“Nurillaboy” majmuasi hududida yoga mashg‘uloti o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi

Saqlash
09:42 / 02.06.2026 43 0

Madaniy meros agentligi Xiva shahridagi “Nurillaboy” tarixiy majmuasi hududida yoga mashg‘ulotlari o‘tkazilgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga aniqlik kiritdi.


Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-maydagi 297-son qaroriga muvofiq “Nurillaboy” tarixiy majmuasining bino-inshootlari “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” aksiyadorlik jamiyatiga ijara to‘lovining “nol” stavkasi bo‘yicha ijaraga berilgan. Hozirgi kunda esa “Nurillaboy” majmuasi muzey sifatida faoliyat yuritib kelmoqda va tashrif buyuruvchilarga belgilangan tartibda chipta asosida xizmat ko‘rsatilmoqda.

 

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda “Feruzxon maqbarasi” sifatida tilga olinayotgan joyda maqbara mavjud emas. Mazkur hudud tarixan Xiva xonlarining qabul marosimlari va rasmiy uchrashuvlari o‘tkazilgan (Isfandiyorxon) qabulxonasi hisoblanib, u ziyoratgoh yoki dafn joyi hisoblanmaydi. Yoga mashg‘ulotlari ham aynan ushbu hududda muzey ekspozitsiyasi va tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘lgan maydonda, belgilangan tartib asosida chipta orqali kirilgan holda tashkil etilgan.

 

“Nurillaboy” majmuasi Xivaning boy tarixiy va me’moriy merosining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu hududdan foydalanishda uning tarixiy qiyofasi, madaniy ahamiyati va muhitini saqlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, majmuada tashkil etiladigan barcha tadbirlar amaldagi tartib-qoidalar va milliy merosga hurmat tamoyillari asosida amalga oshirilishini ma’lum qilamiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//