Andishaning oti qo‘rqoq emas – Shodmonqul Salomdan Sanjayga salom


Saqlash
23:06 / 10.06.2022 3234 5

Sanjay nomi bilan tanilgan qo‘shiqchining shoir Usmon Azim bilan bog‘liq mojarosini ko‘p qatori men ham eshitdim. Dastlab e’tibor qilganim yo‘q. Turli gap-so‘zlar bo‘laveradi, vaqti-soati bilan bosilib ketadi, degan vazmin to‘xtam bilan qaradim.

 

Voqeani hamma bilsa-da, bot bir eslatay: O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Baxshiyona” turkumida yozilgan, ulug‘ hofiz Sherali Jo‘rayev tomonidan maromiga yetkazib ijro etilgan “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini xonanda Sanjay she’r muallifidan ruxsat olmasdan o‘z yo‘sinida ijro qildi. Kuylaganda ham, milliy boylikka aylangan mazkur qo‘shiqni juda yomon aytib chiqdi. Bu ijro nafaqat qo‘shiq shinavandalarida, balki adabiyot ixlosmandlarida ham noxush taassurot uyg‘otdi. Va O‘zbekiston Mualliflar huquqini himoya qilish agentligi bu ishi uchun Sanjayni sudga berdi. Sud ham adolatli qaror chiqardi: Sanjayga jarima puli to‘lashni belgiladi.

 

Sanjay esa bu mablag‘ni milliy valyuta o‘zbek so‘mining tangalarida to‘lamoqchi ekanini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda maqsadini e’lon qildi.

 

Voqea shu! Go‘yoki, hammasi qonuniydek!

 

Biroq, farosati bor kishi sezadiki, Sanjay otasi tengi shoirni masxaralash yo‘lini tutmoqda. Imkoni bo‘lsa, da’vosidan voz kechishini istamoqda. Aks holda, bunday yo‘l tutmasdi.

 

Menga ta’sir qilgan narsa esa katta bir shoirning she’rini, mashhur qo‘shiqni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olib, tag‘in jarima pulini tangada to‘lashni ma’qul deb bilayotgan Sanjayning xalqqa, jamiyat kishilariga, ayniqsa endigina hayotga kirib kelayotgan yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilishini ko‘rib-bilib turib jim turganimizdir.

 

Axir, Usmon Azim degan nom adabiyotda paydo bo‘lganiga roppa-rosa yarim asr  bo‘ldi. O‘tgan davrda benazir iste’dod sohibi adabiyot xirmoniga o‘zining  katta ulushini qo‘shdi. Uning she’riyati millat ma’naviy iqlimini yangi yo‘lga burib yubordi. Uning adabiyotga bergan shiddatli turtkisi  ko‘plab iste’dodlarning maydonga chiqishida katta rol o‘ynadi. Usmon Azim yaratgan pyesalar necha o‘n yillarki, mana shu xalq farzandlari uchun ma’naviy mayoqdek xizmat qilib kelayotir. Ulug‘ vatandoshlarimiz Hakim at-Termiziy, Amir Temur, Cho‘lpon, Oybek, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev timsollarining qayta jonlanishi ma’naviy boylik bo‘lmay nima?

 

Dostoni bor xalq sifatida bizning ko‘ksimizni ko‘tarib turgan Alpomish obrazi aynan shu fidoyi insonning xizmati sababli qaytadan hayotimizga kirib keldi. Alpomishni, milliy g‘ururni qaytarib berdi bu shoir. Uning prozasi esa alohida mavzu.

 

Xullas,  atoqli bir shoirimiz, jahon she’riyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan so‘z ustasining she’rini bilganicha kuyga solib, bilganicha talqin qilib, yana tag‘in masxaralashga o‘tgan Sanjayga chora ko‘radigan tashkilotlar nega jim turganiga hayronman.

 

Mamlakat rahbari qariyb har bir chiqishida MA’NAVIYAT deya bong urayotgan, millat bolalarini ommaviy betamizlikdan asrab qolishga undayotgan bir paytda bu yuzsizlikni qanday baholash kerak?

 

Qonun hamma uchun barobar! Shunday bo‘lgach, Sanjayning milliy valyutaga hurmatsizligini ham, ma’naviy asoslarga qilgan hurmatsizligini ham qiyoslab o‘rganadigan, javobgarlikka tortadigan qonuniy bandlar nahotki bo‘lmasa...

