Bilasizmi?
Bahorgi ta’til bolalarning qahraton qishdan keyingi maroqli dam olishi uchun muhim. Biroq har yili Navro‘z yaqinlashar ekan, ko‘p ota-onalarda tashvishli savol tug‘iladi: farzandlari ta’til kunlarini yaxshi o‘tkazishi uchun nimalar qilish mumkin? Oyina.uz muxbiri shu savol bilan psixolog Nilufar RASULOVAga murojaat etdi.
– Albatta, eng yaxshi usul bu – shahar tashqarisi yoki boshqa davlatlarga oilaviy sayohat uyushtirish. Ammo boshi xizmat vazifalaridan chiqmaydigan ota-onalar uchun bunday sayohatlar deyarli imkonsiz. Shunday ekan, ushbu muammoni hal qilishning boshqa usullarini ko‘rib chiqqan ma’qul.
Kuni bo‘yi ishda bo‘lsangiz va bolalaringiz uyda yolg‘iz qolishiga to‘g‘ri kelsa, kunni telefon yoki kompyuter qarshisida sarflamasligi, uyni boshiga ko‘tarib sakramasligi uchun, ularni foydali va qiziqarli mashg‘ulotlar bilan band qiling.
Avvalo, bolaning o‘zidan nima qilishni xohlashini so‘rang va uning istaklarini inobatga oling. Bo‘sh vaqtida uy ishlariga jalb etish ham ortiqcha bo‘lmaydi. Kun davomida qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ro‘yxatini tuzing va uni devorga ilib qo‘ying. Masalan, gullarga suv quyish, changni artish, xonani yig‘ishtirish degandek... Faqat hammasi me’yor bilan, bolaga ortiqcha vazifalar yuklamang.
Ta’tilning birinchi kunidanoq dars qilishga undamaganingiz ma’qul, bu vazifani ta’tilning so‘ngi kunlariga qoldiring.
O‘smir farzandingizga do‘stlarini uyga olib kelishiga yoki ular bilan sayrga chiqishiga ruxsat bering. Bugungi bolalar muloqot uchun internetdan foydalanishadi, shu sababdan bunday jonli aloqa ularga juda foydali bo‘ladi. Ammo xavfsizlik qoidalari haqida eslatib qo‘ying: ruxsatsiz ko‘chaga chiqmaslik, yo‘l harakati qoidalari va yong‘in xavfsizligi, temir yo‘l yoki suv havzalariga, tashlandiq binolarga, ovloq joylarga bormaslik kerakligini uqtiring.
Dam olish kunlaringizni albatta farzandingiz bilan o‘tkazing! Uy ishlarini bir chetga surib, birga mashg‘ulotlar bajaring, o‘yinlar o‘ynang. Axir ta’til ota-onalarga bolalari bilan muloqot qilish uchun qulay vaqt.
Bahor – tabiat qo‘ynida sayr qilish uchun juda bop fasl. Farzandingizning kun bo‘yi uyda o‘tirishiga yo‘l qo‘ymang. Hayvonot bog‘iga sayohat, turli istirohat bog‘lari va attraksionlar bolalarga qiziqarli bo‘lishi aniq. Ob-havo imkon bersa, toza havoda jismoniy faollik salomatlikni mustahkamlaydi, hayotsevarlikni oshirishga yordam beradi.
Bolalar uchun mo‘ljallangan velosiped, skuter, rolikli konkida uchish ham zavqli mashg‘ulotlar sirasiga kiradi. Ammo qo‘shimcha himoya (dubulg‘a, tirsak va tizza yostig‘i) haqida unutmang.
Maktab ta’tillari payti ishdan chalg‘ib, o‘zingizni oilangizga bag‘ishlashingiz, farzandlaringizga bir olam quvonch baxsh etishi bilan birga, bolalik xotiralaringizni uyg‘otib o‘zingizga ham quvvat va tetiklik berishi shubhasiz.
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q