Sergelidagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
17:50 / 28.09.2023 1579 0

Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan omborxonada yuz bergan portlash va yongʻin yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 28-sentabr kuni soat 02:43 da Sergeli tumani, Xonobod koʻchasi 3-uy manzilida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kvadrat metr maydonda yongʻin kelib chiqqan.

Yongʻinning zarba toʻlqini natijasida omborxona atrofida joylashgan bir nechta koʻp qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast yetgan hamda fuqarolar jarohatlangan. Ayni vaqtda bir nafar 2006-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani maʼlum boʻlgan.

Jarohatlangan fuqarolarga tez-tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Hodisa tafsilotlarini oʻrganish boʻyicha hukumat komissiyasi tuzilgan.

Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tegishli idoralarning mutaxassislaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan boʻlib, yongʻin kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan hamda kechiktirib boʻlmaydigan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, ushbu hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tugʻuruqxonasiga yotqizilgan. Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi boʻlgani uchun ambulator tibbiy yordam koʻrsatilib, uyiga javob berilgan.

Hodisa oqibatida 2006-yilda tugʻilgan bir nafar oʻsmir bola voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari boʻlmagan holda olib kelingan.

Shuningdek, omborxonada yuz bergan portlash yuzasidan hukumat komissiyasi tuzildi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning maʼlum qilishicha hukumat komissiyasi Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga asosan Ochilboy Ramatov boshchiligida tuzildi.

Komissiya sodir boʻlgan favqulodda hodisani oʻrganish, koʻrilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha ish olib boradi. Komissiya tomonidan hududda olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berib boriladi.

Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurovning maʼlum qilishicha, yongʻindan jabr koʻrgan aholi doimiy nazoratga olingan. Ularga tibbiy xizmat koʻrsatish bilan birgalikda, 3 mahal ovqatlantirish tashkillashtirilgan. Salomatligini tiklash uchun hamshiralar biriktirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//