Moʻjaz quyoshcha


Saqlash
18:10 / 28.10.2021 0 1412

      Ertalab ajoyib voqea, ajoyib holat bo‘ldi, shundan kayfiyatim ham ajoyib! Buni bajonu dil sharhlab bermoqchiman.

      Maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir, sovuq... ishga borish uchun Yunusobodning 17-mavzesidan avtobusga  chiqib orqaroqdagi bo‘sh joyga o‘tirdim. O‘ringa joylasharkanman, ko‘zim avtobusning peshtoqiga o‘xshagan joyga yozilgan, ichidan chiroq bilan yoritilgan chiroyli S harfiga tushdi. U juda chiroyli edi! Yaxshilab qarasam, davomida yana harflar bor, lekin nimqorong‘ilikda ularni o‘qishim qiyin bo‘ldi. Tikilib ketyapman, boshqa hech narsa xayolimni tortmaydi. Nihoyat, S ga yondash harflarni ham angladim: Sabr!

      Nazarimda, avtobus ichida bu botiniyu zohiri go‘zal so‘z moʻjaz quyoshcha bo‘lib charaqlay boshladi. Tikilganim sayin qalbimga osoyishta, orasta nurlar taralayotgandek. Nogoh bir novcha yigit ro‘paramda turib qoldi-yu, so‘z to‘silib qoldi. Asta o‘ng, chapga og‘aman – shu’lalangan so‘zga intilaman. Nihoyat, yigit yonga surildi – quyoshli so‘z yana ko‘zimga to‘ldi.

      Tasavvurimda bu katta avtobusda ketayotganlar hayot karvonining ramziy bir yo‘lovchilariga aylandi. Hamma qandaydir niyat bilan yo‘lga chiqqan. Ularning orasida kimdir xotirjamu kimdir shoshilgan, kim borlikdan ko‘ksi balandu kim yo‘qchilikdan tashvishli, kim sog‘u kim dardmand, kim shukronadayu kim afsusda... Ammo ularning hammasiga – barchamizga, har qanday holatda, har doim yaxshilik, saodat, savoblar yo‘lini ochadigan Allohning marhamatli ne’matlaridan biri – sabr! Bizga kerak va nokerak turli buyumlar, shifobaxshligi nechog‘li tasdiqlangani noma’lum dori-darmonlar, bir-ikki oyda horijiy tilni o‘rgatib qo‘yishga kafolat berayotgan o‘quv kurslari haqidagi e’lonlar, mayli, o‘z yo‘liga. Ularga hamma birdek ehtiyojmand emasligi – tabiiy. Lekin shunday da’vat, tarbiya, nasihat, yo‘l-yo‘riqlar borki, ularni tug‘ilgandan umringning oxirigacha qancha tinglasang, qalbingga joylasang, ularga amal qilib yashasang – shuncha joiz, shuncha afzal, shuncha xayrli va shunchalar oz... Ular qatorida bo‘lgan sabr so‘zini mana bu avtobusda muruvvatli, muhabbatli, talabchan ustoz kabi  ko‘z o‘ngimizga yozib qo‘yishgani qanday xayrli ish bo‘libdi!

      Men o‘zim sabr-toqatda noqisligim sababli ko‘p pand yeganman. Lekin chiroyli sabr-toqat egasi bo‘lishni juda xohlayman. Hozir shu umid yana qalbimni orziqtirarkan, ro‘paramdagi yozuv – quyoshcha ko‘zlarimga jimir-jimir yulduzchalar kabi sochila boshladi. Uni ko‘raversang, uni sevib qolsang, qalbingga mustahkam jo bo‘lib borsa, sabr bizni muruvvatli panohiga olsa, inshaalloh.

      Birdan bu quvonchni bo‘lishgim keldi – yon-atrofimdagilarga bir-bir qarab chiqdim. Yonimdagi hamroh mening – o‘ziga yetti yot begona ayolning bunaqa hayajonlanib, jilmayib nimadir demoqchi ekanidan hayronligi nigohida aks etib turardi. Yozuvga ishora qildim: “Qarang, qanday chiroyli, qanday ibratli, qanday yaxshi!”

     Manzilimga yetib, har doimgidan boshqacha kayfiyat bilan bekatga tushdim. Nazarimda, avtobus emas, ichi nurga to‘lgan bir ma’vo asta joyidan qo‘zg‘aldi.

Muhtarama ULUGʻOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Hikmat

10:07 / 03.07.2025 0 85
Armon bobo

Bilasizmi?

16:07 / 02.07.2025 0 11
Yelib keldi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 533
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 499
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 443
Marhamat aya sog‘inchi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 225590
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 108158
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55853
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 41250
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40559
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31862
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30949
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30586
Alpomish

//