Sergelidagi portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni maʼlum qilindi

Saqlash
16:19 / 28.09.2023 1521 0

Sergeli tumani “Quruvchilar” dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli chaqnash oqibatida yongʻin sodir boʻlgani haqida xabar berilgandi.

Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, ushbu hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tugʻuruqxonasiga yotqizildi.

Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi boʻlganligi uchun ambulator tibbiy yordam koʻrsatilib, uyiga javob berilgan.

Hodisa oqibatida 2006-yilda tugʻilgan bir nafar oʻsmir bola voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari boʻlmagan holda olib kelingan.

“Ayni paytda yuqoridagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar orasida oʻta ogʻir tan jarohati olganlar yoʻq. Ularning salomatligi qoniqarli.

Bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun xirurg, travmatolog, neyroxirurg, nevropatolog, yuz-jagʻ jarrohi, akusher-ginekolog kabi respublikamizning eng yetakchi mutaxassislari jalb qilingan”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//