Tilshunos olim va qayiqchi mojarosi, Azroyildan qocholmagan bekorchi haqida hikoyat


Saqlash
20:05 / 12.05.2023 0 1734

Tilshunos olim va qayiqchi mojarosi haqida hikoyat

 

Allaqanday tilshunos olim qandaydir yoʻl bilan kemaga chiqib qoldi. Oʻsha xudbin kimsa kema dargʻasiga yuzlanib dedi: “Sen hech til qoidalarini oʻrganganmisan? U javob berdi: “Yoʻq”. Olim dedi: “Yarim umringni havoga sovuribsan! Koʻngli singan kema dargʻasi ranjidiyu, ammo oʻsha payti javob berishdan oʻzini tiyib, jim turdi. Shamol kemani girdobga uloqtirdi. Dargʻa tilchi olimga baland ovozda dedi: “Aytchi, sen suzish ilmini bilasanmi? Olim dedi: “Yoʻq, ey xushjavob mehribon! Dargʻa dedi: “Butun umringni havoga sovuribsan, ey olim, chunki kema mana shu girdobga choʻkayapti”.

 

Bilgin, bu yerda til qoidasi lozim emas, oʻzingni mahv etmogʻing lozim. Agar sen mahv etilgan boʻlsang, qoʻrqmasdan suvga sakra. Dengiz suvi oʻlik odamni yuqoriga koʻtaradi, ammo u tirik boʻlsa, dengizdan qanday qutuladi? Sen insoniy fazilatlar yoʻlida vafot etsang, sirlar ummoni seni boshining ustiga qoʻyadi, yuksaltiradi. Senga mahv boʻlishning imlosidan saboq berish uchun bu yerda tilshunos olimni misol qilib keltirdik. Huquq ilmining huquqini ham, imlo qoidasining imlosini ham, soʻz shakllarining shaklini ham oʻzingni xoru past tutishda topasan, ey muhtaram doʻst!

 

Azroyil alayhissalomning bir kimsaga nazar solgani, ul kimsaning qochib, Sulaymon alayhissalom huzuriga borgani va tavakkulning jahddan ustunligi, jahddan foyda kamligi bayoni

 

Bir bekorchi kimsa tong otishi bilan adolatli Sulaymon (a.s.) saroyiga yugurib kirdi. Gʻam-qaygʻudan uning yuzi sargʻayib, lablari koʻkarib ketgandi. Sulaymon unga dedi: “Nima boʻldi, ey xoja? U dedi: “Azroyil menga shunday nazar tashladiki, koʻzlarida xusumat va qahru gʻazab toʻla edi”. Sulaymon (a.s.) dedi: “Xoʻsh! Hozir mendan nima istaysan? Soʻra! U dedi: “Shamolga buyruq ber, ey jonpanoh, toki u meni bu yerdan Hindistonga olib ketsin. Ehtimol, quling u yerda oʻz jonini qutqarib qolar”. Odamlar ana shunday qilib darvishlikdan qochadilar va oʻzlarini bir parcha hirsu havasga tutib beradilar. Darvishlikdan qoʻrqish hissiga oʻsha oʻlim dahshati misol boʻla oladi, hirsu havasni sen Hindiston deb bil. Sulaymon (a.s.) shamolga oʻsha odamni tezda suv orqali Hindistonning uzoq yeriga olib borib qoʻyishni buyurdi. Ertasi kuni kengash va uchrashuv chogʻida Sulaymon (a.s.) Azroyil (a.s.)ga dedi: “Oʻsha musulmonga sen uyidan uzoqlarda sarson boʻlib yursin deb qahru gʻazab bilan qaradingmi? Azroyil (a.s.) dedi: “Qachon men unga qahru gʻazab bilan qarabman? Uni yoʻlda koʻrib ajablandim, chunki Haq menga: Qara, bugun uning jonini Hindistonda ol! – deb buyurgan edi. Hayron boʻlib oʻzimga oʻzim: Hatto yuzta qanoti boʻlsa ham, uning Hindistonga yetib borishi uchun yoʻl uzoq-ku, dedim.

Sen ham dunyoning barcha ishlarini ana shunday solishtirib koʻr, koʻzlaringni kattaroq ochib, diqqat bilan qara: Biz kimdan qochayapmiz? Oʻzimizdan! Qanday bemaʼnilik! Biz kimdan oʻgʻirlayapmiz? Haqdanmi? Qanday falokat!

