Bilasizmi?
Axloq (arabcha xulqning koʻpligi; lotincha moralis – xulq-atvor) – maʼnaviy hayot hodisasi, ijtimoiy ong shakllaridan biri, maʼnaviyat sohasiga oid tushuncha. Kishilarning tarixan tarkib topgan xulq-atvori, yurish-turishi, ijtimoiy va shaxsiy hayotdagi oʻzaro munnosabat, shuningdek jamiyatga boʻlgan munosabatlarini tartibga solib turadigan barqaror, muayyan meʼyor va qoidalar yigʻindisi. Axloq – bu avvalo insof va adolat tuygʻusi, iymon, halollik degani. Qadimgi ajdodlarimiz komil inson haqida butun bir axloqiy talablar majmuini, zamonaviy tilda aytsak, sharqona axloq kodeksini ishlab chiqqanlar. Kishi qalbida haromdan hazar, nopoklikka, adolatsizlikka nisbatan murosasiz isyon boʻlishi kerak. Shunday odamgina lafzini saqlaydi, birovning haqiga xiyonat qilmaydi, sadoqatli boʻladi, vatani, xalqi uchun jonini fido etishga ham oʻzini ayamaydi. Axloq talablari kishilarning feʼl-atvori va faoliyatida oʻz ifodasini topadi. Bunda baʼzi xattiharakat va xulq-atvorlar axloqiy, baʼzilari axloqsizlik deb baholanadi. Axloq – ijtimoiy ongning eng qadimiy shakllaridan biri. Davr oʻzgara borgani sari har qanday hodisa kabi axloq ham oʻzgaradi, rivojlanib, takomillashib, maʼnaviy madaniyatning koʻrinishlaridan biriga aylanib boradi. Axloqni alohida falsafiy fan – “Etika” va “Axloqshunoslik” oʻrganadi. Uning axloq bilan aloqador “burch”, “vijdon”, “or-nomus” kabi qator kategoriyalari mavjud. Axloq hodisa sifatida ijtimoiy faoliyatni tartibga solishning boshqa shakllaridan oʻz talablarining asoslanishi va amalga oshirilishi bilan farq qiladi. Axloq meʼyorlari hamma uchun barobardir, lekin ular hech kimning buyrugʻi bilan joriy etilmagan burch, majburiyat tarzida namoyon boʻladi. Ijtimoiy hayotning turli sohalarida axloqning oʻziga xos meʼyor va qoidalari (mehnat axloqi, xizmat koʻrsatish axloqi, kasbiy, tadbirkorlik, diplomatiya etikasi, maishiy turmush, oila axloqi) mavjud va ular axloqning nisbatan mustaqil sohalarini tashkil etadi. Axloq ijtimoiy ong shakllaridan biri hisoblanib, har bir kishining jamiyat va oiladagi yurish-turishi, tartib-qoidalarining yigʻindisi sifatida gavdalanadi. Demak, jamiyatga, oilaga, mehnatga boʻlgan munosabatda axloq belgilari namoyon boʻladi. Inson xatti-harakati va xulqidagi yoʻnalishlar, eng muhim belgilar mujassamlashib, shaxs faoliyatida, uning kamol topishida axloqning asosi boʻlib xizmat qiladi. Xalqimiz axloqiy tafakkur bobida boy merosga ega.
Axloqqa oid fikrlar “Avesto”da, qadimgi turkiy tosh bitiklar va boshqa yozma manbalarda oʻz ifodasini topgan. Bundan tashqari, xalqimiz orasida keng tarqalgan pandnoma va odobnomalarda, xalq pedagogikasida, diniy-falsafiy risolalar hamda allomalar merosida axloq masalalariga keng oʻrin berilgan. Jumladan, buyuk muhaddis imom Buxoriy “Axloqning yaxshi boʻlishi, taomning pokizaligi, rostlik va omonatga xiyonat qilmaslik – mana shu toʻrt xislatni Alloh taolo senga bergan boʻlsin, dunyoviy ishlardan chetda qolgan boʻlsang ham, zarari yoʻqdir”, deb yozadi. Alloma Voiz Koshifiy esa “Insonning qadr-qimmati uning molmulki yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki maʼnaviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan oʻlchanadi”, deb taʼkidlaydi. Ulugʻ maʼrifatparvar Abdulla Avloniy axloqni bunday taʼriflaydi: “Insonlarni yaxshilika chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur. Axloq ilmini oʻqib, bilub amal qilgan kishilar oʻzining kim ekanini, janobi haq na uchun xalq qilganin, Yer yuzida nima ish qilmoq uchun yurganin bilur. Bir kishi oʻzidan xabardor boʻlmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini bilmas, oʻz aybini bilub, iqror qilub, tuzatmakgʻa saʼy va qoʻshish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur”. Abu Nasr Forobiy “Axloq” tushunchasini keng maʼnoda talqin qilib, dini, eʼtiqodi, irqi, tilidan qatʼi nazar, barcha insonlarni hamjihatlik va hamkorlikka chaqiradi.
Dunyoda yagona va bir butun inson jamoasini shakllantirishni, uning va barcha fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishini orzu qiladi. Bu gʻoya keyinchalik jahondagi koʻplab mutafakkirlar, jumladan, nemis faylasufi I.Kant tomonidan ham ilgari surilgan. Bu gʻoyalar bugungi kunda ham naqadar muhim ahamiyatga ega. Forobiyning fikricha, yuksak axloqiy fazilatlarga rioya qilgan holda rivojlanayotgan har qanday davlat oʻz fuqarolarini, shakshubhasiz, baxtu saodat yoʻliga olib chiquvchi kuchdir. Inson bilimli va namunali axloq egasi boʻlgandagina ijobiy xislatlari bilan barchaga oʻrnak boʻla oladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q