Askiya


Saqlash
16:05 / 10.05.2023 0 3030

Askiya (arabcha) – ziyrak, zakiy, hozirjavob maʼnolarini anglatuvchi tushuncha. U oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi janrlaridan biri boʻlib, unda soʻz oʻyini, qochiriqlarga asoslangan holda ikki va undan ortiq kishi yoki guruh xalq yigʻinlari (sayl, toʻy va bayramlar)da soʻz orqali bir-birini mot qilish boʻyicha musobaqalashadi. Taraflar oʻz javoblarini qisqa-loʻnda, sermaʼno, latif, taʼsirli, jozibali va kulguli chiqarishga harakat qiladi. Javob qaytarishda qaysi taraf mavzu, janr doirasidan chetlashsa yoki soʻz tanlashda palapartishlikka yoʻl qoʻysa, yengilgan hisoblanadi. Askiyaning mazmunli, serzavq, kulguli chiqishida taraflardan hozirjavoblik, badihagoʻylik, shuningdek, mavzuga aloqador keng va chuqur maʼnoli soʻzlarni topa bilish, yuz, koʻz, qoʻl, tana harakatlaridan, tovush va imo-ishoralardan oʻrinli foydalana olish talab etiladi. Askiya xalq yigʻinlari, ommaviy tadbirlarda ijro etilgani uchun ham oʻziga xos maʼnaviy taʼsir koʻrsatish shakllaridan boʻlib, odamlarga estetik zavq ulashish bilan birga muayyan hodisalarga munosabatni ham shakllantiradi. Askiya turlarini mukammal egallagan, katta davralarda tortisha oladigan kishilar askiyachi, askiyaboz deb ataladi. Tarixda bunday kishilar badihagoʻy nomi bilan ham yuritilgan. Askiyachi xalq tilini, zarofat sanʼatini puxta egallagan, hajv usullaridan ustalik bilan foydalana oladigan boʻlishi lozim. Askiyaning payrov, qofiya, oʻxshatdim, bahri bayt, safsata, lof, afsona, laqab kabi turlari bor.

 

Askiya oʻzbek xalqi orasida mashhur boʻlib, uning tarixi eng qadimgi davrlardan bosh langan. Alohida janr sifatida, ayniqsa, Fargʻona vodiysi va Toshkentda keng yoyilgan. XX asrda bu sanʼat turi yanada ommalashdi. Mustaqillik yillarida askiya rivojlandi va ommaviy bayramlar, tantanalarda askiyachilarning chiqishlariga keng oʻrin berilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 05.05.2026 0 125
Demokratiyani o‘rgatuvchi oʻyin qanday yaratilmoqda?

Bilasizmi?

12:05 / 04.05.2026 0 205
Yigit va o‘git

Hikmat

09:04 / 15.04.2026 0 425
Qarz boʻlmaslik “siri” haqida rivoyat

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 664
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 234139
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 113425
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 67888
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 56839
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 51271
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39502
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 39361
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 39119
“Avesto”

//