Bilasizmi?
Axborot (arabcha axbor – xabarlar, maʼlumotlar) – muayyan voqea-hodisalar toʻgʻrisidagi xabar yoki maʼlumot, ularni tushuntirish, tushunish va idrok etishda qadim zamonlardan buyon qoʻllanib kelinayotgan, kibernetika va informatikaning taraqqiyoti tufayli keyingi vaqtda yangi, keng maʼno kasb etayotgan tushuncha, OAV orqali eʼlon qilinadigan koʻrsatuv va eshittirishlarning nomi, jurnalistika sohasidagi maxsus janr ham shunday ataladi. Biron voqea haqidagi batafsil maʼlumot, davlatlar oʻrtasidagi muzokaralar natijasida tuzilgan bitim yoki shartnomalar toʻgʻrisidagi rasmiy xabar ham axborot deyiladi. Xalqaro huquqda ikki va undan ortiq davlat oʻrtasida olib boriladigan diplomatik muzokaralar natijasida tuzilgan bitimlar, shartnomalar yoki qabul qilingan boshqa qarorlar haqidagi xabar ikki yoki undan ortiq davlatlar tomonidan eʼlon qilinadi. Ikki davlat oʻrtasida olib boriladigan muzokaralar haqidagi axborot odatda qoʻshma axborot deb ataladi. Kundalik hayotda biror narsa (jarayon, ish, hodisa) toʻgʻrisida aniq tasavvurga ega boʻlish uchun kerak boʻladigan maʼlumot yoki yangiliklar ham axborotdir. Oʻtgan asrning oxiri va hozirgi asr boshida axborot vositalarining jadal rivojlanishi XXI asrni “Axborot asri” deb atalishiga sabab boʻldi. Bugungi kunda zamonaviy axborot texnologiyalari, axborotlashgan jamiyatning intellektual salohiyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda axborot asosida taʼlim-tarbiya jarayoni olib borilmoqda, ijtimoiy hayot samarali boshqarilmoqda. Hozirgi kunda hayotning biror-bir sohasini axborotsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Axborotlar banki (AB), axborot texnologiyalari kishilik faoliyatining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Axborotlarni aniq maqsadda yigʻish, saqlash, tizimlarga ajratish va ulardan ommaviy tarzda foydalanishda texnik, dasturiy, algoritmik ishlar va ularning tashkiliy vositalari beqiyos ahamiyatga ega. Axborotlashtirilgan jamiyatning har bir boʻgʻinida Axborotlar bankiga murojaat qilinadi va shu asosda zamonaviy taʼlim texnologiyalari yaratiladi va taʼlim-tarbiya jarayonlarini optimal boshqarish imkoniyati vujudga keladi. Axborotli modul – taʼlim maqsadini belgilashga qaratilgan, rejalashtirilgan natijalar bilan chegaralangan, fanlararo va fan ichidagi bogʻliqlikni hisobga olib tuzilgan hamda yakuniy nazorat tizimini qamrab oladigan oʻquv fani mazmunining muntazam va tugallangan qismidir. Axborot resurslari maʼlumotlar bazalari va banklari, turli xil arxivlar, kutubxonalar, muzeylar fondi va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Resurs – biror narsa yoki hodisaning zaxirasini belgilaydi, ayni vaqtda u axborot tizimidagi alohida hujjatlar va ularning butun bir majmuidir. Axborot resurs markazi (ARM) – ixtisoslashgan muassasada toʻplangan hamda markazlashtirilgan bosma va audiovizual materiallar majmuasidir. ARM kompyuter va aloqa vositalari yordamida qoʻshimcha aloqa manbalari va materiallariga kirish imkonini beradi. ARMning asosiy dasturi taʼlim beruvchi va oluvchilar tomonidan oʻquv dasturiga muvofiq toʻplangan audiovizual materiallarni oʻz ichiga oladi. ARM dasturidagi individual va texnologik manbalar taʼlim beruvchilar, mediateka mutaxassislari hamda taʼlim oluvchilar oʻrtasidagi oʻzaro muntazam aloqani taʼminlaydi. ARM taʼlim muassasasidagi yangiliklarni yoyishda oʻquv muassasasi bilan jamiyat oʻrtasidagi asosiy aloqa tarmogʻi boʻlib hisoblanadi va shu orqali u taʼlim oluvchilarni zarur axborotlar bilan taʼminlaydi. Taʼlim muassasasining ARMi uchun kitoblar, davriy nashrlar, mikrofilmlar, slaydlar, gramplastinkalar, kompyuterli tizimlar, audio va video yozuvlar asosiy manbadir. Axborot tarmogʻi (AT) – aloqa tizimlarida kompyuterlar yordamida axborotlashishga xizmat qiluvchi qurilmalarning bir-biri bilan bogʻlangan holati. Axborot texnologiyalari (AT) – axborotlarni yigʻish, qayta ishlash, saqlash, ifodalash, tizimlash, uzatish, isteʼmolchi uchun foydalanishga qulay holga keltirish jarayoni kompyuter va telekommunikatsiya vositalari yordamida amalga oshiriladigan, tartibga solingan va tashkillashtirilgan tizim va amaliy dasturlar majmuasidir. AT va ulardan oqilona foydalanish tufayli insonning ishlab chiqarish faoliyati, kundalik muloqot sohasi, ongu tafakkuri kengayib boradi.
