Toshkentda Raqs saroyi quriladi, jamoat joylarida milliy kuy va qo‘shiqlar doimo yangrab turadi

Saqlash
14:32 / 01.06.2026 22 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvi boshlandi.

 

Endilikda har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at vakillari, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.



Ijodiy tashkilotlar, madaniyat va san’at muassasalariga boshqa hududdan kelib ishlayotgan soha vakillari ham ko‘p. Bugundan boshlab ularga uy-joy ijarasi uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so‘mgacha xarajatini qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.



Har yili faoliyatida yaxshi natijaga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi. Yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriylariga bepul yo‘llanma beriladi.



15-iyundan xalq artisti, xalq shoiri, xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvonga ega ijodkorlarning aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanishi ta’minlanadi.

 

Bundan tashqari, ashula va raqs ansambllarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab ulardagi barcha xodimlarning ish haqi 2 karra oshiriladi.



Raqs ustalariga pensiya uchun talab etiladigan raqs staji 20 yildan 15 yilga qisqartirilib, qolgan 5 yilini baletmeyster, repetitor va pedagog sifatida davom ettirishiga ruxsat beriladi.



Prezidentimiz Yangi Toshkentda qurilishi boshlangan Maqom markazi yonida zamonaviy va muhtasham Raqs saroyini barpo etishni taklif qildi. Mutasaddilarga raqs san’atini rivojlantirish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqish topshirildi.



Kompozitor va bastakorlar faoliyatini moliyalashtirish, ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi ham to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi qayd etildi.



Har yili ularga opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo‘yicha kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmasi berib boriladi.



Aeroport, vokzal, metro, park, yirik savdo-servis obyektlari, kafe va restoranlarda milliy kuy va qo‘shiqlarimiz doim yangrab turishi kerakligi ta’kidlandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//