Jamiyat
Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov oʻz oila aʼzolariga tegishli telekanalga davlat buyurtmalarini bergani yuzasidan prokuratura tomonidan maʼmuriy ish ochildi. U 8,1 mln soʻmgacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqida Kun.uz nashri xabar bermoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan hujjatlar Bosh prokuratura tomonidan oʻrganib chiqilib, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan.
Maʼmuriy ish belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun 25-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha sudga yuborilgan. Bu haqida bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uzʻga maʼlum qilgan.
Bosh prokuratura rasmiysi Abduxoliqovga MJtKning aynan qaysi moddasi qoʻllanganini ochiqlamagan.
Nashr bu borada aniqlik kiritish uchun Oliy sud va Toshkent shahar sudi matbuot xizmatlari bilan bogʻlana olmagan.
Mazkur holatda Abduxoliqovga nisbatan MJtKning 175-8-moddasi (Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan boʻlishi mumkin.
Mazkur moddaning 4-qismiga koʻra, davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik va manfaatlar toʻqnashuvi haqida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (5,4 milliondan 8,1 million soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqalgani bois AOKA tekshiruv ishlarini boshlangan edi.
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tengligini taʼminlash boʻyicha komissiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” serialini keskin tanqid qilgan. Telekanal rahbari Amira Rashidova esa serial boʻyicha izoh bergandi. Tanqidlarga javoban Firdavs Abduxoliqov ushbu serial haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayozligini gapirgan, mazkur voqealar sabab telekanal bosh direktori va bosh muharriri ishdan olindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kinematografiya agentligi subsidiya mablagʻlarini taqsimlashda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyganini aniqladi.
Bundan tashqari, bugun Firdavs Abduxoliqov oʻz xohishiga koʻra, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining raisi lavozimidan ozod etildi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q