 

Achinarlisi, Sanjayning xalq mulkiga aylangan qo‘shiqni tahqirlashga, uni yozgan katta ijod kishisi bilan bellashishga yo‘l qo‘yib berganimizdir. Bu holat bizning taraqqiyotimizdan darak bermasa kerak.

 

Andishaning nomini qo‘rqoqqa chiqarmaslik kerak. Ba’zilar Usmon aka Sanjayni sudga beribdi, deganda istehzo qilishdi: “Katta shoirga nega kerak bir qo‘shiqchi bilan talashib?” Menga esa bu hodisa Balzakning XIX asr fransuz yozuvchilariga maktubini eslatdi. Balzak shu xati sabab sudda yutib chiqqan va mualliflik huquqi degan qonuniy yorliqqa ega bo‘lgan edi. Bu yerda esa vaziyat sal boshqacha: Usmon Azim moddiy jihatdan boyib qolmoqchi emas, balki saviya, milliy did degan pulga sotib olib bo‘lmaydigan narsani himoya qilayapti. Vaholanki, qo‘shiqchiligimizning ajoyib durdonalariga aylangan yuzlab qo‘shiqlar muallifi bo‘lgan bu shoir biror marta san’atkorlar bilan sen-menga bormagan. Uning bor-yo‘q istagi yaxshi she’rning yomon ijrosining oldini olish! Qolgani sudga, adolatli huquq himoyachilariga havola.

 

Kim qanday qabul qiladi, bilmayman. Ammo millat o‘z ulug‘larini tanishi, e’zozlashi kerak. Aks holda, oliy maqsadlardan tobora uzoqlashib ketaveramiz. Ustoz shoirni, adabiyotimizning bugungi kundagi tirik bir xazinasini har ko‘ringan kimsa tahqirlashiga indamay qarab turish, bizning ma’naviy inqirozimizdir. Shuni unutmaylik!

 

Shodmonqul SALOM

5 Izohlar

Suyarova Dilrabo

06:01 / 01.01.1970

Maqolgiz juda yaxshi chiqibdi

Bibigul Nosirova

06:01 / 01.01.1970

Usmon Azim mening dilimdagilarni, oʻylantirgan fikrlarni, ichki olamimni qalamga olgandek tuyiladi. Sanjayni bir ikki marta tasodifan koʻrib qolganman. U qanday boʻlmasin oʻsha toʻlamoqchi boʻlayotgan tangalarichalik qiymatga ega emas Usmon Azim oldida. Umuman Usmon Azim nomi bilan qanday mavzu boʻlmasin birga tilga olinishga ham arzimaydi. Insof, diyonat, iymondan ayirmasin hech birimizni... Usmon Azim bilan koʻrishish, suhbat qurish orzum

Maqsuda

06:01 / 01.01.1970

Qonunlar ustuvor davlatda, sog'lom jamiyatda aslida bir muallifning o'z ijodiy ishi uchun haq so'rashi yoki uni himoyasi yo'lida kimnidir sudga berishi istehzo tugul hech qanday savol paydo bo'lishiga sabab bo'lishi kerak emas. Bu vaziyatga har xil baho berishimizning o'zi kulguli. Har bir ijodkor, muallif Usmon Azimday yo'l tutganda edi bugun mualliflik huquqi oyoq osti bo'lmasdi!

Aʼloxon

06:01 / 01.01.1970

Toʻgʻri fikrlar ! Va yana shuni aytib oʻtish kerakki shoirlarga ,yozuvchilarga eʼtiborni yana kuchaytirish kerak . Fikrimcha oʻzbek adabiyotida biroz toʻxtashlar kuzatilyapti . Bu albatta meni fikrim . Yani yangiliklarni koʻrmayapmiz , qachongacha türk adiblari kitoblarini tala-tala qilib oʻqiymiz . Oʻzbek adiblarini asarlari ham shunday qiziqish bilan oʻqishni hohlaymiz . Va adaiblarimizga ishonamiz ,shunday asarlar kutib qolamiz

Jahongir Yorqin

06:01 / 01.01.1970

Daryoga it tumshug‘ini tiqqan bilan suv rasvo bo‘lmagani kabi ulug‘ shoirimiz Usmon Azim doimgidek "Brend" bo‘lib qolaveradi. Sanjayga hisob raqam berish kerak, xohlagan uslubida to‘lov qilaversin.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 51
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19142
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15912
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi