Sergelidagi yongʻinni oʻchirishga 8 soatdan koʻproq vaqt ketdi

Saqlash
22:13 / 28.09.2023 2380 0

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Quruvchi” dahasida kuchli portlash sodir boʻlgan omborxonadagi yongʻinni oʻchirish ishlari 8 soat davom etdi. Bu haqda Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, soat 02:43 da yongʻin sodir boʻlgani toʻgʻrisida FVBga xabar tushgan. Yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari soat 02:48 da yongʻinga yetib borib, soat 05:02 da yongʻin qurshab olingan va soat 10:47 da batamom oʻchirilgan.

Yongʻinni oʻchirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib (jumladan, Mudofaa vazirligining vertolyoti) jalb qilingan. Dastlabki oʻrganish ishlariga koʻra, 15 ming kv.m omborxona maydonida yongʻin oʻchirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi, deyiladi xabarda.

Prezident topshirigʻiga koʻra, bosh vazir oʻrinbosari Achilbay Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Voqea joyiga bosh vazir Abdulla Aripov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahri hokimligi, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qoʻmitasi va boshqa idoralar rahbarlari yetib kelgan.

Ushbu vaziyat oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Jabrlanganlarning asosiy qismi salomatligi yaxshi boʻlganligi uchun ambulator tibbiy yordam koʻrsatilib, uyiga javob berilgan.

Hodisa oqibatida yongʻin yaqinidagi koʻp kvartirali uylarning birida boʻlgan 2006-yilda tugʻilgan 1 nafar fuqaro voqea joyida halok boʻlgan.

Portlash natijasida Sergeli tumanidagi 26 ta koʻp qavatli uydagi 592 ta xonadon hamda 8 ta xizmat koʻrsatish shoxobchasi, bitta maktab va 2 ta bogʻcha binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//