“Biz ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirganda, imkoniyati cheklangan yoshlarimizni ham unutmasligimiz lozim” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
17:21 / 01.06.2026 21 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Endilikda Yangi o‘quv yilidan boshlab, 326 ta musiqa va sanʼat maktabidagi o‘qituvchilarning oyligi ham umumtaʼlim maktablari bilan bir xil bo‘ladi.

 

Endi umumtaʼlim va musiqa maktabi o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘ularni qay darajada ijro etishiga qarab, 20 foizgacha ustama to‘lanadi.

 

Yangi o‘quv yilida kamida 1,5 million o‘quvchini musiqa va sanʼatga jalb qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun 326 ta musiqa va sanʼat, 29 ta ixtisoslashgan maktab bilan umumtaʼlim maktablari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

 

Musiqa va sanʼat maktablarining ijodiy jamoalari umumtaʼlim maktablarida muntazam konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslarini oʻtkazib borishi zarurligi qayd etildi.

 

Har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumtaʼlim maktablari o‘rtasida tuman, viloyat, respublika darajasida tanlovlar o‘tkaziladi. Ularning ijod mahsulini respublika bo‘yicha targ‘ib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari olish uchun 500 million so‘mdan grant beriladi.

 

Shuningdek, respublika tanlovi g‘oliblari madaniyat va sanʼat oliygohlariga o‘qishga qabul qilinadi.

 

“Mening niyatim – har bir xonadonga musiqa cholg‘usi kirib borsin, har bir o‘g‘il-qizimiz musiqa chalishni o‘rgansin. Chunki san’atni, musiqani sevgan bolaning qalbi toza, tafakkuri keng bo‘ladi”, dedi Prezident.



Mutasaddilarga har bir umumta’lim maktabida musiqa va san’at yo‘nalishida kamida 4 tadan to‘garak tashkil qilish topshirildi. Milliy cholg‘u sotib olgan to‘garaklarning 30 foiz xarajati qoplab beriladi.

 

“Biz ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirganda, imkoniyati cheklangan yoshlarimizni ham unutmasligimiz lozim”, dedi davlat rahbari.



Buning uchun yangi o‘quv yilidan hududlarda “Inklyuziv ijodiy ustaxonalar” tashkil qilinadi. Inklyuziv ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga darsliklar, ijod uchun zarur anjomlar xaridi uchun har yili 30 milliard so‘mdan ajratib boriladi.



Madaniyat va san’at sohalari uchun kadr tayyorlash o‘ziga xos ijodiy xususiyatlarga asoslanib tashkil etilishi kerak. Shu bois, yangi o‘quv yilidan ixtisoslashgan maktablarga o‘quvchilar musiqa yo‘nalishida 5-sinfdan, raqs, teatr, san’at bo‘yicha 9-sinfdan qabul qilinadi.



Kasbiy ta’lim agentligi tasarrufidagi “Musiqa va san’at”, “Estrada va sirk” texnikumlari Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularga oliy maktab maqomi beriladi.
 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//