Onamni asragan qoqioʻt


Saqlash
14:03 / 30.03.2023 0 429

Bahor fasllar kelinchagi boʻlsa, qoqioʻt bahor darakchisi hisoblanadi. Bu shifobaxsh oʻsimlik togʻ, qir-adirlar-ku mayli, yoʻl va ariq boʻyida ham oʻsaveradi. Enam uni «Hayot qoʻshigʻi» der edilar. Esimda, 7 sinfda oʻqirdim. Enam bir kuni «Qoqioʻt terib kel» dedilar. «Xoʻp boʻladi» dedim-u, yugurib dalaga chiqib ketdim. Qoʻylarni dalada oʻtlatib, tengqur bolalar bilan rosa futbol oʻynadik. Enamning aytganlari esimdan chiqmadi, yoʻl-yoʻlakay qoqioʻt ham terdim. Dalada nima koʻp, qoqioʻt koʻp, terganim bir dasta boʻldi. Bir qismini gulchambar qilib, tut daraxtining shoxiga terib chiqdim. Qolganini oʻrab-chirmab bogʻladim. Shu bogʻlamni darvoza oldiga qoʻydim. Darvoza qir-adirda nima boʻladi? Ikkita toshda! Shu toshlarning yoniga boyagi qoqioʻtlarni qoʻydim. Oʻyinga qiziqib, rosa koptok tepibmiz, tepaveribmiz... Bir mahal maktabga borish kerakligi esga tushib qoldi. «Hamma uy-uyiga, kapa toʻyiga», joʻraboshining ushbu soʻzidan keyin hovliga chopdik. Qoqioʻt dastasini mahkam ushlab yugurib boryapman. Tushirib yubormaslikka urinsam ham, bir-ikkisi qoʻlimdan tushib, dumalab ketadi. Ohori toʻkilgan qoqioʻtlarning yuza qismi soʻlib qolgandi. Poyasi singanlaridan esa sut tomchilardi. Sutini shimsa shoʻrtak boʻladi. Shimiladi-tuflanadi. Hovliga kirdim-da, «Ena, aytganingizni olib keldim», deya qoqi oʻtlarlarni qoʻliga tutqazdim.

 

– Eh, bolajonim-a! deya qoqioʻtni koʻzlariga surtarkan, «Omonlik-somonlik, koʻrmaylik yomonlik», dedilar. Enam yana bir nimalarni pichirladilar-u, eshita olmadim. Soʻng qoqioʻtdan bitta kichkinasini oldilarda, qatiq turgan kosaga toʻgʻrab soldilar. – Olam-jahon olib kelibsan. Ma, mana bularni (ohori toʻkilgan qoqioʻtlar) qoʻylarga ber. Qoqini isrof qilmanglar, bolalarim... «Isrof qilmanglar...» Bu soʻz enamning koʻzidagi mung, hasrat, oʻkinch... olam-olam dard bilan qorishib ketganga oʻxshardi. Men hali bularni tushunmasdim. Ammo ularning gapini ikki qilmay, gullarni qoʻylarga olib borib berdim. Ochofatlar darrov yeb tashladi.

 

Keyin-keyin enamning gaplaridan ilgʻab olganmanki, ularning yoshligi qahatchilikka toʻgʻri kelgan ekan. Qoqioʻt ochlikdan qiynalgan koʻplab insonlarning hayotini saqlab qolganini, qish faslidan eson-omon chiqqach, baʼzi odamlar momaqaymoqdan, bahorning boshqa oʻsimliklaridan toʻyib-toʻyib yeyishganini, dorilamon kunlarga yetkazganiga shukrona aytishganini gapirardi enam. Bir kuni gapdan-gap chiqib aytib qoldilar:

 

– Qatiqqa qoqioʻt solib, toʻqalab yeb kun koʻrganmiz, bolam. Biz koʻrgan kunlarni koʻrmanglar. Bu oʻtning ildizidan mevasigacha foydali boʻladi. Qoqioʻt – hayot qoʻshigʻi! Shu oʻt chiqdimi, tiriklik qaytadi. Oʻlim chekinadi. Jon bolalarim, qoqioʻtni bosmanglar – joni ogʻriydi...

 

Bugun atrofimizda boʻy koʻrsatayotgan qoqioʻtlarni koʻrib, enam bilan bogʻliq voqealarni xotirladim. Koʻklamoyim tuhfa etgan qoqioʻt-momaqaymoq quvvatimizni oshirib, hammaga qaymogʻidan ilinaversin. Bolajonlar huv ana, momaqaymoqning toʻzgʻoqlarini puflab, uchirib oʻynamoqda. Ular qoqioʻtni uzganda, poyasidan sut yoki qaymoqqa oʻxshash suyuqlikni chiqarib shimganida bolalikka qaytgim keladi. «Qoqioʻt – hayot qoʻshigʻi!» U doim baralla yangrayversin...

 

Abdurazzoq SHAYMARDANOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

16:24 / 26.05.2023 0 185
Daosizm

Qomus

16:09 / 26.05.2023 0 137
Davlat tili

Qomus

15:53 / 26.05.2023 0 129
Davlat gimni

Qomus

15:43 / 26.05.2023 0 95
Davlat gerbi

Qomus

15:35 / 26.05.2023 0 68
Davlat bayrogʻi

Qomus

14:41 / 26.05.2023 0 68
Giyohvandlik



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:36 / 07.12.2021 103 178668
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:05 / 02.12.2021 50 80453
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:57 / 29.12.2021 3 7461
Kompetentlik

Qomus

10:58 / 28.12.2021 4 7092
Manqurt(lik)

Bilasizmi?

11:46 / 11.10.2021 1 4862
Kashtachilik san’ati tarixi haqida bilasizmi?

Bilasizmi?

11:54 / 08.11.2021 1 4030
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya

Hikmat

10:22 / 21.10.2021 0 3875
Til – dil kaliti