1-martdan qonunchilikda nimalar oʻzgardi?

Saqlash
08:25 / 02.03.2025 342 0

Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi

Harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun toʻlanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi

 

Ayrim bogʻchalarning pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi

Mazkur sanadan tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi

 

Kasbiy koʻnikmalar markazlarida yangi tajriba sinovdan oʻtkaziladi

“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari negizidagi kasbiy koʻnikmalar markazlarida amaliy kasbiy koʻnikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajriba joriy qilinadi

 

Yer qaʼridan foydalanish monitoringini amalga oshirish tartibi oʻzgaradi

Yer qaʼridan foydalanish boʻyicha masofaviy monitoring va risk-tahlil “Geomonitoring” axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali bajariladi

 

Musiqa madaniyati fani oʻqituvchilarining malakasi yangicha tizim orqali oshiriladi

Musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari uchun nazariya va amaliyot uygʻunlashtirilgan holda malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Bunda malaka oshirish taʼlim dasturining nazariy qismi A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar pedagogik mahorat markazlarida, amaliy (ijodiy) qismi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida tashkil etiladi va markazlarga ishga qabul qilinadigan musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari mehnatiga soatbay asosda ish haqi toʻlanadi.

 

Ayrim ota-onalarga farzandi uchun moddiy yordam beriladi

Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band boʻlgan yolgʻiz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida bir nafar farzandi uchun bola(lar) 3 yoshga toʻlgunigacha maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan BHMning bir yarim baravarigacha miqdorida moddiy yordam beriladi.

 

Bunda agar bolalar egizak boʻlsa, moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi.

 

Sudda ish yuritish taraflar kelishuvi sababli tugatilganda davlat boji qaytariladi

Qonunchilikka koʻra, sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga davlat bojini quyidagi miqdorlarda qaytarib berish tartibi joriy etiladi

 

🔹birinchi instansiya sudida — toʻlangan davlat bojining 70 foizi;

 

🔹apellyatsiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlar boʻyicha sudda — toʻlangan davlat bojining 30 foizi.

 

Uy-joy uchun subsidiya olishda arizalar qabuli 3-martdan boshlanadi

Hujjat bilan joriy yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlangan boʻlib, ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar soni oʻtgan yilgiga nisbatan 1,5 baravarga oshirildi hamda dastur doirasida 30 000 nafar talabgorlarga ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratiladi

 

Koʻp kvartirali uy-joylarni barpo etish tartibiga oʻzgartiiiirish kiriladi

1-martdan renovatsiya asosida koʻp kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etiladi

 

🔸renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan soʻng ruxsat beriladi;

 

🔸 mulkdorlarga, ularning xohishiga koʻra, quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi:

 

➖buzilayotgan turarjoy obyektlari oʻrniga ularning maydonidan kam boʻlmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida koʻchish, shu jumladan, boshqa turarjoy obyektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq qoplash;

 

➖buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymatini toʻliq qoplab berish;

 

➖renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etish.

 

Ayrim hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlab olinadi

2025-yil 1-martdan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi

 

Nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi

2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025-yil 1-oktyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Shuningdek, kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor kuchaytiriladi

 

Pensiyalar proaktiv shaklda tayinlanadi

60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar, shu kunning oʻzida “avtomatik” tarzda, yaʼni biror-bir turdagi hujjat talab etmagan holda tayinlanadi.

 

Bunda, shaxsga oid maʼlumotlar (fuqaroning yoshi, jinsi), ish staji, ish haqi (toʻlangan ijtimoiy soliq summasi) va oila tarkibi (turmush oʻrtogʻi va farzandlari) Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining elektron bazalaridan olinadi

 

Mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi taʼminlanganlik holati onlayn baholanadi

Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi taʼminlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi.

 

Shuningdek, aholini kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlash jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//