyatini muvofiqlashtirib, ularning ezgu, insoniy munosabatlarini ifoda etadi. Axloqiy tarbiya tuzilmasi – uch omil-asosdan iborat: axloqiy anglash: (axloqiy ong), axloqiy his etish (axloqiy hissiyot) va axloqiy munosabatlar (axloqiy xatti-harakatlar). Axloqiy tarbiya jarayonida bu omillar doimo birga ishtirok etib, bir-birini taqozo etib keladi. Axloqiy tarbiya tushunchalariga ezgulik, burch, vijdon, saxiylik, hurmat, halollik, poklik, rostgoʻylik kabi kategoriyalar kiradi. Anglab amalga oshirilgan har qanday axloqiy qaror zamirida axloqiy hissiyot yotadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 27
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 21
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 97
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 198
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 515
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218671
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104451
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33605
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27250
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26260
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24758
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24721
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21618
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//