 

Bir qazvinlik kishi yelkasiga sher suvratini chizdirgani, igna zaxmidan unga ozor yetib, soʻng pushaymon boʻlgani

 

Roviydan qazvinliklarning turmush tarzi va odati haqida shunday bir hikoyatni eshit. Ular ignaning uchida rang yuborib badani, qoʻllari, yelkalarini bezarar naqshlar bilan toʻldirar edilar. Bir qazvinlik yigit ignakashga kelib dedi: “Menga naqsh chizib qoʻy, jozibali boʻlsin”. Ignakash dedi: “Qaysi shakl qolipini toʻldiray, ey shunqor? Qazvinlik dedi: “Yovvoyi sherning shaklini toʻldir. Mening burjim sher, shuning uchun sher rasmini solgin. Jahd etib, naqshlar rangini quyuqroq ber”. Naqsh soluvchi dedi: “Shaklni qayeringga solay? Yigit dedi: “Oʻsha xomqolipni yelkamga toʻldir”. Igna sanchishni boshlagan zahoti ogʻriq qoʻzgʻab, uning yelkasidan makon qurdi. Shunqor ingray boshladi: “Ey oliyjanob, meni oʻldirdingku, qaysi shaklni toʻldirayapsan? Ignakash dedi: “Axir sen menga sherni buyurdingku”. Yigit dedi: “Tanasining qaysi qismidan boshlading? Ignakash dedi: “Dum qismidan boshladim”. Yigit dedi: “Dumni qoʻyaqol, ey qora koʻzim! Sherning dumi boʻgʻzimdan boʻgʻdi, uning dumidan va dum oʻrnidan nafasim qaytdi. Tingla, ey sher yasovchi, sher dumsiz boʻlsin, chunki sanchilgan nishlardan koʻnglim ozayapti”. Ignakash yelkaning boshqa tarafini ayovsiz, murosasiz va shafqatsizlarcha tila boshladi. Shunqor baqirdi: “Bu sherning qaysi aʼzosi?” Ignakash dedi: “Bu quloq, ey aziz odam!” Yigit dedi: “Sher quloqsiz boʻlaqolsin, ey hakim! Quloqni qoʻya tur va tuklarini ham kaltaroq qil”. Boshqa tarafdan sanchishni boshlagan edi, qazvinlik yana baqirdi: “Bu uchinchi tomon yana qaysi aʼzo boʻldi? U dedi: “Endi sherning qorni, azizim”. Yigit dedi: “Arslon qorinsiz boʻlaqolsin! Ogʻriq kuchayib ketdi, ignani kamroq sanch! Ignakash juda hayratlanib, barmogʻini tishlab uzoq vaqt tikilib qoldi. Soʻng ignani yerga otib, jahl bilan dedi: “Bu dunyoda bunaqasi yana kimningdir boshiga tushganmikan? Dumi, boshi va qorni yoʻq sherni kim koʻribdi? Hatto Xudo ham bunday sherni yaratmagan”.

 

Ey birodar, oʻtsevar nafsing nishidan qutulish uchun ignaning azobiga chidab tur. Kimki mavjudligidan xalos boʻlsa, unga osmon, quyosh va oy sajda qiladi. Kimki oʻtsevar nafsini oʻldirsa, quyosh va bulutlar uning amrini bajaradi. Qachonki uning qalbi sham yoqishni oʻrgansa, uni quyosh kuydira olmaydi. Haq taolo chiqquvchi quyosh haqida zikr etdi: “Ularning gʻorlarini chetlab oʻtar edi”.[1] Butunga tomon borguvchi qism oldida tikan ham xuddi gul kabi nafosatli boʻladi. Haq taoloni ulugʻlash nima? Oʻzingni haqir va xokisor deb bilmoq. Haq taolo tavhidini anglash nima? Oʻzingni Yagonaning qoshida yondirmoq. Agar sen kun kabi porlashni istasang, oʻzingning tunsimon borligʻingni yondir. Oʻz borligʻingni Uning borligʻida his et, xuddi misday kimiyoda erib ket. “Men” va “biz”ni ikki qoʻllab mahkam tutib olma: bu barcha halokatlar “ikki borlik” tufaylidir.

 

Jaloliddin Rumiy

“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar

Nasriy bayon mualliflari:

Odil IKROM, Oydinniso


[1] (Ular uxlayotganda boqsangiz edi) quyoshni koʻrar edingizki, chiqqan vaqtida gʻorlarining oʻng tomoniga moyil boʻlib oʻtar, botganida esa chap tomonidan ularni chetlab oʻtar (ularga tegmas) edi. Holbuki, ular gʻorning ochiq (va keng) joyida edilar. Bu Allohning (ibrat olgulik) oyat-dalillaridandir. Alloh kimni toʻgʻri yoʻlga boshlasa, u toʻgʻri yoʻlni topgandir. Kimni (oʻz feʼli va amali tufayli) zalolatda qoldirsa, bas, uning uchun aslo yoʻl koʻrsatuvchi bir doʻst topa olmassiz (“Kahf” surasi, 17-oyat).

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 558
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 125
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 335
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219372
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104769
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35822
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27961
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27680
Kompetentlik

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 27324
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25610
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 23083
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//