Bilasizmi?
Demokratiya (yunoncha demos – xalq va kratos – hokimiyat) –
1) fuqarolar erkinligi va tengligi tamoyili asosida Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan xalq hokimiyatining shakli;
2) amalda o‘rnatilgan va yuzaga chiqarilgan erkin, adolatli jamiyat va davlatni anglatuvchi siyosiy tushuncha.
Tarixiy taraqqiyot jarayonida “demokratiya” tushunchasi shaklan va mazmunan boyib, takomillashib kelgan. Bu jarayon bugungi kunda ham davom etmoqda. Zero, demokratiya eng rivojlangan davlatlarda ham yuqori takomil nuqtasiga, ideal darajasiga yetgani yo‘q. Chunki demokratiya bosqichma-bosqich rivojlanadigan jarayon bo‘lib, har bir millat va jamiyat, har bir davrda uni tushunish, talqin etish va amaliyotda qo‘llashda o‘ziga xos xususiyatlar namoyon bo‘ladi. Bu o‘ziga xoslik xalqning bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, milliy mentaliteti, an’analari, amaldagi ijtimoiy munosabatlarning xarakteri kabi omillar bilan belgilanadi. Demokratiya xarakterini belgilovchi umumiy mezonlar ham bor. Bu demokratiya tamoyillariga rioya qilinishi, demokratik qonunlarning mavjudligi va ular asosidagi demokratik institutlar faoliyati bilan bog‘liqdir.
Demokratiya, mohiyatan, insonning har tomonlama kamol topishi uchun berilgan imkoniyat, shaxs bilan jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlovchi omildir. Ayni paytda demokratiya qabul qilingan qonunlar, amaldagi tartib-qoidalar yordamida shaxs hayoti va faoliyatini tartibga soluvchi mexanizm hamdir. Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda demokratiya jamiyatning yashash tarziga aylanib qolgan. Odatda, vakillik demokratiyasi va bevosita demokratiya bir-biridan farqlanadi. Vakillik demokratiyasida fuqarolar qonunchilik, ijroiya va boshqa funksiyalarni bajaruvchi organlarni saylaydi, ammo bu funksiyalarni amalga oshirishda bevosita ishtirok etmaydi. Bevosita demokratiya shaklida esa fuqarolar turli masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari hal qilish huquqiga ega bo‘ladi. Saylovlar bevosita demokratiyani yaqqol namoyon etuvchi muhim siyosiy tadbir sanaladi. Demokratiya asosida qiziqish, intilish manfaatlarni muvofiqlashtirish, murosaga keltirish va kelishish siyosati yotadi. Shu ma’noda, demokratiya jamiyatdagi kuchlarni birlashtirishga, uni mamlakat taraqqiyoti uchun safarbar qilishga xizmat qiladi. Demokratiya insoniyat bugungi kungacha qo‘llab kelgan, ijtimoiy muammolarni hal etishning eng oqilona yo‘li sifatida e’tirof etilgan. Tarixiy jihatdan demokratiyaning boshlanish nuqtasi ham, tutash nuqtasi ham yo‘q. Kishilik jamiyati paydo bo‘lganidanoq, demokratiya kurtaklari paydo bo‘lgan, hatto, eng taraqqiy etgan mamlakatlarda ham u o‘zining ideal darajasiga yetgani yo‘q. Demokratiyani bo‘g‘ish, unga raxna solish mumkin, lekin butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi. Har qanday davrning, har qanday jamiyatning va har qanday xalqning o‘ziga xos demokratiyasi bo‘ladi. Ya’ni, demokratik tamoyillarni belgilashda jamiyatning obyektiv va subyektiv shart-sharoitlari asosida shakllangan, xalqning, millatning ijtimoiy ongi va psixologiyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Demak, demokratiya insoniyatning madaniyati, ma’naviyati, ijtimoiy ongi, mentaliteti, idroki, bilim doirasi, ishbilarmonlik qobiliyati, uning jamiyatda erkin yashash va mehnat qilish ko‘nikmasi bilan birgalikda shakllanib, rivojlanib boradigan tabiiy-tarixiy jarayondir.
Demokratiyaning muhim xususiyati shundaki, unda xalq hokimiyati, ya’ni ozchilikning ko‘pchilikka bo‘ysunish tamoyili rasman e’lon qilinadi hamda fuqarolarning erkinligi va teng huquqliligi e’tirof etiladi. Bu shartlar jamiyat hamda uning a’zolari hayotining asosiy qonuni – muayyan davlatning Konstitutsiyasida aks ettiriladi. Demokratiyaning asosiy tamoyillari teng huquqlilik, erkin va demokratik saylovlar, hurfikrlilik, siyosiy plyuralizm, ko‘ppartiyaviylik, hokimiyatning saylab qo‘yilishi va xalq oldida hisobdorligi, ozchilikning ko‘pchilikka bo‘ysunishi, ozchilik fikrining inobatga olinishi. Demokratiya insonning xuddi shunday har tomonlama barkamol rivojlanishi uchun berilgan imkondir. Shu bilan birgalikda, demokratiya sharoitida har bir shaxsning shakllanishiga o‘ziga xos “chegara” ham qo‘yiladi, ya’ni Konstitutsiyaga oid qoidalar va qonunlar orqali shaxslarning ijtimoiy hayoti va xatti-harakatlari tartibga solinadi. Bundan tashqari, demokratiya jamiyatning axloqiy-psixologik iqlimini vujudga keltiradigan shart-sharoitlarni ham yaratadi. Mustaqillik O‘zbekistonda demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurish imkonini yaratdi. Bugungi kunda jamiyat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash va liberallashtirish bilan bog‘liq tub o‘zgarishlar va islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonning faol ishtirokchisi bo‘lish barchamizning insoniy burchimizdir.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q