Quyon kelmoqda, yo‘lbarsni quvib... – muchal hisobi qanday paydo bo‘lgan?


Saqlash
19:03 / 20.03.2023 0 5563

Ajdodlarimiz bir necha ming yillardan buyon 21-mart – bahorgi tengkunlikda Yilboshi (Navro‘z) bayramini nishonlab kelishadi. Turkiylarning o‘n ikki hayvon nomi bilan ataladigan taqvimi ham ushbu sanada yangilanadi. Ayni kunlarda yo‘lbars yili adog‘iga yetib, quyon yili yaqinlashmoqda. Mahmud Koshg‘ariy o‘n asr ilgari “Devonu lug‘otit turk” asarida muchal hisobi bo‘yicha ham qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan:

 

“Bars – turkcha o‘n ikki muchal yillaridan birining nomi. Turklar o‘n ikki xil hayvon ismini o‘n ikki yilga ot qo‘yganlar. Tug‘ilish, jang tarixlari va boshqalarni ana shu yillar aylanishidan hisoblaydilar. Buning kelib chiqishi shunday: turk hoqonlaridan biri o‘zidan bir necha yil oldin bo‘lib o‘tgan urushni o‘rganmoqchi bo‘lgan, shunda u urush bo‘lib o‘tgan yilni aniqlashda yanglishganlar. Bu masala yuzasidan [hoqon] qavmi bilan kengashdi va aytdi: Biz bu tarixni (aniqlashda) qanchalik yanglishgan bo‘lsak, bizdan keyin ham shunday yanglishadilar. Shunday bo‘lgach, biz endi o‘n ikki oy va osmondagi o‘n ikki burjga asoslanib, o‘n ikki yilga ot qo‘yishimiz kerak, toki bizdan keyin yil hisobi shu yillarning aylanishiga qarab olinsin va bu narsa abadiy bir yodgorlik bo‘lib qolsin. Ular “Aytganingizdek bo‘lsin, deyishdi.

 

Hoqon ovga chiqdi va odamlarga vahshiy hayvonlarni Ila daryosi tomon quvishni buyurdi, bu juda katta suv. Odamlar ov qilib hayvonlarni suv tomon hayday boshladilar, shunda o‘n ikki hayvon suvdan o‘tdi. O‘n ikki yilni ana shu o‘n ikki hayvon ismi bilan atadilar. Eng oldin suvdan o‘tgan hayvon sichqon bo‘ldi. Shuning uchun yil boshi uning nomi bilan ataldi, shu so‘zga yil qo‘shib sichqon yili deb atadilar. Undan keyin o‘tganlari quyidagi tartibda bo‘ldi va ularning har biri bir yil uchun ism bo‘lib qoldi:

 

Ud (sigir) yili,

Bars yili,

Tavushg‘an (quyon) yili,

Nek (timsoh) yili,

(Y)ilon yili,

Yund (ot) yili,

Qo‘y yili,

Bijing (maymun) yili,

Taqag‘u (tovuq) yili,

It yili,

To‘ng‘iz yili.

 

To‘ng‘izga yetgandan keyin hisob yana sichqondan boshlanadi. Bu kitobni yozgan yilimiz to‘rt yuz oltmish oltinchi (466) yilning muharram oyida ilon yili kirgan edi. Bu yil o‘tib, to‘rt yuz oltmish yettinchi yil kelsa, ot yili kiradi. Yil hisobi mana shu men ko‘rsatgan tartibda olib boriladi. Turklar bu yillarning har qaysisida biror hikmat bor deb taxminlaydilar: masalan, ularcha sigir yili bo‘lsa urush ko‘p bo‘ladi, chunki sigir bir-biri bilan suzishadigan hayvon. Tovuq yili kirsa, oziq-ovqat ko‘payadi, lekin odamlarda tashvish ortadi. Chunki tovuqning ovqati don bo‘lib, uni topib yeyish uchun narsalarni titib yuradi. Timsoh yili kirsa, yog‘ingarchilik va hosil ko‘p bo‘ladi, chunki u suvda yashaydi. To‘ng‘iz yili kirsa, sovuq qor va fitna ko‘p bo‘ladi. Shunga o‘xshash, har yilga biror taxmin yuritadilar.

 

Turklarda haftadagi yetti kunning ismi yo‘q, chunki hafta islomdan so‘ng shuhratlandi. Shunga o‘xshash oy ismlari ham shaharlarda arabcha yuritiladi. Ko‘chmanchi va musulmon bo‘lmagan turklar oylarni to‘rt fasl bilan ataydilar. Har uch oyni bir ism bilan yuritadilar. Yil o‘tishini shunday biladilar. Masalan, navro‘z (yangi kun)dan keyingi avval bahorga o‘g‘laq, so‘ngra ulug‘ o‘g‘laq derlar. Chunki oy bu vaqtda katta bo‘lib qoladi. Bundan keyingisiga ulug‘ oy deyiladi. Chunki bu oy yozning o‘rtasida bo‘lib, bu vaqtda sut va yer ne’matlari mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Bu ismlar kam qo‘llangani uchun hammasini aytishni munosib ko‘rmadik. O‘zing tushin” (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk. I tom. – Toshkent: 1960. – B. 330–332).

 

Markaziy Osiyoning tabiiy sharoiti muchal hisobini yaratishga sabab bo‘lgan. Turmush tarzi chorvachilik va dehqonchilik bilan bog‘liqligi uchun ushbu sohalarning istiqbolini belgilash, keskin kontinental iqlim sharoitida uzoq muddatli obi-havo prognozlarini ishlab chiqish zarurati bunda asosiy omil bo‘lgan.

 

Inson borliqning bir bo‘lagi, tabiatdagi o‘zgarishlar bizga ta’sir etmay qolmaydi. Shunday ekan, “falon yil unday keladi, piston yil bunday keladi” kabi bashoratnamo gaplar aslida uzoq kuzatuvlar xulosasi, ilmiy prognozlardir. Bashoratlar aynan yil sohibi bo‘lmish hayvonning muhim xislati bilan bog‘liq ekani esa muchal yillarini nomlashda yetmish o‘lchab, bir kesilganidan darak. Mazkur irimlar aslo folbinlik emas, balki xalqning asriy tajribalarini o‘zida mujassamlashtirgan falsafiy tafakkuri mahsulidir.

 

Farrux JABBOROV,

O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va

folklori instituti tadqiqotchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:03 / 14.03.2024 0 208
Hushyorlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 245
Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 231
Hurfikrlik

Qomus

11:03 / 14.03.2024 0 232
Hurmat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 141 202581
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 94388
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 3 20383
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 0 14720
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 4 13399
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 7 12949
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 11101
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11052
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya