Ko’ksaroyda Farrux Zokirovning 80 yilligi nishonlandi

Saqlash
21:34 / 15.04.2026 40 0

Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida milliy estrada san’ati namoyandasi Farrux Zokirovning 80 yillik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at vakillari, ijodkor ziyolilar hamda Yalla ansambli a’zolari ishtirok etdi.

 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, san’atkorni qutlab, uning milliy estrada rivojiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.

 

Ta’kidlanishicha, Zokirovlar sulolasi o‘zbek musiqa san’atiga beqiyos hissa qo‘shgan. Xususan, Karim Zokirov asos solgan maktab va Botir Zokirovning boy merosi milliy madaniyatimizning muhim qismi hisoblanadi.

 

 

Bugungi kunda Farrux Zokirov boshchiligidagi Yalla ansambli 55 yildan buyon faoliyat yuritib, nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyo sahnalarida ham muvaffaqiyat qozonib kelmoqda.

 

Ansambl repertuarida 400 dan ortiq qo‘shiqlar mavjud bo‘lib, ular orasida “Yallama yorim”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Handalak”, “Majnuntol”, “Kelibdi” kabi asarlar xalq orasida keng ommalashgan.

 

 

Shuningdek, san’atkorning xalqaro miqyosdagi e’tirofi ham alohida qayd etildi. U O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya kabi hududlarning ham xalq artisti unvonlariga sazovor bo‘lgan.

 

Tadbir davomida Yalla ansambli a’zolari — Javlon To‘xtayev, Abbos Aliyev, Temur Xalikov va Igor Xalikovning ham ko‘p yillik mehnati e’tirof etildi.

 

 

Prezident tomonidan imzolangan qaror va farmonlarga muvofiq:

 

– Toshkent shahridagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi;

– maktabda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli tashkil etiladi;

– yoshlar ijodiy laboratoriyasi va zamonaviy ovoz yozish studiyasi yo‘lga qo‘yiladi;

– “ustoz-shogird” an’analari asosida ijrochilik mahorati maktablari tashkil etiladi;

– iqtidorli o‘quvchilar xalqaro tanlovlarga yuborilib, rag‘batlantiriladi.

 

Tantanali marosim yakunida Farrux Zokirovga milliy san’at rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//