Zamonaviy hisoblash texnikasi va aloqa vositalari asosida axborotlarni toʻplash, saqlash va kerakli manbalarga uzatishning zamonaviy kompyuterlashtirilgan usullari bugun tobora rivojlanib bormoqda. Axborot texnologiyasi fani (ATF) – axborotlarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash va rejalashtirilgan maqsadni amalga oshirish uchun texnik vositalardan foydalanishni oʻrgatadigan fan. ATF taʼlim va kadrlar tayyorlash jarayonini axborotlashtirishning optimal variantlarini topishda asosiy intellektual manba boʻlib hisoblanadi. Axborotni faksimil uzatish (AFU) odamlar oʻrtasidagi axborot almashinuvi boʻlib, uning yordamida matn, gazeta, oddiy qoʻlyozma, grafika, fotografiya kabi hujjatlarni bir obyektdan ikkinchi obyektga asl nusxasidek aniq yetkazib berish jarayonidir. Axborot olish kafolatlari va erkinligi har bir shaxsning oʻzi istagan axborotni izlash, olish va tarqatishga haqli ekanini bildiradi. Mustaqillik yillarida yurtimizda bu borada mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasida Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari har kimga oʻz huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini yaratib berishi lozimligi belgilab qoʻyilgan. “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, mamlakatimizdagi har bir fuqaro oʻz manfaatlariga daxldor axborotlarni olish imkoniyatiga ega. Hozirgi globallashuv jarayonida axborot gʻoyaviy taʼsir oʻtkazish vositasiga aylanib bormoqda. Ayrim mafkura poligonlari oʻzlarining gʻarazli maqsadlariga erishishda axborot xurujlaridan foydalanmoqda.
Axborotlashtirish – jamiyatning maʼnaviy hayotida roʻy berayotgan ijtimoiy-texnik hodisa boʻlib, zamonaviy informatsion-texnologik vositalar yordamida ijtimoiy tuzilma va jarayonlarni rivojlantirish, takomillashtirish va keskin kuchaytirishni anglatadi. Axborotlashtirishni yangi jamiyat (axborot jamiyati)ni barpo etish yoʻlidagi intellektual-gumanistik jarayon sifatida tushungan holda demokratiyaning rivojlanishiga va umuman siyosiy hayotga informatikaning taʼsiri toʻgʻrisida soʻz yuritish mumkin. Axborotlashtirish jarayoni ziddiyatli xususiyatga ega boʻlgani uchun uni baholashda har xil yondashuvlar mavjud. Aksariyat hollarda uning ijobiy ijtimoiy oqibatlari toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Jamiyatni siyosiy va hatto jismoniy sogʻlomlashtirish yoʻlini koʻpchilik axborotlashtirishda koʻradi. Ammo bunday qarashlarga “kompyuter pessimizmi” tushunchasi qarshi turadi. U axborotlashtirishni odamlarga texnik turmush va fikrlash tarzini singdirish, insonparvarlik tamoyillariga qarshi borishda ayblaydi. Shunday qilib, bugungi dunyoda axborotlashtirish jarayonlari siyosiy munozaralar obyektiga ham aylanmoqda. Axborotlashtirish ijtimoiy-texnik jarayon sifatida jamiyatning siyosiy hayoti, eng avvalo, uni demokratlashtirish bilan chambarchas bogʻliq. Axborotlashtirishning koʻlami, surʼati va yoʻnalishi jamiyatda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarga, jumladan, fan, taʼlim, umumiy madaniyatning globallashuv darajasiga ham uzviy bogʻliq.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q