Fanatizm


Saqlash
15:03 / 24.03.2023 0 5833

Fanatizm (lotincha fanaticus) – muayyan g‘oya, e’tiqodga ko‘r-ko‘rona va kuchli ishonishni anglatuvchi tushuncha. Turli davrlarda johillik, ashaddiy xurofotchilik, mutaassiblik, jazavakorlik, darg‘azablik, telba-teskari ish tutish ma’nosida qo‘llangan.

 

Umuman, fanatizmning quyidagi shakllarini ko‘rsatib o‘tish mumkin:

1) iste’molchilik fanatizmi, ya’ni muayyan moddiy ma’naviy ne’matlarni o‘zlashtirishga kuchli moyillik;

2) diniy fanatizm – diniy fundamentalizm va ekstremizmning radikal shakli;

3) siyosiy-g‘oyaviy fanatizm;

4) etnik, milliy va irqiy fanatizm.

 

Diniy-falsafiy, milliy va siyosiy jabhalarda fanatizm ko‘proq uchraydi. Fanatizm bu – ideal deb olingan predmetga nisbatan zavqshavq, kuchli ishtiyoq bilan talpinish hamda unga nisbatan tanqidiy munosabatning mutlaqo yo‘qligi bilan xarakterlanadi. U.Cherchil iborasi bilan aytganda, “fanatik shunday insonki, u predmetni ham, o‘z fikrini ham o‘zgartirmaydi”. Fanatizmga berilgan inson turli mohiyatga ega bo‘lgan qarama-qarshi ikki yo‘ldan birini tanlab o‘tirmaydi, u faqatgina o‘zining ma’lum bir e’tiqodini himoya kiladi, xolos. Unga mos kelmaydigan barcha qarash va g‘oyalar fanatizm nazarida Yaratganga nisbatan shakkoklik, ma’naviyatga, inson qadr qimmati va adolat tamoyiliga zid, deya talqin etiladi. O‘z e’tiqodiga ko‘r-ko‘rona ishonadigan fanatik shaxs qarashlarining to‘g‘ri-noto‘g‘riligi, asoslangan-asoslanmagani haqida o‘ylab o‘tirmaydi, uning uchun qurbon bo‘lishga shay turadi, o‘zgalar fikrini e’tiborga olmaydi. Bundan tashqari, g‘oyasi yo‘lida to‘g‘anoq bo‘ladigan axloqiy me’yorlarni inkor etadi, ularni bid’at deya e’lon qiladi.

 

O‘z g‘oyasiga erishish yo‘lida hech qanday to‘siqlardan qo‘rqmaydi. Fanatizm tushunchasining o‘zidayoq uning torligi, cheklangani, mutaassiblik yaqqol namoyon bo‘ladi. Amaliyotda o‘zini fanatik-mutaassib deb atagan kishilarni uchratish qiyin, ammo ularning aksariyati e’tiqodiga zid qarashlarini ilgari surayotgan kishilarga shunday tamg‘a qo‘yadi. Masalan, nasroniylar nazarida o‘z diniga e’tiqodli bo‘lgan majusiylar o‘taketgan mutaassib hisoblangan. Shu bilan birga, nasroniylarning o‘zi ham Rim hukmdorlari tomonidan mutaassiblikda ayblangan. Yoki muqaddas inkvizisiya mutaassiblikda barcha tashkilotlarni ortda qoldirib ketgan bo‘lsa-da, nasroniy aqidalarga zid g‘oyalarni ilgari surganlarga bid’atchi degan tamg‘a qo‘yib, shafqatsiz jazoga mahkum etgan. Fanatizm diniy sohadan tashqari, siyosiy jabhada ham keng tarqalgan. Masalan, fransuz inqilobi davrida siyosiy partiyadan ko‘ra ko‘proq o‘ziga xos siyosiy mazhabga o‘xshab ketadigan yakobinchilar siyosiy mutaassiblikka yorqin misol bo‘la oladi. Fanatizmning xatarli jihati shundaki, unga yo‘liqqan odamlar yoki ularning guruhlari jamiyatda beqarorlik to‘lqinini keltirib chiqarishga qodir bo‘ladi. Ommaviylik unsuri esa muayyan bir xatti-harakatlar uchun shaxsiy javobgarlik hissini yo‘qotib yuboradi, harakatga ommaviy tus beradi. O‘zining shak-shubhasiz haqligiga, haqiqatni faqat o‘zi bilishiga ishonch hissi so‘nggi choralarga – zo‘ravonlik harakatlariga moyilligi bilan ajralib turadigan diniy ekstremizmning paydo bo‘lishiga olib keladi.

 

Bugungi kunda dunyoning ko‘pgina mintaqalarida ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan, qanchadan-qancha begunoh kishilarning hayotiga zomin bo‘layotgan o‘taketgan mutaassiblarning ekstremistik xatti-harakati tobora xatarli tus olayotgani barcha davlatlarning bu illatga qarshi birgalikda kurash olib borishi, kishilarning madaniy darajasini yuksaltirish, shaxsga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirish borasida sa’y-harakatlarini birlashtirishni taqozo etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 1262
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 241
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 258
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 198
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 216
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 223191
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106769
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 48836
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 37037
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 35440
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29647
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28556
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 28485
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//