Bilasizmi?
Krititsizm (lotincha kritike – fikr, mulohaza yuritish mahorati yoki san’ati) – insonning bilish jarayonidagi faoliyati to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tashkil etilganini e’tirof etadigan ta’limot hisoblanadi. Shuningdek, bu yo‘nalish insonning bilish faoliyatini o‘zini o‘zi tanqid qilish orqali takomillashtirish lozimligini ham ko‘rsatib o‘tadigan mezonlarni ishlab chiqqani bilan ham alohida ajralib turadi.
Krititsizmning ilk fundamental asoslari va metodologiyasi nemis faylasufi I.Kantning “Sof aql tanqidi” asarida bayon etilgan. I.Kant o‘z davrida insonning bilish qobiliyatini ilmiy-falsafiy nuqtayi nazardan tahlil qilar ekan, uning bilimi qamray oladigan chegaralarni tanqidiy tadqiq etish lozimligini e’tirof etadi. Kant faoliyatida bilish jarayonini tadqiq etish bilan bog‘liq ikki davr mavjud. Ya’ni, Kant dastlabki paytda inson aqli yordamida bilish mumkin bo‘lmagan narsalarga ham erishish mumkinligiga ishongan va o‘z fikrini qat’iy asoslashga harakat qilgan. U o‘z asarlarida bilish borasida barcha qiyinchiliklarni aniq tasavvur qilib, tushkunlikka tushmasdan, maqsadga yetish mumkin ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Lekin Kant faoliyatining tanqidiy davri deb ataladigan ikkinchi davrida uning qalbida ishonch o‘rnini ishonchsizlik egallaydi. Natijada, uning bilish nazariyasida agnostisizm – bizni o‘rab olgan dunyoni to‘la-to‘kis bilish mumkinligini inkor etadigan tanqidiy fikr-mulohazalar hukmronlik qila boshlaydi.
Krititsizmning keyingi rivoji K.Popper, J. Uotkins, I.Lakatos, J.Agassi, X.Albert va P.Feyerabend, U.Bartli qarashlarida davom ettirilgan. Shuningdek, krititsizm g‘oyalarini asos qilib olgan oqimlar tanqidiy ratsionalizm, Frankfurt maktabi, tanqidiy realizm kabi yo‘nalishlarga oid turli konseptual yondashuvlarni ishlab chiqqan. Lekin bu ta’limotlar keyinchalik keskin tanqidga uchragan. Jumladan, Kant qarashlarida ko‘pgina tushunchalar metafizik ma’noda aks ettirilgan bo‘lsa, Frankfurt maktabi vakillari ta’limoti burjua jamiyatini marksistik g‘oyalar asosida tanqid qilishga asoslangan edi. Shuningdek, tanqidiy ratsionalizm ilmiy bilish jarayoni va falsafiy tafakkurning ratsional mag‘zini tanqid qilishga asoslangani bilan alohida ajralib turgan.
1930 yildan boshlab krititsizm neopozitivizmni tanqid qilish va fan tarixining tadrijiy rivojlanish bosqichlarini o‘rganish asosida yangi bosqichga olib chiqilgan. Bunda M.Polani, T.Kun, S.Tulmin kabi faylasuflarning konsepsiyalari muhim o‘rin tutadi. Krititsizmning asosiy tamoyillari falsafa va fan taraqqiyotiga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatib qolmasdan, ko‘pgina yangi ilmiy g‘oyalar, gipotezalar, paradigmalarning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Natijada bunday yondashuvlarning amaliyotda aks ettirilishiga chek qo‘yilgan yoki kechroq o‘z tasdig‘ini topishiga olib kelgan. Masalan, hozirgi vaqtda yangi paradigma sifatida e’tirof etilayotgan sinergetika yo‘nalishi doirasida olib borilayotgan ilmiy bahs-munozaralarda bu ta’limot, ya’ni sinergetikaga “soxta fan” yoki “soxta g‘oya” degan yondashuvlar ham ilgari surilmoqda. Bu esa krititsizmning dogmalashib borayotgani natijasidir. Krititsizmni jamiyatdagi mafkuraviy o‘zgarishlarga bo‘lgan munosabatlarda ham ko‘rish mumkin. Jumladan, mustamlakachilik siyosatidan qutulgan yosh mustaqil davlatlarda yangicha munosabatning shakllanishi murakkab kechishi tufayli jamiyatning ba’zi qatlamlari orasida eski tuzumni qo‘msaydiganlar amalga oshirilayotgan islohotlarni asossiz tanqid qilishga urinadi. Bunday holat, o‘z navbatida, ma’naviy islohotlarni olib borishda turli murakkabliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham tafakkurdagi bunday qoliplarga qarshi kurashda milliy g‘oyaning ulkan bunyodkorlik salohiyati va imkoniyatlariga tayanish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q