Bir kuni...
«Ilik uzildi» mahali kelishi bilan kishilar tanasida, kayfiyatida oʻzgarish roʻy bera boshlaydi: koʻpchilik uyquchanlik va holsizlikdan shikoyat qilsa, baʼzilar quyoshli kunlarda burun qonashi, allergiya, depressiya va boshqa kasalliklar haqida gapiradi. Ayrimlarda esa buning teskarisi yuz beradi: ular oʻzlarini yaxshi his qiladi, quvvati va kayfiyati koʻtariladi. Xoʻsh, buning sababi nimada, bahor payti odam organizmi bilan nimalar sodir boʻladi?
Koʻtarinki kayfiyat
Bahor ayrim insonlarning kayfiyati va energiyasiga ijobiy taʼsir qiladi. Buning ortida nima borligi hozircha nomaʼlum, ammo koʻplab olimlar melatonin nazariyasini tasdiqlashadi. Maʼlumki, gipotalamusda joylashgan supraxiazmatik yadro biologik soatni kuzatishga javobgar. U toʻrparda orqali kunning uzunligi haqida maʼlumotni kuzatib boradi va uni gʻuddasimon bezga uzatadi. Ushbu kichik bez miya markazida joylashgan boʻlib, u «uyqu gormoni» melatonin sekretsiyasi uchun javob beradi. Melatonin faqat zulmatda va xira yorugʻlikda ishlab chiqariladi, yaʼni kunduzgi vaqtning uzayishi uning kam miqdorda ajratilishiga olib keladi. Olimlar shu sabab molatonin kam ishlab chiqarilishi kayfiyat va quvvatning ortishiga olib keladi, degan fikrni ilgari surishadi.
Tana kasalliklarining kuchayishi
Internet tarmogʻi tabobatga doir turli-tuman manbalarga toʻla. Siz ularda gipertoniya, infeksiyalar, ayrim teri kasalliklari, astma va allergiya koʻpincha bahorda oʻzini namoyon qiladi, degan maʼlumotlarni oʻqishingiz mumkin. Tadqiqotlarga koʻra, qon bosimi qishda yuqoriroq, bahor va yozda esa pastroq boʻladi. Buning harorat oʻzgarishi va iqlim xususiyatlariga bogʻliqlik tarafi yoʻq. Infeksiyalar ham, genomni oʻrganish natijasida aniqlandiki, sovuqni afzal koʻradi. Sovuq mavsumda husnbuzar va toshbaqa kasalligi (psoriaz) ning kuchayishining sababi ham shu boʻlishi mumkin.
Bahorning yana bir jiddiy muammolaridan biri – allergiya. Ayniqsa, astma bilan kasallangan bemorlar bahor payti juda qiynaladi. Bahorgi allergiyaning asosiy sababi – havo tarkibi chang va gulchangi bilan ifloslanishi. Bunday holatlarda allergiya va astma kuchayishini oldini olish uchun dori-darmonlar qabul qilishni oldinroq boshlashingiz tavsiya etiladi. Ayrim sogʻliqni saqlash tashkilotlari ushbu mavsumiy muammoni bino va inshootlar ichini muntazam nam latta bilan tozalash, yopiq derazalar va oʻta noqulay sharoitlarda respiratorlardan foydalanishni oʻz ichiga olgan mavsumiy ehtiyot choralarini koʻrish bilan bartaraf etishni tavsiya qiladi.
Psixik buzilishlarning kuchayishi
Odamlar atrofdagilarning kayfiyatiga nisbatan «bahor taʼsir qilibdi», deganda aynan quyidagi narsani nazarda tutgan boʻladilar. Mavsumiy affektiv buzilish (MAB) – bu faqat yilning maʼlum vaqtlarida sodir boʻladigan kayfiyat buzilishi. MAB odatda kuz va qishda rivojlanadi, ammo quyoshli kunlarda uning simptomlari deyarli koʻrinmaydi. Biroq MABdagi depressiya faqat bahorda yoki yozning boshida sodir boʻladigan holatlar ham mavjud. Umuman olganda, koʻp miqdorda quyosh nurlari ostida sayr qilish depressiya alomatlarini kamaytiradi, bu hatto mavsumga butunlay aloqasiz muammolar bilan bogʻliq boʻlsa-da. Xullas, fasli bahor – antidepressantlar qabulini toʻxtatish uchun eng zoʻr palla.
Bahorgi avitaminoz
Avitaminoz, yaʼni vitamin yetishmovchiligi degan tashxis shifokorlar tilida koʻp uchraydi. Bu jumla aslida biroz notoʻgʻri qoʻllaniladi, gap shundaki, avitaminoz bir yoki bir necha vitamin yoki moddaning inson tanasida butunlay yetishmasligini ifodalaydi. Bunda fasl almashinuvining hech qanday aloqasi yoʻq. Haqiqiy avitaminoz letargiya va uyquchanlik bilan emas, balki bundanda dahshatli alomatlar bilan namoyon boʻladi. Masalan, singa – S vitaminining haddan ortiq tanqisligi kasalligi butun tananing zirqirab ogʻrishi, milklarning qonashi va tishlarning tushishiga olib keladi. Biroq hozirga kelib bu kasallik odamlar orasida juda kam uchraydi.
Tarkibida turfa vitaminlar boʻlgan oʻsimliklardan iborat sogʻlom oziq-ovqat isteʼmol qiluvchi odamda vitamin yetishmovchiligi boʻlishi absurd. Ushbu vitaminlarni nafaqat barra, balki muzlatilgan sabzavot va mevalar orqali ham toʻldirish mumkin. Muzlatilgan oʻsimliklar ozuqa moddalari tarkibi past boʻlmaydi, baʼzan esa barralariga nisbatan yuqori boʻlishi mumkin, umuman olganda, unchalik katta farq sezilmaydi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, kattalar kuniga kamida 400 g sabzavot va meva isteʼmol qilishi kerak. Ushbu miqdorni 5 ta porsiyaga boʻlgan maʼqulroq. Bundan tashqari ratsioningizni turli rangdagi sabzavot va mevalardan tuzishga harakat qiling (misol uchun, olma, lavlagi, banan, baqlajon, ismaloq), shunda maksimal darajada vitaminga toʻyinasiz.
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q