Bilasizmi?
Amoralizm (lotincha a – yoʻq, moralis – axloq) – maʼnaviy hayot va shaxslararo munosabatda axloq meʼyorlarining buzilishi hamda ularni inkor etish, umumeʼtirof etilgan xulq-atvor mezonlariga eʼtiborsizlik va ularga yengil-yelpi munosabatda boʻlish.
Amaliyotda amoralizm alohida bir shaxsning maʼnaviy yetuk emasligi yoki jamiyatdagi muayyan kishilarni maʼnaviy tubanlikka olib keluvchi ijtimoiy holatlar bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Amoralizmning tarixi qadimdan boshlangan, uning individual, guruhlarga xos va ijtimoiy shakllari maʼlum. Yakka shaxsga mansub amoralizm bir kishining axloqiy buzilishi, uning xulq-atvoridagi jiddiy kamchiliklar majmui tarzida namoyon boʻladi. Guruhlarga xos amoralizm esa jamiyatning biron-bir qatlami, ijtimoiy harakat aʼzolari orasida keng tarqalgan illat (boylikka ruju qoʻyish, jamoaviy buzgʻunchilik, narkomaniya, alkogolizm, fohishalik va fohishabozlik hamda boshqalar) tarzida koʻzga tashlanadi. Ijtimoiy amoralizm u yoki bu tarzdagi maʼnaviy buzilishning butun jamiyatni qamrab olishi yoki uni majburlash tamoyillarining zoʻrlik bilan amalga oshirilishi (masalan, ateizm, fashizm, ekstremizm, terrorizm gʻoyalarining zoʻrlik bilan yoyilishi, odamlarni shu yoʻllarga oʻtishga ommaviy majburlash yoki qadimgi Pompeydagi ommaviy maʼnaviy buzilish holati) tarzida sodir boʻladi. Amoralizmning siyosiy, iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy shakllari ham mavjud. XIX asr oʻrtalarida Gʻarbda anʼanaviy madaniyatning inqirozi davrida amoralizmning boshqacha shakli – immoralizm gʻoyalari rivojlana boshlagan. Bu gʻoyalarning mazmuni shuki, ularda maʼnaviylikning toʻla siyosiy maqsadlarga boʻysundirilishi lozimligi uqtiriladi.
Amoralizmning oʻta shafqatsiz, insoniylikka zid, yovuz shakli fashizm gʻoyasi va amaliyotida oʻz ifodasini topdi. Buning eng asosiy koʻrinishi shaxsga (fyurer)ga sigʻinishdir. Bu sigʻinishda har qanday vijdoniy mezonlar rad etiladi. Tarixiy jarayonlar shundan dalolat beradiki, jamiyatda insonga muhabbat, hurmat, vijdon, axloqiylik mezonlari buzilishi amoralizmga olib keladi. Shu sabab unga va uning turli koʻrinishlariga qarshi kurash taʼlim-tarbiyada muhim ahamiyatga ega. Amoralizm kishilarning maʼnaviy buzilish oqibatida shakllanadigan, rasman tan olingan yoki amalda mavjud boʻlgan axloq meʼyorlari, baholar, anʼanalar, xulq-atvor namunalari tizimiga mos kelmaydigan xatti-harakati, xulqidir. Amoralizmni belgilash mezonlari mutlaq yoki nisbiy boʻlishi mumkin. Ayrim shaxs yoki guruhlarning umuminsoniy maʼnaviyat meʼyorlariga mos kelmaydigan xatti-harakati va xulqi tom maʼnoda gʻayriaxloqiy deb baholanadi. “Yolgʻon soʻzlama”, “ota-onangni xoʻrlama”, “zoʻravonlik qilma”, “birovning joniga qasd etma”, “oʻgʻrilik qilma”, “boshqalarga yomonlikni sogʻinma” kabi oddiy axloqiy mezonlar insoniyat tomonidan asrlar mobaynida asrab-avaylab kelingan, vaqt sinovidan oʻtgan va umumeʼtirof etilgan.
Maʼnaviy mezonlarning nisbiyligi yaxshilik va yomonlikning turli jamiyatlarda turlicha tushunilishi bilan bogʻliq. Maʼlumki, XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asr boshlarida koʻpgina Gʻarb mamlakatlarida maʼnaviy buzgʻunchilik (pala-partish jinsiy munosabatlar, giyohvandlik, nikohsiz oila, ommaviy behayo kliplar, axloqsizlik, zulm va zoʻravonlikni targʻib etuvchi filmlar va boshqalar) jamiyat hayotining barcha jabhalarida yaqqol namoyon boʻla boshladi. Amerikalik yapon millatiga mansub olim F.Fukuyama “Buyuk uzilish” (2003) asarida Gʻarb ogʻir kasallikka yoʻliqqan, uning ilk alomatlari 1960-yillarda paydo boʻlgan, degan xulosaga keladi.
F.Fukuyamaning nazarida, uning asosiy alomatlari quyidagilarda namoyon boʻladi:
1. Jinoyatchilikning oʻsishi. “Jinoyatchilikning urushdan keyingi toʻlqinining koʻtarilishi taxminan 1963-yillarga toʻgʻri keladi, oʻsha vaqtdan beri u yanada shiddat bilan tezlashdi”.
2. Oila inqirozi. “Nikoh va bolalar tugʻilishi kamayib ketdi; ajralishlar soni koʻpaydi; AQSHdagi har uchta boladan bittasi nikohsiz tugʻilmoqda, butun Skandinaviyada esa tugʻilayotgan bolalarning yarmidan koʻpini nikohsiz tugʻilganlar tashkil etadi”.
3. Aholi sonining kamayishi (depopulyatsiya). Demografik portlash muammosi faqat “Uchinchi dunyo” mamlakatlariga xosdir, ayni paytda “barcha rivojlangan mamlakatlarda umuman qarama-qarshi muammo – ular aholisining qisqarishi masalasi kun tartibida turibdi”, uzoq umr koʻrish jamiyatning nafaqaxoʻrlardan iborat boʻlib qolishi va ularni taʼminlash masalasini keltirib chiqaradi.
4. Ijtimoiy tarqoqlik – shaxsning hayotdan ajralib qolgani, munosabatlarning keskinlashuvi, kishilar oʻrtasida yolgʻiz yashashga moyillik kuchayishi.
F.Fukuyama Gʻarb jamiyati duch kelgan kasallikning sabablari haqida toʻxtalib, ular oilaning inqirozga uchragani bilan bogʻliq, degan xulosaga keladi. Shuningdek, D.Vilkersonning “His etish” kitobida Gʻarb jamiyatida “axloqiy buzuqlikning kuchayishi”, kabel TVsi orqali behayo filmlarning namoyish etilishi, gomoseksualizm, sadizm va mazoxizmning targʻib qilinishi tobora keng oʻrin olayotgani taʼkidlanadi. Bularning barchasi, avvalo, yoshlarning dunyoqarashi, axloq-odobi, maʼnaviyatiga salbiy taʼsir etishi shubhasiz. Gʻarb ommaviy madaniyati, gʻarbona qarash, gʻayriaxloqiy xatti-harakatlarni targʻib etishda yirik kinokorporatsiyalar, xususan, Gollivudning ham “xizmatlari” yoʻq emas, albatta.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q